Foto: Nasaf FK
Bugun, 5 noyabr kuni OFK kubogi finalida Qarshining «Nasaf» jamoasi safarda Bahraynning «Al Muharraq» klubiga qarshi saf tortadi. Ro‘ziqul Berdiyev jamoasi hal qiluvchi o‘yinda 10 yil avvalgi tarixni takrorlash imkoniyatiga ega. Final oldi o‘yin prevyusida jamoalarning ushbu bosqichga qadar qanday yetib kelgani, o‘yinchilarning transfer baholari va finalning «Nasaf» uchun qay daraja muhimligi haqida so‘z boradi.
VAR, Norchayev uchun sovrin va oltin medallar
Finaldan bir kun avval Muharraqdagi stadionda tashkiliy ishlar olib borilib, bahsga tayyorgarlik ko‘rildi. Stadionda VAR tizimi o‘rnatildi va turnirda ilk marta hakamlar bu tizimdan foydalanishi kutilmoqda.
Foto: Nasaf FK
Shuningdek, OFK kubogi to‘purari va g‘oliblariga topshiriladigan medal va sovrinlar ham tayyorlab qo‘yilgan. Qayd etish joiz, 7ta gol bilan musobaqaning eng yaxshi goleadori bo‘lib turgan «Nasaf» forvardi Husayn Norchayev katta ehtimol bilan eng yaxshi to‘purar sovriniga ega chiqadi. Sababi raqib jamoa safida to‘purarlar poygasida ishtirok etayotgan futbolchi yo‘q.
Bahrayndagi o‘yinga O‘zbekistondan kimlar bormagan?
«Nasaf» jamoasi 3 noyabr kuni Qarshidan charter reys bilan poytaxt Manamaga uchib bordi. Shu kuni jamoa a’zolaridan tashqari, O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov, PFL direktori Diyor Imomxo‘jayev va federatsiya rasmiylari Bahraynga jo‘nagan. 50 nafardan ortiq muxlislar, OAV vakillari ham Bahraynga yo‘l olishi rejalashtirilgandi. Ammo ushbu mamlakat viza bermagani uchun finalga faqat jamoa vakillari va rasmiylar yo‘l olgan.
Foto: Nasaf FK
Ushbu bahsda jarohati sababli Abduvohid Ne’matov va Husniddin Aliqulov qarshiliklarga yordam bera olmaydi.
«Nasaf» pley-offlar orqali, «Al Muharraq» Rashidov jamoasini mag‘lub etib, finalga chiqdi
Koronavirus pandemiyasi sababli yuzaga kelgan turli muammolar OFK kubogi formatiga ham ta’sir qildi. «Nasaf» guruh bosqichi g‘olibi sifatida dastlab Markaziy Osiyo mintaqasi finalida «Ahal»ni mag‘lub etgan bo‘lsa, so‘ng mintaqalararo yarimfinali doirasida «Mohun Bagan»dan ustun keldi va mintaqalararo finalda «Li Man»ni yutib, turnir finaliga chiqdi. E’tiborlisi, «Al Muharraq» shu kungacha o‘zbek klublariga qarshi hali maydonga tushmagan.
Bahrayning «Al Muharraq» klubi esa «Al Ansor» (Livan), «As-Salt» (Iordaniya) va «Markaz Balata» (Falastin) jamoalari joy olgan «V» guruhida 3 o‘yinda 6 ochko jamg‘arib, 1-o‘rin bilan pley-offga chiqdi. Mintaqalararo yarimfinali doirasida «Al Muharraq» Livanning «Al Ahad» jamoasini turnirdan chiqarib (3:0) yuborgan bo‘lsa, mintaqalararo finalda Sardor Rashidov faoliyat olib borayotgan «Kuvayt SK» jamoasi ustidan 2:0 hisobida ustun kelib OFK kubogi finaliga yo‘llanma oldi.
«Nasaf»ning turnirdagi so‘nggi o‘yinlari:
Pley-off. «Nasaf» - «Ahal» (Turkmaniston) – 3:2
Pley-off. «Nasaf» - «Mohun Bagan» (Hindiston) – 6:0
Yarimfinal. «Nasaf» - «Li Man» (Hongkong) – 3:2
«Al Muharraq»ning turnirdagi so‘nggi o‘yinlari:
Pley-off. «Al Muharraq» - «Al Ahad» (Livan) – 3:0
Yarimfinal. «Al Muharraq» - «Kuvayt SK» (Kuvayt) – 2:0
«Nasaf»dan 4 baravar arzon jamoa
Transfermarkt portali har ikki jamoaning transfer baholarini keltirgan. «Nasaf» ayni pallada raqibidan nafaqat natija yoki o‘yin jihatdan, balki umumiy qiymati bo‘yicha ham qariyb 4 baravar qimmat. Turnirda O‘zbekiston sharafini himoya qilayotgan jamoaning umumiy transfer bahosi 7,13 million yevroga baholangan bo‘lsa, «Al Muharraq»ning umumiy tarkibi ancha arzon – 1,78 million yevroga narxlangan.
Foto: Tribuna.uz
Qarshiliklar safidagi eng qimmat futbolchilar mahalliy o‘yinchilar bo‘lsa, «Al Muharraq» tarkibidagi qimmatbaho o‘yinchilar legionerlardir. Ro‘ziqul Berdiyev qo‘l ostidagi milliy jamoaga nomzod o‘yinchilar – Eshmurodov, Ne’matov, Bozorov «Nasaf»ning eng qimmat o‘yinchilari bo‘lishsa, raqib safida Iordaniya, Bahrayn va braziliyalik o‘yinchilar nisbatan qimmatroq.
«Nasaf» eng qimmat 3 futbolchisi:
Umar Eshmurodov – 600 ming yevro
Abduvohid Ne’matov – 600 ming yevro
Oybek Bozorov – 500 ming yevro
«Al Muharraq»ning eng qimmat 3 futbolchisi:
Nur Ar-Rajabdeh (Iordaniya) – 325 ming yevro
Volid Al Hayom (Bahrayn) – 250 ming yevro
Flavio Karioka (Braziliya) – 200 ming yevro
1,5 million dollarlik final
OFK kubogi reglamentiga binoan, Qarshi jamoasi hozirgi bosqichgacha yetib kelib 750 ming AQSH dollarini naqd qilgan.
Foto: Nasaf FK
Bugun turnir finalida «Nasaf» «Al Muharraq»ni mag‘lub etib, bosh sovringa ega chiqsa, OFK tomonidan musobaqa g‘olibi uchun ajratilgan 1,5 million AQSH dollari miqdoridagi pul mukofoti Qarshi klubi hisob raqamiga o‘tkazib beriladi. Taqqoslash uchun, hozirgi kursdagi 16 milliard so‘mdan ortiq ushbu mablag‘ – «Nasaf» jamoasining qariyb bir yillik budjetiga teng mablag‘dir.
Finalni koreyalik hakamlar boshqaradi
OFK Bahraynda o‘tadigan final bahsini koreyalik hakamlar brigadasiga ishonib topshirdi.
Unga ko‘ra, Ko Xyong Jin bosh hakam sifatida ishlasa, unga qanotlarda Yun Jae Yeol va Park Sang Jun yordam beradi. Ushbu bahsda turnirda ilk marta VAR tizimidan foydalanish rejalashtirilgan.
«Nasaf» turnirda 10 yildan buyon mag‘lub bo‘lmayapti
Qarshi jamoasi OFK kubogi joriy mavsumida faqat g‘alaba qozonmoqda. «Nasaf» ushbu turnirda so‘nggi marta 2011 yilgi mavsumda Tailandning «Chonburi» klubiga o‘yinning asosiy vaqtida mag‘lub bo‘lgan (0:1) va dastlabki uchrashuvda xuddi shu hisobda yutgani bois, penaltilar seriyasida raqibdan ustun kelgan. Yakunda esa «ajdarlar» turnir g‘olibiga aylanishgan edi. 10 yil o‘tib, «Nasaf» o‘sha sovrinni yana O‘zbekistonga qaytarish uchun yaxshi imkoniyatga ega. Bu borada Ro‘ziqul Berdiyev murabbiyligidagi jamoaga omad va zafarlar tilab qolamiz.
Foto: Tribuna.uz
Anons. OFK kubogi-2021. Final
5 noyabr (juma). Bahrayn, «Muharraq» stadioni.
«Al Muharraq» (Bahrayn) - «Nasaf» (O‘zbekiston)
Hakam: Ko Xyong Jin (Janubiy Koreya).
O‘yin boshlanish vaqti: 21:00
TV-translyatsiya: FutbolTV.
Usmon Ibodov
“Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Boku shahriga bordi
O‘zbekistonlik MMAchilar jahon chempionatida birinchi o‘rinni egallashdi
Olimpiada g‘oliblarini tayyorlagan toshkentlik o‘qituvchi 1 milliard so‘m mukofot puli oldi
AQSH Registon maydoni arxitekturasini saqlab qolish uchun 500 ming dollar ajratdi
Turkiya klubi sobiq prezidenti hakamga hujum qilgani uchun qamoq jazosiga hukm qilindi