“Paxtakor” O‘zbekistonning 14 karra chempioniga aylandi. Kutilganidek, bu yil ham klub chempionlik kamarini o‘zida munosib himoya qila oldi va muddatidan avval chempionlikni rasmiylashtirib qo‘ydi.
Shu bois jamoa endi bemalol yangi mavsum uchun rejalar ustida bosh qotiryapti. Bu borada klub sport direktori Ja’far Irismetov bilan muloqot ayni muddao bo‘lardi.
Shuni inobatga olgan Sports.uz muxbiri ayni paytda Turkiyaning Antaliya shahrida bo‘lib turgan mutaxassis bilan bog‘landi. Irismetov avvalo bu yilgi chempionlik haqida gapirdi.
- 15 ochkoga o‘tib ketganimizda endi chempion bo‘ldik deb o‘ylagandim, - deya gap boshladi, Ja’far Irismetov. - Lekin ungaqa emas ekan. Ketma-ket safarda uch marta yutqazib qo‘yganimiz ancha bilindi. Chempion bo‘lish oson, uni ushlab qolish qiyin deyishadi. Baribir bu yil qiyinroq bo‘ldi. Birinchi davrada hammadan 9 ochkoga o‘tib ketganimiz foyda berdi. Ikkinchi davrada muammolarimiz yaqqol ko‘rindi. Tarkibimizni yanada kuchaytirishimiz kerakligi bilinib qoldi. Yana chempion bo‘lishni xohlasak, keyingi yili tarkibimizni yanada kuchaytirishimiz kerak, deb o‘ylayman. Krimes jarohat oldi va yana ayrim yigitlar qizil kartochka olganida ularning o‘rnini munosib bosadigan futbolchilarga qiynaldik. Ha, yoshlar bor, ammo ularni hali barqaror o‘ynashiga vaqt kerak.
“Paxtakor”ning “Surxon”ga qarshi o‘yinidan keyin chempionlik bayrami keng nishonlandi. Toshkent shahar hokimi, klubga bevosita bosh-qosh bo‘lib kelayotgan Jahongir Ortiqxo‘jayev so‘zga chiqib, kelasi yili jamoani yoshartirish ishlari olib borilishini alohida ta’kidladi. Chindan ham shunday bo‘ladimi? Sport direktori javob berdi:
- To‘g‘ri, Jahongir Obidovich tarkibni yoshartiramiz dedi. Bu yil ham ko‘rgan bo‘lsangiz, ancha yoshlarni qo‘shdik, tarkibga. Avlodlar almashinuvini asta-sekin bajaramiz. Birdaniga hammani yoshartirib yuborish ham noto‘g‘ri bo‘ladi. Mavsum oxirida ayrim o‘yinchilarimiz bilan xayrlashamiz. Yoshartiramiz deganda jamoani 100 foizga yoshartirib yubormaymiz. Albatta, Jahongir Obidovich nima desalar, shunga qarab ish tutamiz. Ammo futbolda birdan yoshartirib yuborish yaxshi natijaga olib kelmaydi. Bizda yaxshi-yaxshi yoshlarimiz bor. Bundan ham kuchli “Paxtakor”ni shakllantirishga harakat qilamiz. 2-3 yil ichida yosh va zo‘r jamoani ko‘ramiz. Hozir ham jamoamiz yaxshi. Har bir futbolchilar tanlab olingan. Endi yoshlarni qo‘shib kuchliroq jamoa tuzishga vaqt keldi.
Bosh murabbiy masalasi ham bizni qiziqtirayotgani rost. Klub Piter Xyuistra bilan kelasi yilga ham hamkorlikni davom ettiradimi yoki...
- Xyuistra masalasida rahbariyat nima desa shu. Umuman olganda, Piter yomon ishlagani yo‘q. U yog‘i rahbariyatga bog‘liq, - deydi Irismetov.
Tarkibda yana biroz o‘zgarishlar bo‘lishi katta ehtimol. “Paxtakor” seleksiyada qanday ishlarni olib borishi barchamiz uchun qiziq. Yetakchilar, aytaylik, Dragan Cheran saqlab qolinadimi? Bu borada sport direktori quyidagicha munosabat bildirdi.
- O‘ynab turgan futbolchilardan unisi yoki bunisi ketadi, deb aytish noto‘g‘ri. Mavsum tugayversin-chi, hozircha kim ketishi aniq emas. Masalan, Cheran bilan yana bir yillik shartnomamiz bor. U katta ehtimol bilan jamoada qoladi. Boshqalarga kelsak, yilni oxirida ko‘ramiz. Barcha o‘yinchilar bilan birma-bir suhbatlashamiz. Keyin barcha masalaga oydinlik kiritamiz. Murabbiyga ko‘p narsa bog‘liq. Ya’ni, u kimni xohlaydi, bu ham muhim. Shu bois birinchi o‘rinda murabbiy bilan shartnoma imzolash kerak. Undan keyin futbolchilar bo‘yicha gaplashsa bo‘ladi. Sport direktori sifatida aytishim mumkinki, yoshlarimiz bilan shartnomalarni yangilab qo‘yyapmiz. Shartnomasi tugayotgan futbolchilar bilan murabbiyni aniqlashtirganimizdan keyin gaplashamiz.
Jahongir Obidovich ko‘proq akademiyamizdagi bolalarga tayanamiz deb aytib o‘tdi. Menimcha, boshqa klublardan o‘yinchilarni olmasak kerak. Baribir har qanday holatda ham ikki-uchta tajribaliroq futbolchilar kerak bo‘ladi. Bu borada muzokaralar olib boryapmiz. Balki o‘sha yigitlarni keyingi yil “Paxtakor”da ko‘rishimiz mumkin. 70-80 foiz akademiyamiz tarbiyalanuvchilariga tayangan holda ishlaymiz. O‘ylashimcha, zaxiramiz yomon emas. Bu yil o‘rinbosarlardan chiqqan yoshlarimiz ancha o‘sdi. Bizdagi tayyor yoshlarning ko‘pi “Olimpik” jamoasiga o‘tib ketishgan. Bu yil ko‘p yaxshi yoshlarimiz chiqdi. Ularni nomma-nom aytsam, ertaga xaridorlari ko‘payib ketishi mumkin. Strategiyamiz shunday bo‘lyaptiki, ko‘proq akademiyadagi yigitlarga e’tiborni oshiramiz va kelajakda “Paxtakor”ning asosiy tarkibidagi 90 foiz futbolchilar o‘zimizdan chiqqan yoshlar bo‘lishi kerak. Top-futbolchilarni olib, akademiyamizdagi o‘yinchilarga ko‘proq tayangan holda ish ko‘rmoqchimiz.
“Paxtakor”da 4,5 – 5 yildan beri ishlayotgan bo‘lsam, o‘tgan vaqt davomida katta yutuqlarga erishdik. Klub har taraflama o‘sdi. “Paxtakor”ni O‘zbekistonning yuzi va faxri desa ham bo‘ladi. Klub har doim terma jamoalarga o‘yinchilarni yetkazib bergan. Asosiy maqsadimiz ham shu. Hozirdanoq butun tarkibni faqatgina akademiya tarbiyalanuvchilaridan tuzish ham qiyin. Boya aytganimdek, baribir tajribaliroq o‘yinchilar olinadi. Kelasi yili yoshroq “Paxtakor”ni ko‘ramiz. Jamoamizni qo‘llab-quvvatlab kelayotgan muxlislarimizga katta rahmat. Ularni bizga ancha yordami tegdi. Futbolni ishqibozlar uchun o‘ynaymiz. Xudo xohlasa, keyingi yili ham muxlislarimizni uyaltirmaymiz.
Shu bilan birga klub yangi mavsum uchun tayyorgarlik rejalarini ham ishlab chiqyapti. Maqolamiz avvalida Irismetovni Antaliyada ekanligiga bejizga to‘xtalmadik. Qolganini o‘zidan eshitamiz.
- Ayni paytda xorij safaridaman. Texnik direktorimiz Sobir aka Xodiyev bilan bir oy oldin Dubayga borib kelgandik. U yerda o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlari uchun joy gaplashib keldik. Endi esa Turkiyaning Antaliya shahridamiz. Bu yerda ham sharoitlar bilan tanishish, kimlar bilan o‘ynaymiz, qayerda shug‘ullanamiz, shu kabi masalalarni hal qilgani keldik. Xudo xohlasa, yangi mavsumda xorijda yig‘in o‘tkazish niyatimiz bor.
Shuhratbek Jo‘rayev
“Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Sirdaryoda YTH sodir etgan haydovchidan pul olgan YPX xodimi qamaldi
Revanshda g‘alaba qozonish uchun Tayson Fyuriga nima kerak?