Superliga yakun topishiga yana ikkita tur qoldi. Oldimizda turgan o‘sha ikkita tur hammasini uzil-kesil hal qilib beradi. Ayniqsa, ikkinchi va uchinchi o‘rin egalari hali noma’lum va bu boradagi kurashni tasavvur qilayotgandirsiz. Xuddi shuningdek, ligada qolish uchun kurash ham o‘ta keskin va murosasiz kechyapti.
Turning markaziy o‘yini sifatida “So‘g‘diyona” va “Nasaf” o‘rtasida o‘tadigan uchrashuvni aytish mumkin. Medallar uchun kurashayotgan klublar ishtirokidagi bahsni ko‘pchilik kuzatsa kerak.
Bu turda Andijonda vodiy derbisi ham bo‘lib o‘tadi. “Navbahor”ga qarshi bahs andijonliklar uchun o‘ta muhim. G‘alabadan boshqa hech nima mezbonlarni qoniqtirmasligi kundek ravshan.
Shanba va yakshanba kunlari bo‘lib o‘tadigan bellashuvlar borasida O‘FA terma jamoalar bo‘limi boshlig‘i Usmon Toshev o‘z qarashlarini aytib o‘tdi.
20 noyabr (shanba)
“Qo‘qon-1912” – AGMK
- Bilasizmi, AGMK jamoasi hozir ikkinchi o‘ringa harakat qilyapti. “Qo‘qon-1912”ning maqsadiga kelsak, ular o‘z maydonida o‘ynaydi. Baribir bu prinsipial o‘yin bo‘ladi. Qolaversa, o‘z uyidagi oxirgi uchrashuv. Shuning uchun o‘ylaymanki, maydonda qattiq jang kechadi. Lekin nimagadir AGMK g‘alaba qozonadi, deb o‘ylayabman. Ya’ni, mehmonlarning imkoniyati ko‘proq. Chunki AGMK klubida motivatsiya bor-da. “Qo‘qon-1912” jamoasi 8-o‘rinda, ular o‘ta yuqoriga chiqib keta olmaydi. Olmaliqliklarga esa faqat g‘alaba kerak. Mana shu jihat AGMKga yordam berishi mumkin. Ammo qo‘qonliklar g‘alabani oddiygina topshirib qo‘ymaydi. Axir ular o‘z maydonida o‘ynaydi. Jiddiy qarshilik ko‘rsatadi. Imkoniyatlar 40x60.
“Lokomotiv” – “Paxtakor”
- O‘ylashimcha, “Paxtakor”da g‘alaba uchun imkoniyat ko‘proq. Agar foiz bo‘yicha aytadigan bo‘lsam, 45x55 degan bo‘lardim. To‘g‘ri, “Paxtakor” chempionlikni qo‘lga kiritib bo‘lgan, shunga qaramay, ularda imkoniyat bor. “Lokomotiv”ga nima uchun qiyin? Ular ham o‘ynaydi, harakat qiladi. Baribir kichik ustunlik “Paxtakor” tarafida.
“So‘g‘diyona” – “Nasaf”
- Ooo, mana bu o‘yin qiziq bo‘ladi. Maydonda qattiq kurash kechadi. Yaqinda ushbu jamoalar Jizzaxda o‘ynadilar va unda “So‘g‘diyona” yutqazdi. Eshitishimcha, bu uchrashuv tomoshabinlarsiz o‘tarkan-a? Rosti, nima deyishni ham bilmayman. Bu yerda ham ikkinchi o‘rin uchun ikkita jamoa kurashyapti. Shubhasiz, Jizzaxda qattiq o‘yin bo‘ladi. Nazarimda, klublarning imkoniyatlari teng – 50x50. Chunki kurash juda qattiq bo‘ladi. Chindan ham stadionda muxlislar bo‘lmasa, u holda “Nasaf”ga osonroq bo‘ladi, bosim bo‘lmaydi. Jizzaxliklar o‘z uyida mezbon, yutishga majbur, o‘tgan safar mag‘lubiyatga uchraganlar. Albatta, ushbu juftlikda g‘olib nomini bitta gol hal qiladi deb o‘ylayman.
“Bunyodkor” – “Surxon”
- O‘ylaymanki, jamoalarning imkoniyati borasida 60x40 “Bunyodkor” foydasiga. Chunki bu jamoa o‘z maydonida o‘ynayapti. Rostini aytsam, men “Surxon”ni va uning o‘yinchilarini yaxshi bilmayman. “Bunyodkor”ni esa yaxshiroq bilaman. Nazarimda, maydon egalari g‘alaba qozonadi. Ularda tajriba bor, buning ustiga o‘z uyida o‘ynaydi.
21 noyabr (yakshanba)
“Andijon” – “Navbahor”
- Bu yerda ham qattiq o‘yin bo‘ladi. “Andijon” Superligada qolmoqchi. “Navbahor” esa menimcha o‘rta pog‘onalarda qoldi. Bu juftlikka ham minimum durang beraman. Chunki “Andijon”ning oxirgi o‘yinlarini kuzatyapman va eshityapmanki, Viktor Kumikov yaxshi murabbiy. U qattiqqo‘l va o‘z ishini yaxshi biladi. Jamoa o‘yini yaxshi chiqyapti. Faqat ayrim paytlarda omad yuz o‘giryapti. Ammo nazarimda, vodiy derbisida ular omad haqida ham o‘ylaydilar. “Andijon” kamida durang o‘ynaydi.
“Mash’al” – “Qizilqum”
- Mening o‘ylashimcha, bu uchrashuvda “Mash’al” g‘alaba qozonadi. Sababi shuki, mezbonlar ham ligada qolish uchun kurashyapti. Lekin “Qizilqum” ham qarab turmaydi. Ular ham g‘alaba uchun kurashadi. Bu jamoada mahoratli futbolchilar to‘p surishadi. “Mash’al” esa o‘z uyida yaxshi o‘ynaydi va iqtidorli yoshlari bor. Jamoaning o‘z xarakteri va yo‘nalishi mavjud.
“Metallurg” – “Turon”
- “Turon”da nazariy jihatdan ligada qolish uchun imkoniyat bor. “Metallurg” uchun bu oxirgi imkoniyat. Shuning uchun Bekobod jamoasi o‘z maydonidagi bu imkoniyatni qo‘ldan chiqarmasa kerak. Ammo “Turon” ham harakat qilishi aniq. Menimcha, bu turda oddiy o‘yinlar yo‘q, hammasi qiziqarli bo‘ladi. Masalan, bir jamoa vazifasini hal qilib qo‘ygan bo‘lsa, ikkinchisiga albatta g‘alaba zarur. Ikkinchi o‘rin uchun uchta, Superligada qolish uchun esa to‘rtta jamoa kurashyapti.
Shuhratbek Jo‘rayev
“Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Isroil HAMAS va “Hizbulloh” raketalarini lazer quroli bilan urib tushirmoqchi. U qanday ishlaydi?
Qozog‘istonda yana 1 mlrd dollar noqonuniy aktivlar davlatga qaytarildi