Superligada oxirgi tur. Deyarli ko‘p masala hal qilinib bo‘lgan-a? Chempion nomi aniq, Superligani tark etgan klublar aniq. Yana nimasi qiziq? Faqat “Paxtakor”dan keyin ikkinchi va uchinchi o‘rin egalari hali noma’lum. Shu bois AGMK – “So‘g‘diyona” o‘yini chinakam finalga aylanadi.
“Nasaf”ning “Lokomotiv”ga qarshi o‘yini ham e’tibor markazida bo‘ladi. Barcha o‘yinlar 15:00 da boshlanadi. Sobiq futbolchi, ayni paytda “Navbahor” futbol maktabi direktori sifatida ishlab kelayotgan Sanjar Asqaraliyev tur oldidan quyidagilarni aytdi.
“Bunyodkor” –“Paxtakor”
- Mening nazarimda bu o‘yin durang bo‘ladi. “Paxtakor” hozir yaxshi sport formasida. “Bunyodkor” ham osonlikcha yutqazib qo‘ymaydi. Boz ustiga ular o‘z maydonida o‘ynaydi. Shularni hisobga olib, jamoalarning kuchi teng keladi deb o‘ylayabman. Imkoniyatlari 50x50. Bundan oldin ikkala klub O‘zbekiston Kubogi yarim finalida uchrashishdi. Ko‘rdingiz, o‘sha o‘yinda ham 90 daqiqa durang bo‘ldi. “Bunyodkor” ham, “Paxtakor” ham yaxshi jamoalar. Ular albatta g‘alaba uchun kurashishadi. Ammo klublar birinchi navbatda darvozasi daxlsizligini saqlashga harakat qilishadi.
“Surxon” – “Mash’al”
- “Surxon” “Mash’al”ni 1:0 ga yutadi. Nima deganda, “Surxon” oxirgi uchrashuvlarda yaxshi o‘yinlar ko‘rsatyapti. Buning ustiga termizliklar o‘z maydonida to‘p suradi. Oxirgi turda muxlislari ko‘z o‘ngida o‘ynab, g‘alaba uchun kurashadi. Shu sababdan maydon egalarida imkoniyat ko‘proq. “Mash’al”ga qiyin bo‘ladi. Baribir “Surxon” o‘z uyida oxirgi o‘yinini o‘tkazadi va eshikni yaxshi yopib ketay deydi-da!
“Qizilqum” – “Metallurg”
- Mening fikrimcha, bu uchrashuvda “Qizilqum” yutishi kerak. Bu jamoa ayniqsa, ikkinchi davrada ko‘p ochkolarni yo‘qotdi. Oxirgi turda hech bo‘lmaganda “Metallurg”ni yutish orqali biroz yuqoriga ko‘tarilishga harakat qiladi. Navoiylik ishqibozlarni g‘alaba bilan xursand qilishsa kerak. Ushbu uchrashuvda ko‘proq “Qizilqum”ning yutishiga ishonyapman. “Metallurg”ni ko‘rdingiz, chempionatni bir tekisda o‘tkaza olmadi. Hatto, Superligadan tushib ketishiga bir bahya qoldi.
“Navbahor” – “Qo‘qon-1912”
- “Navbahor” jamoasi hozirda o‘yinini topib olgan. Qolaversa, bu oxirgi uchrashuv. Kecha viloyat hokimi ham kelib ketdi. “Navbahor” o‘z uyida yutadi deb o‘ylayman. Oxirgi o‘yinda ishqibozlariga g‘alabani tuhfa qilishmoqchi. Samvel Babayan boshchiligidagi klub kelasi yilga yaxshi jamoa shakllantirish niyatida va ular “Qo‘qon-1912”ni yutishsa kerak. Derbida mehmonlarga qiiyn bo‘ladi. Hisobga kelsak, menimcha, 1:0 yoki 2:1 bo‘ladi. Yirik hisob bo‘lmaydi.
AGMK – “So‘g‘diyona”
- Bu yaxshi o‘yin bo‘ladi. Adashmasam, AGMK “So‘g‘diyona”ni yuta olmayotgan ekan, ular bu an’anani buzish uchun g‘alabaga harakat qilishadi. Mirjalol Qosimov jamoasi agar o‘tgan safargi o‘yinini ko‘rsata olsa yutadi. Mening o‘ylashimcha ham mezbonlarda imkoniyat ko‘proq. To‘g‘ri, “So‘g‘diyona”ga ham uch ochko juda muhim. Agar g‘alaba qozonmasa medallardan quruq qoladi. AGMK mag‘lubiyatga uchrasa pastga tushib ketishi mumkin. Balki bunday jiddiy qarama-qarshilikda durang ham bo‘lishi mumkin.
“Nasaf” – “Lokomotiv”
- “Nasaf”ni oxirgi o‘yinlarini ko‘rdik, baribir Ro‘ziqul Berdiyevda yaxshi jamoa bor. “Lokomotiv”ga kelsak, oxirgi uchrashuvlarda yutqazganidan keyin bosh murabbiyi ham ketdi. Jamoa o‘yinida pasayish kuzatildi. “Nasaf” o‘z uyida “Lokomotiv”ga imkoniyat qoldirmasa kerak. Shu sababli qarshiliklarning g‘alabasini taxmin qilyapman. Menimcha, 2:0 hisobi bo‘lsa kerak. “Nasaf” ham kumush medal uchun kurashyapti. O‘z maydonidagi bellashuvni qo‘ldan chiqarib yubormaslik uchun ham qattiq harakat qiladi.
“Turon” – “Andijon”
- Ikkala klub ham Superligadan tushib ketdi. “Turon” ham, “Andijon” ham o‘yin bo‘yicha yaxshi holatda emas. “Turon” o‘z maydonida muxlislari va xo‘jayinlari oldida o‘ynab g‘alaba qozonsa kerak, menimcha. “Andijon” jamoasi o‘tgan safar rosa kuch sarflagani uchun ham ularda pasayish bor-da. Bu befoyda o‘yin bo‘ladi. Agar bu kim yutsa qoladigan o‘yin bo‘lganida unda boshqacha bo‘lardi. Ammo endi kerakmas o‘yin deb hisoblayman. Ikkala jamoa ham maydonga nomiga chiqadi. Faqat “Turon”da biroz ustunlik bor. Bu muxlislari oldida o‘ynashi bilan bog‘liq.
Shuhratbek Jo‘rayev
“Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Kreml Ukraina bo‘yicha muzokarada shartlar qo‘yishga urinmoqda