Chempionatda “Paxtakor”ga va Dragan Cheranga teng keladigani topilmayapti. Klub yana chempion, Cheran esa yana to‘purar! Serbiyalik legioner ketma-ket uchinchi bor hammadan ko‘p gol uryapti.
2019 yili 23 ta, o‘tgan yili 20 va bu yil 16 ta gol bilan to‘purarlikka sazovor bo‘ldi. Shubhasiz, boshqalar uchun namuna sifatida ko‘rsatsa arziydigan legioner.
“Paxtakor”da uning o‘rni qanchalik kattaligini barcha biladi. Hozirda Serbiyada xordiq chiqarayotgan futbolchi kuni kecha intervyu berdi.
- Dragan, ketma-ket uchinchi yil eng yaxshi to‘purar bo‘ldingiz. Bu bilan sizni tabriklayman. Nazarimda, to‘purar bo‘lish har safar sizning bosh vazifangiz bo‘lsa kerak-a?
- Salom, iliq tabrik uchun rahmat. Menda hech qachon indiviual maqsadlar bo‘lmagan. Jamoaga qo‘limdan kelgan yordamni qilish uchun doim bor kuchim bilan o‘ynayman xolos. So‘nggi uch yil davomida jamoa yo‘lga qo‘ygan o‘ziga xos o‘yin tufayli mana shunday ko‘rsatkichlarga erishib kelayotganimdan xursandman. Siz meni oxirgi uch yilda jamoadagi eng yaxshi futbolchi deya e’tirof qilmoqdasiz. Lekin shuni ham unutmangki, klubda mendan boshqa o‘yinchilar ham bor. Agar ular bo‘lmaganida bunday natijalar ham bo‘lmasdi.
- O‘zbekistonlik hujumchilar to‘purarlikda sizdan o‘tib keta olmayaptilar. Rostini ayting-chi, bizda zo‘r hujumchilar kammi?
- Bu boradagi savolingizga qo‘shilmagan bo‘lardim. Zero, O‘zbekistonda ham yaxshi saviyadagi hujumchilar yetarli darajada topiladi. Biroq muammo shundaki, har mavsumda mana shunday ijrochilar orasida yarq etib porlaydiganlar kam. Ustiga-ustak ular yuqori darajani bardavom ushlab tura olmaydilar. Shu asosiy muammo bo‘lsa kerak. Yana shuni qo‘shimcha qilishim kerakki, asosan birinchi planga yosh emas, balki faxriy hujumchilar olib chiqiladi. Jumladan, Temurxo‘ja Abduholiqov va Marta Bikmayev (to‘g‘ri, o‘tgan mavsumda u ko‘p o‘ynamadi) kabi faxriy hujumchilar doim kuchli uchlikdan joy olib kelishadi. Shunday ijrochilarsiz ham o‘ynab bo‘lmaydi (kuladi).
- Kubok finalida “Paxtakor” “Nasaf”ga nima uchun yutqazdi, deb o‘ylaysiz? Holbuki, raqib bir kishi kam bo‘lib qolgandi...
- Ha, men o‘yinni chetdan tomosha qildim. G‘alaba qozonishimiz uchun hammasi o‘z qo‘limizdagidek ko‘ringandi. Ammo o‘yinni ancha bo‘sh o‘tkazdik, hujumda tajovuzkorlik ko‘rsatmadik. Shu ham yakunda mag‘lubiyatga uchrashimizga olib keldi. Bu mag‘lubiyatni o‘zini bo‘shashtirish yoki charchoq alomatlari sezilib qolishi bilan bog‘lash-bog‘lamaslikni ham bilmasdan turibman. O‘z navbatida “Nasaf” o‘yinni himoyaga tayangan holda tashkil etib, gol kiritish uchun payt poyladi. Qarshiliklarning mana shunday urinishlari o‘z samarasini berdi. Bu bilan ularni tabriklab qolaman.
- Keyingi rejangiz biz uchun qiziq. Faoliyatingizni “Paxtakor”da davom ettirasizmi? O‘ylashimcha, amaldagi shartnomangiz bor-a?
- Hali mening “Paxtakor” bilan tuzgan shartnomamda yana bir yil bor. Shunday ekan, kelgusi mavsumda to‘rtinchi marta chempionatning eng yaxshi to‘purariga aylanishim uchun qanday harakat qilishimni kutib qolishingizni so‘rayman.
- Xizmatingizga “Nasaf” qiziqayotgani qanchalik haqiqat? Imkoni bo‘lsa, sobiq klubingizga qaytarmidingiz?
- Hozircha men “Paxtakor” o‘yinchisiman. Lekin boshqa klublarning xizmatimga ko‘z tikayotgani ham xursand qilmasdan qolmaydi. Vaziyat shunday yuz berdiki, “Nasaf”da bir-biridan ajoyib ikki mavsumni o‘tkazganman. Qolaversa, mening bosh murabbiy bilan munosabatim a’lo darajada bo‘lgan. Hozir “Nasaf”ga qaytishim mumkinligi haqidagi gap-so‘zlar reallikka to‘g‘ri kelmasa kerak.
- Piter Xyuistraning Shota Arveladzedan farqi nimada? Eshitishimcha, Piter biroz yumshoqroq murabbiy ekan, shu rostmi?
- Ikkala murabbiy ham “Paxtakor”dagi holat uchun javobgarlikni birdek his qila olganini aytishim mumkin. Asosiysi, ular klubda zamonaviy tizimni yo‘lga qo‘yganlar. O‘z navbatida bunday tizim zo‘r natijalarni keltirmoqda. Ikkalasi ham o‘z ishini yaxshi bajara olishini ko‘rsatib berdi. Ehtimol, Xyuistra til bilan bog‘liq o‘ziga xos to‘siq tufayli bugungi murabbiyda jamoaviy o‘yinga aloqasi yo‘q muammosi bo‘lsa kerak. Ammo umumiy ishda bu atrofdagilarga mutlaqo sezlimayapti.
- Garchi klub bilan shartnomangiz bo‘lishiga qaramay, oldingizda qator takliflar turibdi-a?
- Shu yoshimda ham menda ko‘plab takliflar bor. Lekin bugungi sharoitni, o‘zim yashayotgan bu davlatni va to‘p surayotgan klubni o‘zgartirish niyatim yo‘q.
- Hamma sizni Superligada birinchi raqamli eng yaxshi legioner sifatida tilga oladilar. Bu fikrga qo‘shilasizmi yoki eng yaxshi legioner sifatida boshqasini aytasizmi?
- Albatta, bunday gaplarni eshitish yoqimli. Buning uchun muxlislardan minnatdorman. Shunday o‘ylayotganlarga rahmat aytaman.
Shuhratbek Jo‘rayev
“Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Srechko Katanes: "Qanday qilib so‘nggi daqiqada oddiy gol o‘tkazdik, buni bilmayman"