Namanganning “Navbahor” klubida kutilayotgan o‘zgarishlar hech kimni befarq qoldirmasligi aniq. Chunki oldindan bu jamoadagi yangiliklar o‘ziga yarasha shov-shuv keltirib chiqaradi. Yangi mavsumda “Navbahor” o‘z oldiga yuksak maqsadlar qo‘ygan.
Jumladan, jamoaning birinchi raqamli muxlisi bo‘lgan Namangan viloyat hokimi, viloyat futbol assotsiatsiyasi prezidenti Shavkat Shokirjanovich Abdurazzoqovning tashabbusi bilan 2022 yili klub o‘z akademiyasiga ega bo‘lishi rejalashtirilgan. Bundan tashqari, viloyat rahbari yangi mavsumda klub oldiga “Navbahor”ning shonli davrini qaytarish, jamoa Osiyo Chempionlar ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritish uchun kurash olib borishi maqsadini qo‘ydi. Ushbu vazifani amalga oshirish uchun klub rahbariyati, jumladan, klub prezidenti Otabek Arifovich Samatov astoydil, yeng shimarib ishga kirishgan.
O‘z o‘rnida ta’kidlash joizki, Namangan viloyati rahbari ham, klub rahbari ham futbolni teran tushunadigan insonlar. Ularning ikkisi ham bolaligida futbol bilan jiddiy tarzda shug‘ullanishgan. Jumladan, Otabek Samatov “Navbahor” yoshlari, “Kosonsoy” jamoalarida o‘ynagan.
Bir so‘z bilan aytganda, ayni paytda klub rahbariyatida futbol ichidagi insonlar faoliyat yuritishmoqda.
Fikrimizni davom ettiradigan bo‘lsak, yakunlangan mavsumning so‘nggi turi oldidan 2022 yili “lochinlar”ga Samvel Babayan ustozlik qilishi e’lon qilindi. Tarkibda ham o‘zgarishlar boshlangan. Xullas, jamoani oldida qilinadigan ishlar ko‘p. Ammo qo‘shimchasiga Andrey Kanchelskis bilan bog‘liq mojaro ham klub rahbariyati uchun muammolarni keltirib chiqardi. Bu esa hammaning e’tiborini tortdi. Turli gap-so‘zlar avj oldi. Ammo oxir-oqibat “Navbahor” Kanchelskis va uning yordamchisi Aleksey Belenkov bilan hammasini yaxshilikcha hal qilgani, muammoni bartaraf etgani biz uchun ham ijobiy holat bo‘ldi. Samatov esa ushbu murabbiylarga keyingi faoliyatlarida omad yor bo‘lishini tiladi.
Endi “Navbahor” hech qanday muammolarsiz yangi mavsum uchun jiddiy tayyorlanishga e’tiborini qaratishi turgan gap.
Yuqoridagi masalalardan kelib chiqib, “Navbahor” klubi prezidenti Otabek Samatov bilan suhbatlashishni rejalashtirgandik. U vaqti tig‘iz bo‘lishiga qaramay, ayrim savollarimizga javob berdi.
- Yaqinda Samvel Babayan yangi mavsumda “Navbahor”ning bosh murabbiyi etib tayinlandi. Klub prezidenti sifatida ayting-chi, ushbu murabbiy oldiga 2022 yilda qanday vazifa qo‘yildi?
- Yangi mavsumda klubimizga tajribali mutaxassisni bosh murabbiy etib tayinladik. Samvel Vyacheslavovich to‘g‘risida gapiradigan bo‘lsam, uning statistikasiga qaralsa ham barchasi aniq ko‘rsatib qo‘yilgan. Bundan tashqari, Babayanning erishgan natijalaridan tashqari, odamiylik jihatlari ajoyib, haqiqiy futbol fidoyisi deb o‘ylayman. Yangi mavsumda Namangan viloyat hokimi Shavkat Shokirjanovich Abdurazzoqov tomonidan “Navbahor”ning shonli davrlarini qaytarish belgilangan.
- Tarkib bo‘yicha klub shov-shuvli transferlarni amalga oshirishi haqida eshityapmiz. Bu borada bizga qanday yangilik ayta olasiz? Tarkibda jiddiy o‘zgarishlarga guvoh bo‘lamizmi?
- Seleksiya ishlari ancha avvaldan boshlab yuborilgan. Transferlar to‘g‘risida tez orada e’lon qilinadi. “Navbahor”ning o‘z o‘rni va tarixi bor. Bilasiz, shuning uchun jamoamizni keyingi mavsumda himoya qiladigan o‘yinchilar ham bu klubni maqsadini, shonli davrlarini qaytarish uchun astoydil bo‘lishlari kerak. Chunki “Navbahor”da futbol o‘ynash uchun eng asosiysi, stadionni to‘ldirib qo‘llab-quvvatlaydigan muxlislari bor.
- Viktor Jalilov endi qanday lavozimda ishlaydi yoki u klubni tark etdimi?
- Viktor Romanovich tajribali mutaxassis va “Navbahor” uning boshqaruvida ko‘plab sovrinlarni qo‘lga kiritgan. Jumladan, 1996 yilgi chempionlik unvoniga ham jamoa aynan Viktor Jalilov ustozligida erishgan. Albatta, uning bu tajribasi “Navbahor”ga yangi mavsumda ham asqotishi shubhasiz. Shu bois, Viktor Romanovich klubda ishlashda davom etadi hamda jamoaning murabbiylar shtabidan joy oladi.
- Darvoqe, “Navbahor”ning Dragan Cheran bilan muzokaralarga kirishgani rostmi?
- Adashmasam, Cheranni “Paxtakor” bilan yana bir yillik shartnomasi bor. Buni siz bilan suhbatda ham aytgan.
- Shu o‘rinda yana bir masalaga ham oydinlik kiritib o‘tishingizni so‘ramoqchiman. Ya’ni, klubni futbolchilardan qarzi borligi haqida eshityapmiz. Bu qanchalik haqiqat?
- Mavsum yakuniga yetgach, albatta ko‘p jamoalarda bo‘lgani kabi bizda ham ozgina qarzdorlik bor edi. Kuni kecha bu masalani asosiy jamoa futbolchilari oldida ijobiy hal etdik.
- Jamoaning tojikistonlik yarim himoyachisi Ehsoni Panshanbega Turkiya, Rossiya va Eron klublari tomonidan takliflar bor. Ammo uni “Navbahor” bilan yana bir yillik shartnomasi turibdi. Klub uni sotish uchun narx belgilaganmi yoki qo‘yib yubormoqchi emasmi?
- Ehsoni yaxshi futbolchi hamda juda yaxshi inson. Shuni aytmoqchimanki, uning jamoamizga kelib qo‘shilgani “Navbahor”ga ham, o‘ziga ham foydali bo‘ldi, deb o‘ylayman.
- Azimjon Ahmedov masalasi nima bo‘ladi? U klubda qoladimi? Qolaversa, Odil Ahmedov ham faoliyatini Namanganda yakunlashni istagandi, ammo keyin negadir fikri o‘zgargan. Bu borada munosabatingiz qanday?
- Azimjon Ahmedov haqiqiy jonkuyar futbolchi va yaxshi inson. Keyingi mavsum uchun u bilan og‘zaki gaplashib olganmiz. Uning oldida yaxshi variantlar borligini ham bilamiz. Albatta, biz Azimjonning jamoamizda qolishi uchun harakat qilamiz. U klubga juda ham kerak, nafaqat maydonda, balki maydon tashqarisida ham haqiqiy sardor. Odil Ahmedov to‘g‘risida esa biror narsa deya olmayman. Agar Odil “Navbahor”ga kelsa, hammaning orzusi ushalgan bo‘lardi, deb o‘ylayman.
Shuhratbek Jo‘rayev
“Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Srechko Katanes: "Qanday qilib so‘nggi daqiqada oddiy gol o‘tkazdik, buni bilmayman"