12:13 / 20.12.2021
1 490

Odil Ahmedov faoliyatini yakunlagani sababi va endi nima ish qilishini aytdi

Odil Ahmedov faoliyatini yakunlagani sababi va endi nima ish qilishini aytdi
Yozda milliy jamoadagi faoliyatini yakunlagan Odil Ahmedov, 18 dekabr kuni futbolchilik faoliyatini tugatganini rasman e’lon qildi. Futbolchining faoliyatiga bag‘ishlangan «Odil Ahmedov: «Orzuning shonli yo‘li» kitobi taqdimot marosimidan keyin u futboldan ketgani sababi va endi nima bilan mashg‘ul bo‘lishi haqida to‘xtaldi.

«Har bir narsaning boshi bo‘lganidek, oxiri ham bor. Yaqinda O‘zbekiston milliy jamoasidagi faoliyatimni yakunlaganim haqida e’lon qilgandim. Bugun esa o‘zim uchun yana bir qarorni qabul qildim. Bu qarorga kelish juda og‘ir bo‘ldi. Bugun sizlarning ko‘z o‘ngingizda butsalarimni mixga ilib, futbolchilik faoliyatimni yakunlaganimni ma’lum qilaman.

Yosh o‘yinchilarga aytadigan gapim – orzu qiling, maqsad qo‘ying va harakat qiling. Hammasiga erishasiz. Biz albatta, jahon chempionatiga chiqamiz
», - dedi Ahmedov.

Tadbirda Odil Ahmedovning faoliyatiga bag‘ishlangan film namoyish etilganda, u bu yil og‘ir judolikka uchragani – otasini yo‘qotganini aytib, buni faoliyatini yakunlashga sabab sifatida ko‘rsatdi.

«Futboldagi eng birinchi muxlisim ham maslahatgo‘y otam edilar. Endi esa u kishi yo‘q. Shu bois faoliyatimni yakunlash haqida o‘yladim», - dedi Odil.

Tadbirdan keyin esa 34 yoshli sobiq futbolchi OAV vakillari bilan suhbatda qaroridan afsuslanmasligi va endi nima bilan shug‘ullanishini aytdi.

«Bugungi qarorimdan afsuslanmayman, buni to‘g‘ri qarorlarimdan biri deya olaman. Chunki bunga sabablarim yetarli. Uzoq o‘ylab, yaqinlarim bilan maslahat qilib, faoliyatimni tugatishim to‘g‘ri, degan qarorga keldim.

Faoliyatimga bag‘ishlangan kitob yoshlarga yangi maqsadlarga yetishish uchun yordam berishi mumkin, deb o‘ylayman. Chunki unda qiyinchiliklarni qanday yengib o‘tganim haqida yozganman.

Endi nima bilan mashg‘ul bo‘laman? Bilasiz, o‘zimni futbol akademiyam bor, o‘sha ishim bilan jiddiyroq shug‘ullanish imkoni bo‘ladi. Umuman olganda, futbol ichida bo‘laman
», - deydi Odil.

Avvalroq, milliy jamoamiz sobiq sardori «Odil Junior» akademiyasi uchun oyiga 50-100 million so‘m sarflashi haqida ma’lum qilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, Odil Ahmedov 2007 yildan 2021 yilning yozigacha bosh jamoamiz safida to‘p surib, O‘zbekiston JCH-2022 uchinchi saralash bosqichiga chiqa olmaganidan so‘ng milliy jamoadagi faoliyatini yakunlagan edi. 34 yoshli yarimhimoyachi Xitoy Superligasi joriy mavsumida «Sanchjou Mayti Layons» safida 7 o‘yinda maydonga tushgandi. U faoliyati davomida «Paxtakor», «Anji», «Krasnodar», «Shanxay SIPG» klublarida ham to‘p surdi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Odil Ahmedov faoliyatini yakunlagani sababi va endi nima ish qilishini aytdi