
Foto: RIA "Novosti"
Finlandiyaning sobiq bosh vaziri Aleksandr Stubb hokkey bo‘yicha Rossiya terma jamoasi “Birinchi kanal” kubogi musobaqasida Finlandiyaga qarshi “SSSR” yozuvli sobiq ittifoq kiyimida o‘ynaganini tanqid qildi.
“Men Rossiyada SSSR kiyimida o‘ynashga ruxsat berilganidan taajjubdaman va bundan hafsalam pir bo‘ldi. Bu harflar kombinatsiyasi millionlab aybsiz odamlarni o‘ldirgan tuzumni bildiradi”, deb yozgan Stubb Twitter’da. U buni haqoratomuz va sport yoki biron-bir narsaga aloqasi bo‘lmagan xatti-harakat deb atagan.
Siyosatchining ta’kidlashicha, Finlandiyaning musobaqada Rossiya ustidan erishgan g‘alabasi uncha muhim ahamiyatga ega emas. “Muhimrog‘i, bu harflar bilan hokkey oilasiga kiruvchi davlatlar beshafqat zabt etildi”, deb qo‘shimcha qilgan Stubb.
19 dekabrda Rossiya terma jamoasi Finlandiyadan mag‘lubiyatga uchrab, “Birinchi kanal” kubogidan mahrum bo‘ldi. Rossiyalik hokkeychilar Kanada, Shvetsiya va Chexiyaga qarshi g‘alabali uchrashuvlarda ham maydonga sobiq ittifoq kiyimida tushishgan. Ta’kidlanishicha, bu 1946 yil sobiq ittifoq vaqtida tashkil etilgan Rossiya hokkey federatsiyasi joriy yilda 75 yilligini nishonlayotgani bilan bog‘langan. O‘shanda sobiq ittifoq chempionatining birinchi uchrashuvlari bo‘lib o‘tgan.
53 yoshli Aleksandr Stubb Finlandiya bosh vaziri lavozimini 2014-2015 yillar egallagan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar