1 310
"Neftchi" men uchun tarixga aylandi, "Navbahor" esa yangi chorlov" - Aleksandr Stoymirovich
Joriy yilda Pro liga vakili bo‘lgan "Neftchi"da faoliyat olib borgan serbiyalik murabbiy Aleksandr Stoymirovich, endilikda namanganliklar safida jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha ish boshladi. Nima uchun "Navbahor"ni tanladi, ortda qolgan mavsum haqida nima dedi? Shu va boshqa savollar bilan murabbiyga yuzlandik.
- Odatdagidek barcha qatori sizga ham ortda qolgan mavsum haqidagi savol bilan murojaat qilmoqchimiz. "Neftchi"dagi dastlabki mavsum qanday o‘tdi?
- Bu borada nima ham derdim, barchasi muvaffaqiyatli yakunlandi. Xudoga shukur oldimizga qo‘yilgan vazifani bajardik. Jamoa shu kungacha uzoq kutilgan maqsad ya’ni Superliga yo‘llanmasini qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldi. Pro liga tugashiga bir necha tur qolganda chempionlikni qo‘lga kiritdik. Buning muxlislar va klubga ishonch uchun rahmat aytaman. Endi "Neftchi" men uchun tarixga aylandi. Bu mavzuni boshqa ochmoqchi emasman.
- O‘zbekistondagi debyut mavsumingizdan qoniqish hosil qildingizmi? Nima o‘xshadi yoki o‘xshamadi? O‘zingiz istagan narsaga erisha oldingizmi?
- Men bu yerdagi ilk o‘tkazgan yilimdan juda mamnunman. Qaysidir ma’noda o‘zim uchun yaxshigina tajriba orttirdim. Mamlakat futboli bilan yaqindan tanishdim. Faqat futbol bilan emas, mahalliy insonlar bilan ham fikr almashdim. Ularni tingladim. O‘zbekiston tarixini o‘rgandim. Shunday ekan nolishga asos yo‘q. Har doim yorqin xotiralar bilan eslashga tayyorman.
- Instagram sahifangizda "Navbahor"da ish boshlaganingizni bildirdingiz. Ushbu jamoa taklifi va tanlov haqida fikringiz qiziq...
- Albatta. O‘tgan kuni Serbiyadan uchib keldim. "Navbahor" qishki o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini boshladi. Mazkur klubning a’zosiga aylanganimdan xursandman. Samvel Vyacheslavovichning taklifiga binoan murabbiylar shtabida ishga kirishdim. Ushbu inson o‘zbek futbolidagi katta shaxslardan biri hisoblanadi. Ko‘p narsalarni biladi. "Navbahor" va uning muxlislari haqida tasavvurga egaman. Bu men uchun yangi chorlov.
- Nima e’tiboringizni tortdi va qaysi omillar sizni "Navbahor" sari yetakladi?
- Birinchidan meni doim klub o‘z oldiga qo‘ygan maqsadi va vazifalari qiziqtiradi. Bu ilk sabablardan biri. Eng ko‘p e’tiborimni tortgan narsa Samvel Babayanning o‘zbek futbolida tutgan o‘rni va shaxs sifatida obro‘ga egaligi. Uchinchi omil Namangan shahri va yuqorida aytganimdek ishqibozlar. Ular har bir o‘yinda qo‘llab-quvvatlashadi. Biz o‘z o‘yinimiz va natijalarimiz bilan ularni xursand qila olamiz, degan umiddaman.
- Yangi mavsumga tayyorgarlik jarayoning dastlabki kunlari qanday o‘tyapti? Chunki bunday pallada hamma futbolchining jismoniy holati teng bo‘lmaydi, ular orasida jarohatlanganlar va mavsum davomida kam o‘yin amaliyotiga ega bo‘lganlar bor...
- Hozircha tarkib to‘liq yig‘ilmagan. Seleksiya ishlari hali yana davom etadi. Hali futbolchilar bilan to‘liq tanishib olganim yo‘q. Ularning jismoniy holatini yana bilib olib jiddiy yondoshamiz. Testlardan o‘tkazamiz. O‘ylashimcha, keyingi mavsumda jarohatlar deyarli yuz bermaydi. To‘g‘ri jarohat futbolning bir bo‘lagi, u doim bo‘lgan va bo‘ladi. Ammo bunday holatlarni kamaytira olishimizga ishonaman. Yana vaqt o‘tgani sari ko‘rib boramiz.
- O‘zbekistonlik futbolchilarning jismoniy holati va imkoniyati borasida nima deya olasiz? Aksariyat hollarda terma jamoamiz va klublarimiz xalqaro maydonda raqibdan aynan shu jabhada ortda qolishadi...
- Qiyin savol. Har bir insonning marfologik, genetik va jismoniy imkoniyati mavjud. Agarda futbolchi funksional tomondan yaxshi, tezlikka ega bo‘lsa har doim jismoniy tomondan tayyorlash mumkin. Tezkor futbolchilar bilan ishlash yoqimli. O‘zbekistonda funksional va texnik kuchli futbolchilar bor. Gohida kichik jussa bilan ham ko‘p narsaga erishish mumkin.
- "Navbahor" bilan shartnomangiz qancha muddatga mo‘ljallangan?
- Klub bilan 1 yillik shartnoma tuzdik.
Muallif: Iskandarov Abdulaziz “Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Srechko Katanes: "Qanday qilib so‘nggi daqiqada oddiy gol o‘tkazdik, buni bilmayman"