13:04 / 09.01.2022
1 246

Deyan Ponevich: "O‘zbekistonning 2 ta klubidan taklif bor, yana yurtingizga qaytishga qarshi emasman"

Deyan Ponevich: "O‘zbekistonning 2 ta klubidan taklif bor, yana yurtingizga qaytishga qarshi emasman"
Debyut mavsumidayoq Superligani tark etgan “Turon” yana barchasini boshidan boshlashiga to‘g‘ri keladi. Shunga yarasha tarkib yana yangitdan shakllantiriladi. Chunki o‘tgan yilgi asosiy tarkibning katta qismi o‘zgaradi.

Yodingizda bo‘lsa, klub legionerlar litimidan ham to‘liq foydalangandi. Ammo endilikda ular ham jamoa bilan xayrlashdilar. Albatta, “Turon” Superligani tark etgani uchun tarkibdagi futbolchilar va ayniqsa, xorijlik o‘yinchilar borasida muxlislarning fikrlari ijobiy ko‘rinish olishi dargumon. Lekin aslida ularni yomon saviyada edi, deb ham bo‘lmaydi.

Ayniqsa, serbiyalik himoyachi Deyan Ponevichni alohida aytish mumkin. U ham jamoaga o‘tgan yili qishki yig‘in paytida qo‘shilgandi. Shunday ekan, serbiyalik himoyachi - Deyan Ponevichni “mavsum-2021”ni “Turon” tarkibida o‘tkazganini yaxshi bilasiz.

Agar futbolchining “Turon”dagi statistikasiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, Superliga doirasidagi 25 ta o‘yinda maydonga tushdi. Bu esa uning jamoada yetakchilardan biri bo‘lganiin ko‘rsatib turibdi. Darvoqe, u bir marta gol ham urishga erishgan. Chempionatning 3-turida “Turon” – “Lokomotiv” (2:2) o‘rtasidagi uchrashuvda gol urgani yodimizda. Qizig‘i, Deyan barcha o‘yinlarni boshidan oxirigacha almashtirishlarsiz o‘tkazgan. Qolaversa, O‘zbekiston Kubogida 3 ta bellashuvda o‘ynadi va unda ham barcha uchrashuvlarni to‘liq o‘tkazganini qo‘shimcha qilish joiz.

Ko‘rinib turibdiki, futbolchi o‘zidan yaxshi taassurot qoldirgan. Har holda o‘zimiz kuzatgan bellashuvlarda ham Ponevich yaxshi saviyadagi o‘yinchiligini namoyish etgan. Serbiyalik legioner “Turon”dagi faoliyatini eslaganida quyidagilarni aytdi.

“Turon” klubi menda juda yaxshi taassurot qoldirdi. Rosti, bizni quyi ligaga tushib ketishimiz juda achinarli, bundan afsusdaman. Ammo, ishonamanki, “Turon” tez orada yana Superligaga qaytadi. Chunki ushbu klub va uni boshqarayotgan insonlar bunga munosib, - deya fikr bildirdi, Deyan.

Baribir har qanday jamoa muvaffaqiyatsizlikka uchrasa qayerdadir nimadir noto‘g‘ri yondashuv kasb etgan bo‘ladi. “Turon” esa yil davomida autsayder bo‘ldi va bundan qutula olmadi. Keyinchalik klubdagi muhit yaxshi bo‘lmagani haqida ham gap-so‘zlar chiqdi. O‘z navbatida Deyan muvaffaqiyatsizlik borasida ham fikr bildirdi.

"Jamoadagi muhit juda yaxshi edi. Lekin biz ayrim uchrashuvlarda juda yomon o‘ynadik. Sport tomonidan qarasak, omadimiz kulib boqmadi. Shu sababli afsuski, biz pro ligaga tushib ketdik".

“Turon”ning asosiy futbolchilaridan biri bo‘lgan Ponevich endi qanday yo‘l tutadi? Albatta, uning yaypanliklar safini tark etgani ma’lum. Chunki o‘rtadagi shartnoma o‘z kuchini yo‘qotgan. Shunday ekan, serbiyalik o‘yinchi yangi mavsum uchun o‘ziga boshqa klub qidirishi tabiiy. Deyan bizga keyingi rejasi haqida ham gapirdi.

"Hozirgi mening asosiy rejam yaqin 10-15 kun ichida barcha variantlarni ko‘rib chiqishdan iborat. Menda O‘zbekistonning ikkita klubidan taklif bor. Serbiyadan ham bir qancha variatlar bor. Shu bois men oldimda turgan barcha takliflarni ko‘rib chiqmoqchiman va keyin yakuniy qarorni qabul qilmoqchiman".

“Turon”da barqaror o‘ynagani uchun ham unga Superligamiz jamoalaridan takliflar bo‘lishi tabiiy edi. U yana O‘zbekiston chempionatiga qaytadimi?

"O‘zbekistonga qaytishim hozir ko‘rib chiqilyapti. Umuman olganda, yana yurtingizga qaytishga qarshi emasman. Rostini aytsam, O‘zbekiston chempionati sifatli va yetarli darajada kuchli. Chunki har bir jamoa g‘olib chiqishi mumkin va bu klublarning bir xil saviyadaligini ko‘rsatib turibdi", - dedi Deyan Ponevich.

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Deyan Ponevich: "O‘zbekistonning 2 ta klubidan taklif bor, yana yurtingizga qaytishga qarshi emasman"