15:47 / 13.01.2022
1 091

Slavche Voyneski: «Paxtakor» faqat hujumkor futbol ko‘rsatadi, bunga va’da beraman

Slavche Voyneski: «Paxtakor» faqat hujumkor futbol ko‘rsatadi, bunga va’da beraman
11 yanvar kuni "Paxtakor" klubi yangi bosh murabbiy nomini e’lon qildi. Unga ko‘ra 47 yoshli murabbiy Slavche Voyneski bilan klub o‘rtasida 2022 yil oxiriga qadar mo‘ljallangan shartnomaga imzo chekildi. Bitim tomonlarning xohishi bilan mavsum davomida uzaytirilishi mumkin.

Bugun ushbu mutaxassis ishtirokida matbuot anjumani tashkil etildi. Unda murabbiy quyidagi fikrlarni bildirdi.

- Barchaga xayrli kun. Fikrlarimni ingliz tilida yetkazishimga ruxsat berasiz. "Paxtakor"dek jamoaga kelganimdan xursandman. "Paxtakor" nafaqat sovrinlar, balki har taraflama O‘zbekistondagi eng katta klub. Murabbiy uchun bunday klubda ishlash juda katta mas’uliyat. Biz Superliga, O‘zbekiston Kubogi va Superkubokda zafar quchishga intilamiz. Deyarli 40 kundan so‘ng Superkubok bilan mavsumni boshlaymiz. Chempionlar Ligasida ham yaxshi ishtirok etishga intilamiz. Sovrinlar o‘z yo‘liga, biz O‘zbekistonda eng yaxshi va hujumkor futbolni namoyish qilishimiz kerak. Yaxshi o‘ynasak, bu bilan milliy terma jamoaga ham yordam beramiz.

"Paxtakor" va o‘zbek futboli ba’zi ma’lumotlardan xabardor edim. Shogirdim Stevitsa Ristich o‘z paytida "Bunyodkor"da o‘ynaganini bilaman. So‘nggi olti oyda o‘zbek futboli haqida ko‘p ma’lumotlarni o‘rgandim. Biz hujumkor futbol ko‘rsatishga urinamiz. Yuz foiz. Biz doim hujum qilishimiz lozim. Bunga va’da beraman.

Mashg‘ulotlarda futbolchilar juda yaxshi ishlashmoqda. Sakkiz nafar o‘yinchi milliy terma jamoa tarkibiga jo‘nab ketgan. Yoshlar bor kuchlari bilan mehnat qilishmoqda.

Butun dunyoda koronavirus bilan bog‘liq paytda klublar rahbariyatiga oson emas. Bunday holatga moslashish kerak. "Paxtakor"dan ba’zi yetakchilar ketishdi, lekin tarkibda yaxshi saviyadagi ijrochilar jamlangan. Yana ba’zi kuchayishlar bo‘lishi mumkin. Yaxshi ishlagan taqdirimizda mavsum oxirida ijobiy kayfiyatda bo‘lamiz.

Biz futbolchilar qidirish ishlarini davom ettiryapmiz. Mavsum boshlanguncha 1-2 nafar yaxshi o‘yinchilar paydo bo‘lishi mumkin. Lekin jamoadagi yigitlar bilan ham o‘zimiz xohlagandek o‘ynashimiz mumkin. Har bir futbolchi haqida yetarlicha taassurotga ega bo‘lishim bilan aniq bir qarorga kelaman.

Bu yerga kelganimdan beri jamoaning ishlari, uni o‘rganish bilan mashg‘ulman. Kelajak rejalar haqida bosh qotiryapmiz. Rasmiy o‘yinlar futbolchilarning haqiqiy darajasini ko‘rsatib beradi. Shunda aniq xulosalarga kelish mumkin. "Paxtakor" haqida yetarli ma’lumotga egaman, lekin bevosita ishlash jarayonida fikrlarim o‘zgarishi mumkin, qandaydir o‘zgarishlarni amalga oshirarman. Ma’lum vaqtdan keyin buni ko‘rib olamiz.

Maqsadimiz - chiroyli futbol ko‘rsatish, chempion jamoani chempion sifatida saqlab qolish. "Paxtakor"ning qanday klub ekanini bilaman va bu yerga kelishda qanday bosimni bo‘ynimga olganimni bilaman.

Olti oy ilgari menejerim "Paxtakor"da murabbiy o‘zgarishi mumkinligini aytishdi. Dekabrda esa janob Piter qolishini aytishdi. Keyin esa birdan "Paxtakor"dan qo‘ng‘iroq bo‘ldi va ishga taklif etishdi. 4 daqiqadan so‘ng esa Turkiya klubidan qo‘ng‘iroq va taklif bo‘ldi. Lekin men "Paxtakor"ga rozilik bildirib bo‘lganim sababli keyingi taklifni rad etdim. Va’da berdimmi, buni bajaraman. Faoliyatimizda eng muhimi ishning o‘zi. Moliyaviy masalalar yoki boshqa narsalar asosiy emas. Ish va jarayon - eng muhim. "Paxtakor"ga yangilik bera olaman, deb hisoblayman. Hujumkor o‘yin namoyish etamiz dedimmi, buni amalga oshiramiz.

Ikki nafar yordamchi murabbiy menga "Paxtakor"da yordam beradi. Shimoliy Makedoniya va Turkiyadan yordamchilarim bu yerda ish boshlashadi, - dedi Slavche Voyneski.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Slavche Voyneski: «Paxtakor» faqat hujumkor futbol ko‘rsatadi, bunga va’da beraman