22:41 / 25.01.2022
1 012

Diyor Turopov yangi mavsumni qayerda boshlashini bilasizmi?

Diyor Turopov yangi mavsumni qayerda boshlashini bilasizmi?
28 yoshli iqtidor egasi – Diyor Turopovni “Lokomotiv”ning yetakchilaridan biri desak mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Mazkur futbolchi 2017 yildan buyon “Loko” uchun maydonga tushib kelmoqda. Undan avval esa olmaliqliklar uchun ham qator mavsumlarni o‘tkazganini bilamiz.

Aytmoqchimizki, Turopov hadeb klubini o‘zgartiravermaydi. Ammo yarim himoyachining xizmatlariga extiyoj sezayotgan klublar ham talaygina. Shu bois Diyorga “sovchi”lar ko‘p bo‘ldi. U o‘tgan yili Superligada 24 ta o‘yinda 4 ta gol urdi. Kubok bahslarida esa 4 ta bellashuvda 1 ta gol muallifi bo‘ldi.

Biroq “Lokomotiv”ga ham bunday saviyadagi ijrochi kerak edi. Futbolchi keyingi rejalari borasida Sports.uzga quyidagilarni aytdi.

- Diyor, so‘nggi kunlarda sizni “Lokomotiv”ni tark etib, “Qizilqum” a’zosiga aylanganingiz xususida gap-so‘zlar yuribdi. Klubni o‘zgartirganingiz rostmi?
- Assalomu alaykum. “Qizilqum” jamoasiga o‘tganim yo‘q. Bu noto‘g‘ri xabar. Menimcha, bu xabarni yozishda adashishgan.

- Umuman olganda, yangi mavsumni qayerda o‘tkazishni rejalashtiryapsiz?
- Yangi mavsumni nasib qilsa, o‘zimni jamoamda o‘tkazishni reja qilganman.

- Diyor, “Lokomotiv” klubida ham o‘zgarishlar yuz berdi. Murabbiy almashdi, ayrim yetakchilar ketdi. Bu hol jamoaga qanchalik ta’sir ko‘rsatishi mumkin?
- Ha, to‘g‘ri aytasiz. Ayrim o‘yinchilar “Lokomotiv”ni tark etdi. Lekin bu jamoaga kelasi mavsumda katta ta’sir ko‘rsatadi, deb o‘ylamayman. “Lokomotiv” jamoasi ham qishki transferda tarkibga bir nechta o‘yinchilarni qo‘shib oldi va o‘zining akademiyasidan umidli yoshlarni asosiy tarkibga jalb qilgan. Eng muhimi, kelasi mavsumda o‘zimizga bo‘lgan ishonch ko‘p narsani hal qiladi.

- Sir bo‘lmasa, oldingizda qanday takliflar bor edi? Masalan, o‘sha "Qizilqum"dan ham sizga qiziqish bildirilgani rostmi? "Lokomotiv" klubida qolishingiz bu nima bilan bog‘liq?
- Tan olaman, “Qizilqum” jamoasidan qiziqish bo‘lgani rost. Qolaversa, menga boshqa jamoalardan ham takliflar bo‘ldi. “Lokomotiv”da qolishim nima bilan bog‘liq? Qabul qilingan qaror bilan bog‘liq va men yana shu klubdaman.

- Savolni boshqacharoq qo‘yaman: “Lokomotiv”da sizni nima ushlab qoldi?
- Futbolga professional yondashish!

- "Lokomotiv" klubining bir qator o‘yinchilari bir klubga - ya’ni, "Qizilqum"ga ko‘chib o‘tishdi. Bu hol sizni hayron qoldirmadimi? Yoki navoiyliklar shu qadar yaxshi taklif bilan chiqishyaptimi?
- Bu hol menga qorong‘u. Balki yaxshi taklif bildirishgandir.

- “Lokomotiv” klubiga bosh murabbiy etib tayinlangan Denis Korostichenkoga "Yangi Nagelsmann" sifatida ta’rif berilmoqda. U qanday murabbiy? Ushbu ta’rifga mos tushadimi?
- Murabbiyimizga ta’rif beradigan bo‘lsam, o‘tgan yilgi mavsumda bizni Superliga o‘yinida bosh murabbiy sifatida oxirgi turda “Nasaf”ga qarshi uchrashuvda maydonga olib tushdi. O‘shanda uning qo‘li ostida 3 ochkoga ega bo‘lgandik. Yosh murabbiy, lekin juda ham intiluvchan. Shu qatorda ikki yil davomida biz bilan birga ishlab kelgan. Tajribasi ham katta o‘yinlarga yetarli, deb o‘ylayman.

- Futbolchi sifatida yangi mavsumdan nimani kutyapsiz. O‘z oldingizga qo‘ygan maqsad va rejalaringiz qanday?
- Yangi mavsumda o‘z oldimga qo‘ygan maqsadim jamoamnnig g‘alabalariga hissamni qo‘shish.

- Ko‘pchilik mutaxassis va muxlislar bu yil sovrinli o‘rinlar uchun kurashda da’vogarlar orasiga negadir "Lokomotiv"ni qo‘shishmayapti. Chunki klub nisbatan kuchsizlangandek taassurot uyg‘otyapti, chog‘i. Ularga javoban siz nima degan bo‘lardingiz?
- Mutaxassislar va muxlislarning fikrini o‘zgartirishga harakat qilamiz. Hammasi chempionat boshlanganidan keyin oydinlashadi. Ishontirib aytamanki, “Lokomotiv” istalgan raqibga bosh og‘rig‘i bo‘ladi.

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Diyor Turopov yangi mavsumni qayerda boshlashini bilasizmi?