00:20 / 29.01.2022
1 518

Otabek Shomurodov: "Eldor "Roma"da nega zaxiradan maydonga tushayotganini Mourinyudan so‘rash kerak"

Otabek Shomurodov: "Eldor "Roma"da nega zaxiradan maydonga tushayotganini Mourinyudan so‘rash kerak"
Foto: championat.asia
"Neftchi" muxlislar klubi jamoaning faxriy futbolchilari bilan onlayn muloqot tashkil etishni davom ettirmoqda. Xususan, navbatdagi muloqot ishtirokchisi jamoaning taniqli sobiq futbolchisi Otabek Shomurodov bo‘ldi. Muxlislar bilan tashkil etilgan suhbat jarayoni savol-javob ko‘rinishida e’tiboringizga havola etilmoqda.

- Otabek aka, futbolga kirib kelishingizga kim sababchi bo‘lgan? Shuningdek, hozirgi "Neftchi" haqida nimalarni ayta olasiz?
- Avvalambor, muloqotga taklif uchun sizlarga rahmat. Futbolga kirib kelishimga dadam sababchi bo‘lganlar. "Neftchi"ni hech qachon unutmayman. Jamoa xoh Pro liga, xoh Superligada bo‘lmasin, hamisha muxlislik qilaveramiz. Hozir "Neftchi"da yaxshi jamoa shakllanmoqda, mavsum yakunida Superligada chempionlik nasib etishini tilab qolaman.

- Shomurodovlar oilasi haqida muxlislarga ma’lumot berib o‘tsangiz...
- Oilada 6 nafar farzandmiz – besh o‘g‘il, bir qiz. Eng kattamiz – Azamat akam, ya’ni Eldor Shomurodovning otalari. Azamat akam ham futbol bilan shug‘ullanganlar. Keyingi ikki akam boshqa sohada faoliyat yuritishgan. Keyin Ilhom va men futbol bilan shug‘ullanganmiz. Hozir mana Eldor futbol bilan shug‘ullanyapti.

- "Neftchi" safiga qo‘shilishingiz qanday yuz bergan?
- Termizda "Neftchi"ga qarshi o‘yin o‘tkazganmiz. Shunda jamoaning o‘sha vaqtdagi bosh murabbiyi Yuriy Sarkisyan meni "Neftchi"da ko‘rishni istayotganini aytgandi. Taklifni qabul qilganman va shu tariqa jamoa safiga kelib qo‘shilganman.

- Farzandlaringiz futbol bilan shug‘ullanishadimi?
- Bir qiz, ikki o‘g‘lim bor. Katta o‘g‘lim Oybek, kichkinasi Og‘abek. Hozirda ikkisi ham "Bunyodkor" futbol akademiyasida futbol bilan shug‘ullanishmoqda.

- Eldor Shomurodov "Roma"da nega zaxiradan maydonga tushyapti?
- Buni Joze Mourinyudan so‘rash kerak (kuladi).

- Demak, bu Mourinyuning aybi, shundaymi?
- Yo‘q, bunday demagan bo‘lardim. Qanday maqsadda Eldorni asosiy tarkibda tushirmayotganini faqat Mourinyuning o‘zi biladi.

- Faoliyatingiz davomida o‘ynagan klublaringiz orasida eng yorqin xotiralar qaysi jamoa bilan bog‘liq?
- Albatta, bu – "Neftchi". Bu jamoa safida 3 yil o‘ynadim.

- Faoliyatingizni qaysi jamoada yakunlagansiz?
- Oxirgi o‘ynagan jamoam Jizzaxning "So‘g‘diyona” klubi bo‘lgan. Futbolchilik faoliyatimni aynan shu jamoada yakunlaganman.

- Siz uchun qiyin bo‘lgan tanlovli savol. Superligada "Neftchi" – "Surxon" uchrashuvida kimga muxlislik qilgan bo‘lardingiz?
- Har ikki jamoa men uchun qadrdon hisoblanadi. "Surxon"ga muxlislik qilgan bo‘lardim.

- Eldor bilan gaplashib turibsizlarmi?
- Ha, Ilhom ikkimiz ijtimoiy tarmoqlar orqali deyarli har kuni gaplashib turamiz. Qo‘llab-quvvatlaymiz, gol ursa, tabriklaymiz, quvonamiz. Yangi yil oldidan Eldorni farzandi bir yoshga to‘lganida Azamat akamlar Italiyaga borib, o‘yinlarini stadiondan kuzatib qaytdilar. Rejalashtirib turibmiz, yaqin kunlarda borib, Eldorni qo‘llab-quvvatlab kelmoqchimiz.

- Yuriy Sarkisyan haqida fikringiz qanday?
- Bu kabi murabbiylar juda kam uchraydi. Yuriy Vazgenovich kuchli psixolog bo‘lgan, maqsadingizni oldindan bilib turardi. Shuningdek, har bir futbolchining alohida kuchli jihatlarini aniqlay olardi.

- Futbolchilik faoliyatingizni yakunlaganingizdan so‘ng murabbiylik haqida o‘ylab ko‘rmadingizmi?
- Yo‘q, futbolni yakunlaganimdan so‘ng tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanyapman. Murabbiylik kurslarida o‘qimadim, to‘g‘risini aytsam, bu haqda o‘ylab ko‘rganim yo‘q.

- "Neftchi" jamoasiga tilaklaringiz...
- "Neftchi"ga g‘alabalar tilayman, hamisha omad va muvaffaqiyat yor bo‘lsin. Mavsum yakunida chempionlikni qo‘lga kiritib, muxlislarga quvonch ulashsin.

Bekzod Tolibov yozib oldi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Otabek Shomurodov: "Eldor "Roma"da nega zaxiradan maydonga tushayotganini Mourinyudan so‘rash kerak"