11:44 / 01.02.2022
988

Zoran Marushich nega "Neftchi"ni emas, "Navbahor"ni tanlagani, "Dinamo" (Tbilisi)dan qanday ketgani va Babayan haqida

Zoran Marushich nega "Neftchi"ni emas, "Navbahor"ni tanlagani, "Dinamo" (Tbilisi)dan qanday ketgani va Babayan haqida
“Navbahor” klubining kishki seleksiyada amalga oshirgan transferlaridan biri hisoblangan Zoran Marushich ko‘pchilik tomonidan iliq qarshi olinmoqda. Serbiyalik 29 yoshli hujumchi o‘tgan yili Tbilisining “Dinamo” klubida to‘p surgan holda o‘zini ko‘rsatishga muvaffaq bo‘ldi. Yaxshi hujumchiligi bois uni o‘z safida ko‘rishni xohlagan klublar talaygina edi. O‘zbekistondan esa “Navbahor” bilan “Neftchi” Marushich uchun jiddiy kurash olib borishdi. Yakunda Samvel Babayan uni Namanganga olib kelishga muvaffaq bo‘ldi.

Namanganga qilgan safarimiz chog‘ida Zoran bilan suhbatlashishni reja qilgandik. Shu bois klub istiqomat qilayotgan “Namangan” mehmonxonasida serbiyalik futbolchi bilan uchrashdik. Avvaliga u biroz shoshib turganini aytdi, lekin ko‘p vaqtini olmasligimizni bildirdik va uni suhbatga ko‘ndirdik.

- Zoran, “Navbahor” klubiga xush kelibsiz! “Navbahor” sizning faoliyatingizda yangi chorlov. Ayni chog‘da o‘zingizni qanday his qilyapsiz?
- Avvalo iltifot uchun sizga minnatdorchilik bildirmoqchiman. “Navbahor” – juda ajoyib jamoa. Ilk kundanoq klub haqida menda faqat yaxshi taassurotlar qolyapti. Jamoadagi muhit a’lo darajada. Barchaning kayfiyati super, desam ham mubolag‘a bo‘lmaydi. Biz butun diqqat-e’tiborimizni yangi mavsumga tayyorgarlik ko‘rish ishlariga qaratganmiz. Bu yo‘lda rejalar tuzilgan bo‘lib, ularni navbati bilan bajarishga tushamiz. Mavsum biz uchun jarohatlarsiz bo‘lishini istayman.

- Agar sir bo‘lmasa, “Navbahor” haqida sizga birinchi bo‘lib kim gapirib berdi va ko‘chib kelishni tavsiya qildi?
- Serbiyalik ikki agent (kuladi, Zoran yonidagi Siger va Jokichga qarab.Muallif). Serb millatiga mansub ikki nafar futbolchi “Navbahor”da to‘p surishidan xabardor topdim. Qaysidir ma’noda o‘sha o‘yinchilar ham men uchun agent vazifasini o‘tab berishdi. Buning hech qanday sirli joyi yo‘q. Agentim bilan mavjud variantlarni o‘rganib, “Navbahor” tanlovida to‘xtashga qaror qildik. Bu yerga kelganimdan xursandman. Eng asosiysi, meni jamoada juda iliq qarshi oldilar. Endi asosiy maqsadim gollar kiritgan holda “Navbahor”ga uchrashuvlarni g‘alaba bilan tamomlashida yordam berishdan iborat.

- Ayting-chi, bu yerga kelguningizga qadar O‘zbekiston chempionati haqida qandaydir ma’lumotlarga ega edingizmi?
- Yo‘q, unchalik emas. Endi menda nafaqat o‘zbek birinchiligini, balki o‘zim yashaydigan shaharni yaxshilab o‘rganish uchun vaqt yetarli, deb o‘ylayman.

- Eshitishimcha, “Dinamo” Tbilisidan ketib qolishingiz mojaroli tarzda sodir bo‘libdi, shu to‘g‘rimi?
- Muammolar yo‘q emasdi, albatta. Bu xususida advokatimdan to‘liqroq ma’lumot olishingiz mumkin. Menda “Dinamo”da qolish varianti ham yo‘q emasdi. Qolaversa, mavjud muammolarga qaramasdan, mendan “Dinamo”da qolishni istaysanmi, deb so‘rashdi ham. Men esa ketishni xohladim. Shartnomam bilan bog‘liq biror-bir muammoni yuzaga keltirmagan holda “Dinamo”ni tark etdim. Shartnomamning bandlaridagi buzilish haqidagi gaplar mutlaqo asossiz. Aks holda mendan qolishni so‘rashmagan bo‘lardilar.

- Demak, hammasi joyida ekan-da?
- Hozir hammasi joyida, jarayon o‘z yo‘lida davom etmoqda.

- Bizdagi ma’lumotlarga qaraganda, Farg‘onaning “Neftchi” klubi ham sizga jiddiy qiziqish bildirgan. Bunga qanday izoh berasiz? Nega ularning taklifiga rozi bo‘lmadingiz?
- Nima deb javob qaytarishni ham bilmayman. Menda ikkita jamoa bilan bog‘liq variant bor edi. O‘ylab ko‘rdim. Oxir-oqibat o‘ylab shu yerda qolishni xohladim. Umid qilamanki, men bu to‘xtamga kelib xato qilmadim. Chunki “Navbahor”ga o‘tish istagi mening oxirgi xohishim edi.

- Endilikda klubga Samvel Babayan ustozlik qilmoqda. U bilan ilk bor ishlayapsiz. Ushbu mutaxassis haqida fikringizni bilmoqchi edim.
- U dastlabki suhbatimizdayoq menda juda iliq taassurot qoldirdi. Samvel Babayan – jiddiy, o‘z ishini yaxshi biladigan mutaxassis. Professional murabbiy! Bu yerga kelgan dastlabki paytimda menda tayyorgarlik unchalik yaxshi emasdi. Murabbiy esa buni tushunib, jismoniy holatimni optimal darajaga olib chiqish kerakligini aytdi. O‘rtamizdagi aloqa juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bosh murabbiy mashg‘ulotlarda meni 60 foiz emas, balki 100 foiz ishlashim kerakligini aytmoqda. U asta-sekinlik bilan menda hammasi joyida bo‘lishi uchun ish olib boryapti.

- O‘tgan yil yakuniga ko‘ra, sizni Gruziyada eng yaxshi futbolchi deb e’tirof qilishdi, shundaymi?
- Bu hammasi emas. Men Gruziyada eng yaxshi legioner, eng yaxshi to‘purar va eng yaxshi futbolchi nominatsiyalarida g‘olib bo‘ldim. Shuningdek, eng yaxshi assistent deb ham aynan meni e’tirof qildilar.

- O, yutuqlaringiz ancha salmoqli bo‘libdi-ku!
- Meni faqat eng yaxshi darvozabon deb topishmadi xolos (kuladi).

- Bu sizning O‘zbekiston chempionatidagi dastlabki qadamingiz, to‘g‘rimi? O‘z oldingizga qanday maqsadlarni qo‘ygansiz?
- Bu yerda o‘ynash, klub oldiga qo‘yilgan vazifalarni bajargan holda qimmatli ochkolarni qo‘lga kiritish oson bo‘lmasligini hozirdanoq anglab turibman. Hammasi reja asosida ketadigan bo‘lsa, “Navbahor” chempionlik uchun kurashadi. Bu yo‘lda bor kuchimni ishga solishga va’da beraman.

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Zoran Marushich nega "Neftchi"ni emas, "Navbahor"ni tanlagani, "Dinamo" (Tbilisi)dan qanday ketgani va Babayan haqida