00:13 / 03.02.2022
1 391

"Navbahor"ga o‘tishining 2 ta sababi va Koreyadan nega ketgani xususida Jamshid Iskanderov nimalar dedi?

"Navbahor"ga o‘tishining 2 ta sababi va Koreyadan nega ketgani xususida Jamshid Iskanderov nimalar dedi?
“Navbahor” amalga oshirgan eng foydali transferlardan biri bu shubhasiz Jamshid Iskanderov. Axir uning qanday saviyadagi ijrochiligini barcha yaxshi biladi.

Janubiy Koreyaning yetakchilaridan biri – “Seongnam”da samarali faoliyat olib bordi. Bu yil esa faoliyatini Namanganning “Navbahor” klubida davom ettiradi. Namanganga qilgan safarimiz chog‘ida futbolchi bilan uchrashdik. Iskanderov Sports.uz muxbiri bilan suhbatda bir qancha savollarga javob qaytardi.

- “Seongnam” klubidagi faoliyatingizdan keyin O‘zbekistonga, jumladan “Navbahor”ga qaytishingiz biroz kutilmagan holat sifatida baholanmoqda. Sizning bu yerga kelishingizda tabiiyki, Samvel Babayanning roli katta. Ammo yakuniy qaror o‘zingizda qolgandi. Shunday ekan, “Navbahor”ni tanlashingizda asosiy sabab nimada edi?
- Legioner bo‘lib o‘ynagach, O‘zbekistonga qaytib kelishim juda qiyin bo‘ldi. Rosa o‘yladim. Bir-ikkita klublar bilan gaplashib, shartnomani kutib turgandik. Lekin hali 100 foiz hal bo‘lmagandi. Bu yoqda siz aytganingizdek, Samvel Vyacheslavovich bilan har doim aloqada bo‘lib turdik. Menimcha, bu klubga kelishimda eng katta sabab Samvel aka. Birinchi ustozimiz, ko‘p yordam ko‘rsatgan odam. Taklifiga yo‘q demasdan rozi bo‘ldim. Turkiyaga ketishimizdan bir-ikki kun oldin “Navbahor”ga o‘tishim hal bo‘ldi. Klub bilan kelishgan holda shartnomaga qo‘l qo‘ydik.

- “Seongnam”dan ketganingizdan keyin yana O‘zbekistonga qaytaman deb hech o‘ylab ko‘rganmidingiz?!
- Yo‘q. “Seongnam”da o‘ynab yurgan paytlarimda legioner qanaqa bo‘lishini o‘zimdan o‘tkazdim, ichimdan his qildim. Koreyada o‘ynadim, bildim, ko‘rdim, aqlim ham, kuchim ham yetardi. Yana boshqa chempionatlardan birida to‘p surishimga 100 foiz ishonchim bor edi. Menga “Seongnam”ning o‘zidan, Koreyaning yana boshqa jamoalaridan ham takliflar bo‘ldi. Shu bois yana o‘sha yerda qolsam bo‘lardi. Lekin sobiq klubim bilan plyus-minuslari bor bo‘lib, shu narsasi bizga to‘g‘ri kelmadi. Bu paytda menga “Navbahor”dan aniq taklif kelib tushdi. Rosti, bu jamoaning o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlari meni qiziqtirib qo‘ydi. Birinchi sababi Samvel Babayan bo‘lsa, ikkinchisi, klubning maqsadlari. O‘zimga-o‘zim savol berdim: nima uchun yo‘q? Shu jamoaga kel, shartnoma imzola va harakat qilib ko‘r! Tavakkal. Biz o‘z ishimizni bajaramiz, qolgani Xudodan.

- “Seongnam”dagi faoliyatingizni imkon qadar saytimiz orqali yoritib bordik. O‘ylaymizki, u yerdagi ishlaringiz yomon kechmayotgandi. Voqealar rivoji rejalashtirilmagan tarzda o‘zgarib ketdimi?
- Boya aytganimdek, jamoam menga yangi taklif bilan chiqdi, shartnomani uzaytirish bo‘yicha. Men ularga ketaman yoki qolaman deganim yo‘q. Faqat bu varianti biroz pauzada ushlab turdim. Agentlar gaplashganida plyus-minuslari to‘g‘ri kelmadi. Ungacha yaxshilab o‘ylab olishim uchun bir-ikki oy vaqt bo‘ladi, degan xayol bilan O‘zbekistonga dam olishga qaytgandim. Keyin esa hammasi o‘zgarib ketdi. Aytganimdek, klub Turkiyaga ketishiga sanoqli kunlar qolganida hal bo‘lib ketdi.

- Janubiy Koreyadagi faoliyatingiz legioner sifatida sizni qanchalik o‘zgartirib yubordi?
- To‘g‘risini aytsam, legioner bo‘lib ko‘p narsalarni o‘rgandim. Menga juda ham foydali kechdi. Insoniylik, futbol, professional tomonlama nihoyatda foydasi katta bo‘ldi. Ulardan ko‘p jihatlarni o‘rgandim. Ularga o‘xshab kuchli bo‘lib, o‘zimni yaxshi tomonlama ko‘rsatib, jamoamga yordam berish uchun intildim. Xudoga shukr, u yerda yomon bo‘lmadim.

- Sir bo‘lmasa, Koreyadan tashqari yana qaysi klublardan takliflar olgandingiz?
- Ayrimlari bilan gaplashdik. Lekin 100 foiz aniq emasdi. Endi bu haqida gapirishni xohlamayman.

- Janubiy Koreya chempionatidan O‘zbekiston Superligasiga qaytishingizni har kim turlicha talqin qilishi mumkin. Shaxsan siz bu qaroringizni ortga tashlangan qadam deb hisoblamaysizmi?
- Rostini aytsam, darhol shunaqa savollar bo‘ldi. “Navbahor”ga o‘tmasimdan oldin ham ko‘p joylarda xabarlar chiqib ketdi. Muxlislar yozishni yoki ko‘rganda gapirishni boshlashdi. O‘zimga ham bu qarorni qanday tushunamiz, deb aytishdi. Yuqorida sizga aytdim-ku, “Navbahor”ning oldiga qo‘ygan maqsadi juda zo‘r. Men buni orqaga qadam deb o‘ylamayman. Futbolchilar uchun hamma sharoitlarni yaratib berishyapti. Biz o‘yinchilar faqat o‘zimizni ko‘rsatib, hamma birlashib, ko‘zlagan maqsadimizga erishsak bo‘ldi. Jamoaning maqsadiga erishishi uchun biz ham yordam beraylik deb keldik. O‘zbekistonlik futbolchi o‘zini ko‘rsatsa o‘zi uchun yaxshi. Yo klubida olib qoladi yoki boshqa jamoalarga ketadi, yanada o‘sish uchun.

- “Navbahor”da yangi futbolchilar yig‘ilyapti. Muhit qanday?
- Hammamiz o‘zbekmiz, bir-birimizni taniymiz, ilgari birga yoki maydonda qarshi o‘ynaganmiz. Zo‘r transferlar bo‘ldi. Barcha futbolchi jamoada qanday maqsad borligini biladi. Shu paytgacha qiyinchiliklar bo‘lmadi. Legionerlarga kelsak, Jokich O‘zbekistonda bir necha yildan beri o‘ynaydi, hammasini biladi. Grigalashvili ham anchadan beri shu yerda. Siger o‘tgan mavsumda “Navbahor”da to‘p surdi. Birgina yangi kelgan legioner Marushichni aytish mumkin. Unga plyus tomoni shuki, ikki nafar hamyurtlari – serbiyalik futbolchilar bor. Jamoamiz yangi legionerni yaxshi qabul qildi.

- Namanganlik muxlislar sizdan ko‘p narsa kutishyapti. Bu sir emas. Qolaversa, bu yerda to‘p surish oson ish emas. O‘ziga yarasha nomingiz ham bor. Ayting-chi, sizga qo‘shimcha bosim yuklamaydimi?
- Sizga haqiqatni aytaman: kelishimdan oldin ham shu narsani o‘yladim. “Navbahor” taklif bilan chiqqanida namanganlik muxlislar juda ko‘p va talabchan. Men esa legioner bo‘lib qaytdim va mendan ko‘p narsa so‘raladi. Mendan kutilayotganlarini qila olamanmi, deb o‘ylab chiqdim. Lekin shunday maqsadda keldimki, har bir uchrashuvda jonimni berib, qo‘limdan kelganicha oxirigacha kurashib, chiroyli o‘yinim bilan jamoa g‘alabalariga hissa qo‘shmoqchiman. Bilaman, qiyin bo‘ladi, oson kechmaydi. Ammo biz harakat qilib tursak, Xudoim ham omadimizni beradi.

- Jamshid, siz milliy terma jamoamiz a’zosi edingiz. Ammo oxirgi paytlarda nimadir bo‘ldi-yu, termadan uzilib qoldingiz. Bu hol sizni qiynamayaptimi?
- Bu narsa baribir odamni qiynaydi. Har bir futbolchini milliy terma jamoada o‘ynagisi keladi. Ayniqsa, legioner bo‘la turib, terma jamoaga chaqirilmasa yanada og‘ir bo‘ladi. Legioner bo‘lib yurganingizda mehnat qilib, o‘zingizni ko‘rsatish uchun harakat qilasiz va milliy termaga tushishga intilasiz. Chunki yurtingizga qaytgingiz, milliy terma uchun o‘ynagingiz keladi. Menda shunaqa hissiyotlar bo‘lardi. Lekin hech qanaqa e’tirozim yo‘q. Hamma aybni birinchi navbatda o‘zimdan qidiraman. Loyiq bo‘lmaganim uchun chaqirishmagan. Koreyada yurganimda ham o‘z ustimda ishlashda davom etaverdim. Bugun bo‘lmasa ertaga, ertaga bo‘lmasa indinga chaqirib qolishar.

- Termaga oxirgi bor qachon borganingiz esingizdami?
- 2020 yil. Ha, 2021 yilda Vadim Abramov paytida ham chaqirishgan. Lekin pandemiya tufayli kela olmaganman. Bilsangiz, Koreyada pandemiya masalasida tartib-intizom juda kuchli. Masalan, shahardan chiqib qaytib kelsangiz ikki haftalik karantinga olinasiz.

- Srechko Katanes boshchiligidagi jamoaga sizni chaqirishlariga ishonasizmi?
- Legioner bo‘lib o‘ynab yurganimda balki e’tiboriga tushmagandirman. Mana, endi O‘zbekistondaman. O‘z o‘yinimni ko‘rsatishga harakat qilaman, u yog‘i Xudodan. Balki murabbiyning nazariga tusharman. Har bir mutaxassisni o‘yin uslubi bor. Shunga qarab chaqirsa kerak.

- O‘tgan yili terma jamoamiz Abramov bilan Saudiya Arabistonida mag‘lubiyatga uchrab JCH-2022 ning uchinchi saralash bosqichiga chiqa olmadi. Chindan biz loyiq emasmidik?
- Biz 100 foiz keyingi bosqichga chiqishga loyiq edik. Bu – futbol, bu – hayot. O‘shanda hamma intildi, harakat qildi. Hech kim qarab turgani yo‘q. Shunaqa bo‘lishi kerak ekan, shu narsa bo‘ldi. Biror nima deya olmayman. Murabbiy haqida biror narsa ayta olmayman. Chunki rahbarlar bor. Ular qaror qabul qilishdi. Mana, endi milliy termada o‘sha murabbiy yo‘q.

- Katanes haqida qanday fikrdasiz?
- U murabbiyni bilmayman, hali birga ishlab ko‘rmadim.

- Chetdan qaraganda, futbolimiz sizga qanday ko‘rinyapti?
- Koreyada sharoitlar zo‘r. Lekin Koreyaga taqqoslamayman. Ammo yomonlamayman. Negaki, futbolimizda o‘zgarishlar va intilishlar bo‘lib turibdi. O‘ylaymanki, o‘sish bo‘ladi. Oldingi yillarni gapirmayman. Umid qilaman, endi yaxshi bo‘ladi. Chunki maqsad bor.

- Keyingi maqsadingiz qanday?
- Maqsadim har doim yuqori. Bu yerga ham katta niyatlar bilan keldim. Jamoamga yordam berish, o‘zimni ko‘rsatish va yana legionerga aylanish istagim bor. Xorijda o‘ynab keldim va endi yaxshi tushunaman. Maqsaddan qaytish yo‘q. Hozir “Navbahor”damanmi, birinchi vazifam klubimga foyda keltirish.

- Sizga katta umid bilan boqib turgan namanganlik muxlislarga aytadigan gapingiz bormi?
- Oldin stadionda qanday muxlislik qilishgan bo‘lsa, yana shunday faollik ko‘rsatishadi. Biz ham qo‘ldan kelganicha harakat qilamiz. Futbolchilar ham buni yaxshi tushunishadi va his qilishadi. Futbolda hamma narsa bo‘lishi mumkin. Ishqibozlar esa har qanday holatda ham jamoamizni qo‘llab turishini istayman.

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Navbahor"ga o‘tishining 2 ta sababi va Koreyadan nega ketgani xususida Jamshid Iskanderov nimalar dedi?