17:45 / 05.02.2022
1 001

"Navbahor"dan taklif bo‘lgani rost, "Paxtakor"ni tanlaganimning sababi esa..." - Sardor Rashidov

"Navbahor"dan taklif bo‘lgani rost, "Paxtakor"ni tanlaganimning sababi esa..." - Sardor Rashidov
Tajribali futbolchi Sardor Rashidov atrofidagi gap-so‘zlarga nihoyat chek qo‘yildi. Yangi mavsumga “Paxtakor” bilan birga tayyorgarlik ko‘rayotgan o‘yinchi boshqa klublarga borib o‘tirmadi-da, shartta “Paxtakor” bilan kelishib qo‘ya qoldi. Shu bilan Rashidov mavzusiga nuqta qo‘yildi. Hammasi uzil-kesil hal bo‘lganidan so‘ng Sports.uz muxbiri Rashidov bilan bog‘landi.

- Sardor, avvalambor sizni "Paxtakor"ga qaytganingiz bilan tabriklamoqchimiz. Aslini olganda, bu klubga qaytish rejangizda mavjudmidi yoki barchasi kutilmaganda o‘zgarib ketdimi?
- Rahmat. “Paxtakor” jamoasiga o‘tishimga kelsak, bu klubni Osiyoda juda hurmat qilishadi. Shuning uchun mazkur jamoaga o‘tish rejamda bor edi, degan bo‘lardim.

- Quvaytdan keyin yana legionerga aylanarsiz, deb kutgandik. Yoki chetda to‘p surishdan charchadingizmi?
- Quvaytdan o‘zimni ham ko‘nglim to‘lmadi. Ya’ni, qaysi ma’noda? Men bu bilan futbol ma’nosini nazarda tutib gapiryapman. Moliyaviy tarafdan esa ular hatto qatarliklardan ham qolishgani yo‘q. O‘zimni yana Osiyo Chempionlar ligasida sinab ko‘rish niyatim ham bor edi.

- O‘tgan yili ham mavsumni “Paxtakor”da boshlagandingiz va keyin ketgansiz. Sizningcha, o‘tgan yilgi ssenariy takrorlanishi mumkinmi?
- Ha, avvalambor meni “Paxtakor” klubiga yordam berish niyatim bor. Hozir ham, o‘tgan yilda ham boya aytib o‘tganimdek, klubni Osiyoda, masalan, Qatarda ham yaxshigina obro‘-e’tibori bor.

- Yaqinda sizni Samvel Babayan “Navbahor”ga taklif qilgani haqida xabarlar chiqdi. Bu rostmi? “Navbahor”da to‘p surishingiz ham mumkinmidi?
- To‘g‘ri, “Navbahor”dan taklif oldim. Sizga rostini aytadigan bo‘lsam, bu jamoa muxlis bo‘yicha nafaqat O‘zbekistonda, balki Osiyoda ham katta o‘rin tutadi. Chunki futbol muxlislar bilan chiroyli, albatta. “Paxtakor”ni tanlagimni sababi esa bu baribir “Paxtakor”!

- Yaqinda Sports.uz saytida videointervyu berdingiz va unda bir qator muhim gaplarni aytdingiz. O‘sha videosuhbatdan keyin muxlislarning sizga bo‘lgan reaksiyasi qanday bo‘ldi?
- Sports.uzga bergan intervyuim haqida gapirsak, anchadan buyon hamkasblaringizga va’da berib kelardim. Men va’damga vafo qildim. Reaksiya menda har doim bo‘lgan. O‘sha intervyudan keyin o‘zim uchun nima muhim va nima muhim emas ekanligini bilib oldim.

- Xizmatingizga doim arab klublari qiziqish bildirishgan va ular hamisha sizni tarkiblariga qo‘shib olishga shay turishardi. Bu safar nima bo‘ldi? Yokin o‘zingiz borishni xohlamadingizmi?
- Ha, arab klublari men bilan aloqada bo‘lishdi va o‘z tarkiblariga chorlashdi. Biroq menga faqat yozgacha bo‘lgan shartnomani taklif qilishdi. Sizga boya aytib o‘tganimdek, o‘z kuchimni Osiyo Chempionlar ligasida sinab ko‘rmoqchiman.

- Bu yil 31 yoshga qadam qo‘yasiz. Agar faoliyatingizda nimanidir o‘zgartirish kerak bo‘lsa, aynan nimani o‘zgartirgan bo‘lardingiz?
- Futbolchi yoshi o‘tgan sari o‘zini yaxshi formada bo‘lishiga va shu bilan birga yaxshi ovqatlanishiga qattiq e’tibor berish kerak ekanini tushunib yetdim. Chunki yosh o‘tgan sari futbolchi jismonan ozgina bo‘lsa ham kuch yo‘qotadi. Lekin hali menda bunaqasi bo‘lmadi (kuladi).

- Nima deb o‘ylaysiz, hozirgi paytda sizga "Paxtakor" kerakmidi yoki "Paxtakor"ga siz kerakmidingiz?
- Jamoa hamisha futbolchidan ustun turadi. Shu jumladan, “Paxtakor”da o‘zimni yaxshi his qilganim uchun “Paxtakor” menga kerak, deb o‘yladim.

- "Paxtakor"ning yangi murabbiyi sizni nimasi bilandir hayron qoldiryaptimi?
- Murabbiyning meni hayron qoldirgan narsasi shuki, u tartib-intizomga juda qattiq rioya qilishidir. Shuningdek, futbolchilarga ham shuni qanday uqtirishni biladi.

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Navbahor"dan taklif bo‘lgani rost, "Paxtakor"ni tanlaganimning sababi esa..." - Sardor Rashidov