22:08 / 06.02.2022
1 716

Srechko Katanes terma jamoamiz futbolchilari bilan natija ko‘rsata oladimi?!

Srechko Katanes terma jamoamiz futbolchilari bilan natija ko‘rsata oladimi?!
Xabaringiz bor, terma jamoaning BAAdagi yig‘inini yoritish maqsadida Dubay shahrida bir necha kun bo‘ldik. O‘zbek futbolining eng yorqin vakillari bilan intervyular tashkil etdik. Ularning xar biri bir olam, ammo meni Srechko Katanes bilan bo‘lgan suhbat ko‘proq o‘ylantirdi. Qisqa bo‘lsa-da, juda ko‘p savollar ochiqlangan suhbatdan so‘ng uning futbolga bo‘lgan qarashi haqida yaxshiroq tushunchaga (suhbatimiz tez kunlarda SPORTS.uz ning "YouTube"dagi rasmiy sahifasida omma e’tiborga taqdim etiladi) ega bo‘ldim. Keling, barchasini boshidan boshlayman.

Janubiy Sudan bilan o‘yin chog‘ida bor e’tiborimni O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Srechko Katanetsga qaratdim. Vaziyatni yaxshiroq tomosha qilish uchun unga yaqin bo‘lgan birinchi qatordagi joyga o‘tirdim. Gol, to‘p uchun kurash va xavfli vaziyatlardagi reaksiyasini sinchiklab kuzatdim. Soddaroq qilib aytsam, murabbiy futbolchilarimizdan nima talab qilayotganini anglashga urindim. 90 daqiqa davomida u bergan ko‘rsatmalarning juda katta qismi bajarilmadi. Tayanch zonasidagilar to‘pni ko‘proq o‘zida ushlab qoldi, markaziy himoyachilar to‘p uchun kurashda u istaganidek faol bo‘lmadi, pleymeyker vazifasida o‘ynagan Sidiqov esa, umuman yo‘qolib qoldi. Bu ham yetmaganidek, Katanes hujum vakillaridan pressingda faol bo‘lishini 90 daqiqa tinmay talab qildi. Voqealarni chetdan kuzatar ekanman murabbiy bizning futbolga umuman zid bo‘lgan narsalarni talab qilayotgandek tuyuldi.

1. To‘p uchun kurashdagi keskinlik;
2. Pressingga suyangan intensiv futbol;
3. Imkon qadar sodda va aniq uzatmalar;
4. Standartlardan foydalanish unumdorligi;
5. Kichik epizodlarda yutib chiqish.

Shu va yana bir nechta aspektlarda murabbiy shogirdlaridan faolroq bo‘lishini so‘radi. Bahs termamizning yirik hisobdagi g‘alabasi bilan yakunlanganiga qaramay, mutaxassis o‘yindan keyin xursand bo‘lgani yo‘q. Hatto, biz bilan suhbatlashib turgan Eldorni ham kiyinish xonasiga tezroq kirishini talab qildi. Ko‘p o‘tmay, u tarjimon bilan stadionga qaytib chiqdi. O‘yinda ishtirok etmagan va kamroq daqiqa harakat qilgan boshqa futbolchilarga ko‘rsatma berib mashg‘ulot o‘tkazishga tushib ketdi. Darhaqiqat, Srechko Katanes talab etayotgan agressiv futbolni maydonda ko‘rsatish uchun bizning jismoniy tayyorgarligimiz o‘sha kuni talabga javob bermagani fakt! Safarimiz davomida ko‘plab futbolchilar bilan suhbat qurdim. Ulardan biri faoliyati davomida hali hech bir murabbiy bir kunda 20 km masofani yugurishga undamaganini kulib aytib berdi. Bu so‘zlarni eshitar ekanman, Katanetsning mashg‘ulotlardan birida aytgan so‘zlari yodimda tushdi.

"Agar kimdir charchagan bo‘lsa, maydonda 100 foiz harakat qila olmasa hoziroq aytsin!"

Shogirdlarining o‘yindan so‘ng ham mashg‘ulot o‘tkazayotganini kayfiyatsiz tomosha qilayotgan murabbiyni suhbatga tortdim. Ingliz tilini mukammal bilmasam ham, juda ko‘p narsadan ko‘ngli to‘lmaganini darrov angladim.

"Ba’zi vaziyatlar bo‘ldi, ammo futbolchilar gol urgisi kelmay qolgandek tuyuldi. Tinmay bosim uyushtirib, chiroyli o‘ynashga harakat qilish kerak emas. O‘zbekiston aynan shu sababli 70 daqiqadan keyin to‘liq kuch bilan o‘ynay olmaydi. Zamonaviy futbolda to‘g‘ri himoyalanishni barcha biladi. Janubiy Sudan ham avtobus qo‘ygach, futbolchilar qiynaldi. Keyin, raqibni hujumga o‘tishi uchun imkon berilishi kerakligini aytdim. Natijada, ular oldinga o‘tganida bo‘sh zonalar paydo bo‘ldi va 2 ta gol urdik. Aks holda, tinmay hujum qilaverib o‘zimizni charchatgan bo‘lar edik. Bizning tarkibimizda Messi bo‘lsa edi, bemalol yorib o‘tib vaziyat yaratsa..."

Bir qarashda uning fikrida jon bordek, ammo bir narsa o‘ylantirib qo‘ydi. Bir paytlar Ektor Kuper ham minimalizmga suyangan ehtiyotkor futbolni terma jamoaga singdirishga urinib ko‘rgan, ammo yakunda muddatidan avval iste’foga chiqarilgandi. Dribling va fintdan ko‘ra aniqlik, markazdagi besamar paslardan ko‘ra bitta qarshi hujumni, taniqli futbolchidan ko‘ra bosimga chidamli o‘rtacha klassdagi ijrochini afzal ko‘radigan Katanes futbolimizda chinakamiga inqilob qilmoqchi. Buning uchun MTJ sloveniyalik murabbiyning maydondagi talablariga to‘liq javob berishi, jismonan yetukroq formaga chiqishi shart. Aks holda, u targ‘ib etmoqchi bo‘lgan futbol biz uchun ortga tashlangan qadam bo‘lishi mumkin.

Srechko bir qarashda juda sodda ko‘ringan o‘yin uslubi bilan futbolchilarimizning ruhiy holati va jismoniy tayyorgarligini yaxshilashga harakat qilmoqda. Bu aspektlarda o‘sishga erishmasa, uning barcha ko‘rsatmalari besamar ekanligini tushunib turibdi. O‘z-o‘zidan bir savol paydo bo‘ladi. Inqilob qilishga o‘zbek futboli tayyormi? Murabbiy kamchiliklarimizdan kelib chiqib o‘z talablarini qo‘yishni boshladi, ammo qarsak tovushini hozircha hech kim eshitmadi. Nega, deysizmi? Axir, qars ikki qo‘ldan chiqadi.

Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jayev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Srechko Katanes terma jamoamiz futbolchilari bilan natija ko‘rsata oladimi?!