22:38 / 06.02.2022
885

Oleg Zoteyev Rossiya va Erondan tushgan takliflar, nega "Qizilqum"ni tanlagani haqida gapirdi

Oleg Zoteyev Rossiya va Erondan tushgan takliflar, nega "Qizilqum"ni tanlagani haqida gapirdi
Tajribali futbolchi Oleg Zoteyev yana O‘zbekistonga qaytdi. Lekin uni “Qizilqum” safidan joy olishini ko‘pchilik kutmagan bo‘lsa kerak-a?

Oxirgi ikki mavsumni Janubiy Koreyaning “Chonnam Dragons” klubida o‘tkazgan hamyurtimiz yana xorijda to‘p surishi mumkin edi. Biroq endi Superligada faoliyatini davom ettirishga qaror qildi. Albatta, navoiyliklar ushbu o‘yinchini qo‘lga kiritish orqali yaxshigina kuchayishga erishdilar.

“Yaxshi jamoa tuzishyapti”
- “Qizilqum” jamoasiga o‘tganimga kelsak, menga Hamidjon aka Aktamov qo‘ng‘iroq qildi. Klubning bu yilgi maqsad va rejalarini aytdi. Yaxshi jamoa tuzishyapti. “Lokomotiv”da o‘ynagan bir qancha o‘yinchilar ham “Qizilqum”ga o‘tishdi. Bu futbolchilar bilan ilgari birga to‘p surganmiz va bir-birimizni yaxshi bilamiz. Natijada klubning o‘z oldiga qo‘ygan maqsadi yo‘lida men ham hissamni qo‘shish uchun ushbu jamoaga o‘tishga rozi bo‘ldim. “Qizilqum” birinchi davrani Toshkentda o‘tkazadi. Bu tomonlama ham bizga ancha qulay.

“Rossiya premer-ligasi klubi va Eroning yetakchisi jiddiy qiziqdi”
- Ha, mening oldimda takliflar bor edi. Ayniqsa, Rossiya premer-ligasi klubidan va Eronning yetakchilaridan biri jiddiy qiziqdi. Biroq yoshim o‘tib borayotgani uchun Rossiya jamoasiga o‘tish imkoniyati amalga oshmadi. Eron klubi esa hali ham menga ko‘z tikkan. Bu jamoa Osiyo Chempionlar ligasida o‘ynaydi. Lekin men uyimga yaqinroq bo‘lish uchun O‘zbekistonga qaytdim va ”Qizilqum”ni tanladim.

“Navbahor” va “So‘g‘diyona”dan taklif tushdi”
- Menga “Navbahor”, “So‘g‘diyona” yana boshqa klublarimizdan takliflar kelib tushgandi. Avvalo, taklif uchun minnatdorchilik bildiraman. Biroq ko‘proq oilam yonida bo‘lishni istaganim uchun Toshkentdaman. Yuqorida aytganimdek, “Qizilqum” jamoasi hozircha uy o‘yinlarini poytaxtda o‘tkazib turadi. Shu sababdan yo‘l bosib boshqa klublarga borishni istamadim.

“Osiyo Chempionlar ligasidan 40 dan ziyod o‘yinlarda o‘ynadim”
- Ha, “Chonnam Dragons” Koreya Kubogini qo‘lga kiritdi va endi Osiyo Chempionlar ligasida ishtirok etadi. Ular meni qolishimni juda istashgandi. Shu sababdan yana chempionlar ligasida o‘ynashim mumkin edi. Lekin bu musobaqa men uchun yangilik emas. Oldin juda ko‘p to‘p surganman. Osiyo Chempionlar ligasida adashmasam, 40 tadan ortiq o‘yinda maydonga tushganman. Agarda hali o‘ynamagan bo‘lganimda ham bu boshqa gap edi. Shu bois ham chempionlar ligasiga u qadar talpinmadim. Buning ustiga “Chonnam Dragons” yangi mavsum uchun tarkibini tajribali o‘yinchilar bilan kuchaytiryapti deb ayta olmayman. Ko‘proq yoshlarga ham e’tibor qaratilyapti. Qolaversa, jamoani bir qancha futbolchilar tark etishdi. Hozir bor e’tiborimizni “Qizilqum” klubiga qaratganmiz. Chunki uning ham oldiga qo‘ygan jiddiy va aniq vazifalari bor.

“Medallar uchun 5-6 ta klub asosiy favorit”
- Bu yil O‘zbekiston chempionati oldingilarga qaraganda ancha qiziqarli o‘tadi, deb o‘ylayapman. Nega deganda, jamoalar yaxshi transferlarni amalga oshirishyapti. Intriga ham shunga yarasha jiddiy kechadi. Endi birgina “Paxtakor” yaqqol favorit emas. Medallar uchun kurashda 5-6 ta klub asosiy favoritga aylanadi. Bu esa muxlislar uchun ham juda qiziq tuyuladi. O‘zim ham yana O‘zbekiston chempionatiga qaytganimdan xursandman. Bu yerda yaxshi xotiralar bor. O‘sish sezilyapti. Adashmasam, O‘zbekiston Superkubogini 3 marta qo‘lga kiritgan yagona futbolchi men bo‘lsam kerak.

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Oleg Zoteyev Rossiya va Erondan tushgan takliflar, nega "Qizilqum"ni tanlagani haqida gapirdi