931
Ivan Solovyov: "Ochig‘i, Namanganda meni qanday qarshi olishlarini tasavvur qila olmayman"
Qarshining “Nasaf” jamoasi ham Superliganing boshqa ishtirokchilari qatori yangi mavsum uchun astoydil tayyorgarlik ko‘ryapti. Kuni kecha “Ajdarlar” Turkiyadagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini yakunlab qaytib keldilar.
Ro‘ziqul Berdiyev boshchiligidagi jamoa har doimgidek chempionat favoritlaridan biri, bunga hech kimda shubha bo‘lmasa kerak. Jamoaning o‘tgan yilgi tarkibi deyarli saqlanib qolindi. To‘g‘ri, u qadar katta va jiddiy o‘zgarishlar kuzatilmadi. Ammo yangi taklif qilingan futbolchi sifatida rossiyalik legioner Ivan Solovyovning Qarshi klubiga ko‘chib o‘tishi hech kimni befarq qoldirmagan bo‘lsa kerak. Zero, o‘zbek muxlislari uchun ushbu o‘yinchi juda yaxshi tanish. Ayniqsa, “Navbahor”dagi faoliyati orqali nimalarga qodirligini va qanday imkoniyatlarga ega ekanini ko‘z-ko‘z qila olgan.
Taqdir taqozosini qarangki, Ivan va uning jamoasi chempionatning dastlabki turini Namanganda “Navbahor”ga qarshi o‘yin bilan boshlaydigan bo‘ldilar. Har ikkala klub ham Turkiyada yig‘in o‘tkazdi. Tayyorgarlik a’lo darajada deyish mumkin. Bu borada Solovyovning fikri shunday bo‘ldi:
“Bizning Turkiyada olib borgan yig‘inimiz juda yaxshi o‘tdi. Qur’aga to‘xtaladigan bo‘lsam, chempionatni qaysi raqibga qarshi o‘yin bilan boshlashning hech qanday ahamiyatli joyi yo‘q. Shunisi aniqki, bo‘lajak uchrashuv juda qizg‘in kechadi”.
Rossiyalik o‘yinchi o‘z odatiga ko‘ra, sovuqqonlik hamda xotirjamlik bilan javob qaytardi. Lekin “Navbahor” – “Nasaf” to‘qnashuvida baribir rossiyalik legionerga ham o‘z-o‘zidan katta e’tibor qaratilishi tabiiy. Chunki Namanganda uch yil to‘p surgan futbolchi endi u yerga raqib o‘yinchisi sifatida keladi. Qiziq, “Navbahor” stadionida uni mahalliy ishqibozlar qanday qarshi olisharkin? Taxminimizcha, Ivan Solovyovga nisbatan o‘ziga yarasha bosim bo‘lsa kerak. O‘z navbatida shu haqidagi munosabatga rossiyalik legionerning javobi quyidagicha bo‘ldi:
“Meni u yerda qanday kutib olishlarini bilmayman, ammo ko‘plab muxlislar menga tez-tez yozib turishadi. Ularning aksariyat qismi klubga qaytishimni xohlash istagida ekanini bildiradi. Ochig‘ini aytsam, Namanganda meni qanday qarshi olishlarini hozir tasavvur qila olmayman”.
Futbolchining hayoti shu-da! Bugun bu yerda, ertaga boshqa yerda. Shunday ekan, Ivanning “Navbahor”dagi uch yillik faoliyati tugab, o‘zi uchun yangi sahifa ochdi. Endi u “Nasaf” uchun o‘ynaydi. Demak, legioner bor e’tiborini yangi klubiga qaratgan. Yanvar oyida qarshiliklar a’zosiga aylangan yarim himoyachi o‘tgan vaqt davomida yangi jamoasiga qanchalik moslashishga ulgurdi?
“O‘tgan qisqa vaqt ichida klubga to‘liq moslashib ulgurganimcha yo‘q. Lekin murabbiy mendan nimani hohlayotganini tushunib turibman va uning ko‘rsatmalarini bajaryapman. Hali ko‘p ishlashim kerakligi shundoq ko‘rinib turibdi. Chunki mavsumga to‘liq tayyor holatdaman, deya olmayman”, - dedi, bu borada futbolchi.
Shuningdek, Solovyovdan Namangandagi o‘yinda g‘alabaga qanchalik ishonyapsiz, deya so‘raganimizda, “albatta, g‘alaba qozonishimizga ishonyapman”, degan javobni aytdi. Aslida har bir o‘yinchi o‘z jamoasi bilan maydonga faqat g‘alabani ko‘zlab tushadi. Hech kim yutqazaman deb o‘ynamaydi-ku! Shu singari Ivan ham, yangi klubi ham katta maqsadlarni niyat qilgan. “Nasaf”ni esa “Navbahor”ga qarshi o‘yindan ham ko‘ra, oldinda Superkubok bahsi kutyapti. 27 fevral kuni “Ajdarlar” “Paxtakor”ga qarshi maydonga tushishadi. Bunday Superkubok esa Solovyov uchun birinchisi!
“Superkubok bahsiga a’lo darajada hozirlik ko‘rdik. Bundan tashqari, Turkiyada kuchli raqiblar bilan nazorat o‘yinlarini ham o‘tkazdik. Ha, bu men uchun dastlabki Superkubok uchrashuvi bo‘ladi”, - deydi Ivan.
Bu futbolchini Berdiyev “Nasaf”ga bejiz taklif qilgani yo‘q. Undan umidi katta va barcha imkoniyatlaridan foydalanmoqchi. Qiziq, murabbiy uning maydondagi vazifasini belgilab berdimi?
“Men bu haqda to‘xtalib o‘tishni istamayman. Chunki bu jamoa ichidagi o‘zaro sirdir. Shuningdek, jamoaning yoki boshqa raqibning mavsumga qo‘ygan vazifalari haqida gapirishni ham mutlaqo istamagan bo‘lardim. Chunki hammasi kollektiv ichidagi gap-so‘zlardir”, - deya javob qaytardi, Ivan Solovyov.
Shuhratbek Jo‘rayev
“Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Sirdaryoda YTH sodir etgan haydovchidan pul olgan YPX xodimi qamaldi
Revanshda g‘alaba qozonish uchun Tayson Fyuriga nima kerak?