1 972
Kanadadan siyosiy boshpana so‘ragan o‘zbekistonlik shaxmatchi: u bu borada birinchi bo‘lmagan
Sportchilar o‘tirgan samolyot Kanadadagi aeroportiga qo‘ngach, shaxmatchi undan tushib qochadi. Delegatsiya a’zosi niqobi ostida bo‘lgan KGB xodimi uning ortidan quvadi. Shaxmatchi to‘g‘ri aeroport binosiga kiradi va politsiyachilar oldiga borib, Kanadadan siyosiy boshpana so‘ramoqchi ekanini aytadi.
1980 yilda Kubada xalqaro grossmeyster, shaxmat bo‘yicha 3-jahon chempioni Xose Rual Kapablanka xotira turniri bo‘lib o‘tadi. Unda jahonning ko‘pgina davlatlari qatori SSSR shaxmatchilari ham qatnashadi. Ittifoq shaxmatchilari orasida o‘zbekistonlik Igor Ivanov ham bor edi. Turnir tugagandan so‘ng Moskvaga uchayotgan samolyot yonilg‘i quyish uchun Kanadaning Nyufaulend orolidagi aeroportga qo‘nadi. Shunda Ivanov samolyotdan tushib qochadi va Kanada hukumatidan siyosiy boshpana so‘raydi.
Igor Ivanov qochib ketishidan avval va AQSHda / Foto: jessekraai.com
Igor Ivanov haqida
1947 yilda Leningradda tug‘ilgan Igor Ivanov yoshligidan shaxmatga qiziqadi. U sakkiz yoshida pionerlar uyida ochilgan shaxmat to‘garagiga qatnaydi. Avvaliga otasidan ayrilgan Igor, 14 yoshida onasidan ham judo bo‘ladi. Maktabni bitirgach, u Leningrad davlat universitetiga o‘qishga kiradi. Biroz o‘tib o‘qishni tashlab ketadi va shaxmat bilan jiddiy shug‘ullana boshlaydi.
Igor yoshligidan isyonkor xarakterga ega bo‘lgan. U ulg‘aygach ma’muriy buyruqbozlikka asoslangan tuzumda yashashni xohlamaydi va SSSRdan chiqib ketish haqida o‘ylay boshlaydi. U do‘stlari davrasida bo‘lganida doim sovet hukumatini tanqid qiladi va mamlakatni tark etish rejasi borligini aytadi. O‘shanda buning amalda iloji yo‘q edi. Do‘stlari unga bu gaplarni har joyda gapirib yurmaslikni maslahat berishadi.
Shundan so‘ng yosh shaxmatchi O‘rta Osiyoga jo‘nab ketadi. Avvaliga u biroz muddat Tojikistonda yashaydi. So‘ng O‘zbekistonga ko‘chib o‘tadi.
Toshkentda yashagan Ivanov shaxmat bilan yanada jiddiy shug‘ullanadi. Yosh bolalarga shaxmatdan saboq beradi. SSSR bo‘ylab o‘tkazilgan ko‘plab musobaqalarda O‘zbekiston nomidan qatnashib, sovrinli o‘rinlarni egallaydi.
Ivanov 1978 yilda Latviyaning Daugavapils shahrida o‘tkazilgan saralash musobaqasida yosh shaxmatchi, bo‘lajak jahon chempioni Garri Kasparovga yutqazib, ikkinchi o‘rinni egallaydi.
Jahon chempionlari Gari Kasparov va Anatoliy Karpov / Foto: www.yaplakal.com
1979 yilda o‘tkazilgan SSSR spartakiadasida esa o‘sha paytda jahon chempioni bo‘lgan Anatoliy Karpovni mag‘lub etadi. O‘shanda u 32 yoshda bo‘lgan. Shundan so‘ng uning imkoniyatlarini yetarli baholashadi va 1980 yilda Kubada o‘tkaziladigan Kapablanka xotira turnirida qatnashadigan shaxmatchilar ro‘yxatiga kiritishadi. Kubadagi musobaqagacha u yana ikkita — Yaroslavl va Ashxoboddagi musobaqalarda g‘olib chiqadi.
Kubadagi musobaqa va Kanadadan siyosiy boshpana so‘rash
Igor Ivanov Kubaga uchish paytida grossmeyster Yuriy Razuvayev bilan yonma-yon o‘tirib qoladi. Parvoz paytida Igor unga musobaqadan so‘ng ortga qaytmasligini aytadi. Kubaga yetib borgach, Razuvayev Ivanovning rejasi haqida Gavanadagi sovet elchixonasiga xabar beradi. Ammo elchixonadagilar uning gaplarini jiddiy qabul qilishmaydi.
Moskva-Gavana aviayo‘nalishi
Kubadagi musobaqada qatnashar ekan, Ivanov bu davlatdan siyosiy boshpana so‘ray olmasligini bilib turardi. Chunki Kuba to‘liq SSSR ta’sirida bo‘lib, siyosiy boshpana so‘ragan sovet fuqarolarini Moskvaga jo‘natishi aniq edi. Shu sababli Ivanov boshqa chora izlay boshlaydi.
Kutilmaganda Ivanov uchun yaxshi imkoniyat paydo bo‘ladi. To‘g‘ridan to‘g‘ri Moskvaga uchishi lozim bo‘lgan sovet samolyoti yonilg‘i quyish uchun Kanadaga qo‘nib o‘tishi aytiladi.
Nyufaundlend oroli
Samolyot Nyufaundlend provinsiyasidagi Gander aeroportiga qo‘ngach, Ivanov sportchilarga hamroh bo‘lib ketayotgan KGB xodimining ko‘zini shamg‘alat qilib, samolyotdan tushib qochadi. O‘shanda u o‘zi bilan faqat ust kiyimi va cho‘ntak shaxmatini olgan edi. Delegatsiya a’zosi niqobi ostida bo‘lgan xodim uning ortidan quvadi. Ivanov to‘g‘ri aeroport binosiga kiradi va politsiyachilar oldiga borib, Kanadadan siyosiy boshpana so‘ramoqchi ekanini aytadi.
Shundan so‘ng Ivanovni politsiya bo‘limiga olib borishadi va unga uchta savol berishadi. Giyohvand moddalar qabul qilgani haqidagi savolga u «yo‘q» deb javob beradi. Qarorini o‘zgartirishi mumkinligi haqidagi savolga javoban yakuniy qarorga kelganini aytadi. «Samolyotda qolgan shaxsiy yuklarni olishni xohlaysizmi?» degan savolga u «ha» deydi.
Ivanov politsiyachilar hamrohligida samolyotdan jomadonini olish uchun borayotganda uning orqasidan quvib kelgan KGB xodimi rus va ingliz tillarida «u ashaddiy jinoyatchi, vatanida jazolanishdan qo‘rqib, Kanadada qolmoqchi bo‘lyapti», deb baqira boshlaydi. Unga e’tibor berishmaydi.
Gander aeroporti / Foto: www.cnn.com
Politsiyachilar Ivanovni mehmonxonaga olib borib joylashtirishadi. Samolyot Moskvaga usiz uchib ketadi. Oradan biroz o‘tib Kanada hukumati SSSRning Ivanovni Moskvaga topshirish talabini rad etadi va unga siyosiy boshpana beradi.
G‘arbiy yarim shardagi faoliyati
Ivanov Kanadada qolgach Monreal shahrida yashay boshlaydi va ketma-ket to‘rt marta Kanada chempionatida g‘olib bo‘ladi. Shuningdek, 1982 yilda jahon chempioniga da’vogar nomini aniqlash uchun o‘tkazilgan saralash turnirida muvaffaqiyatli qatnashadi. U bir necha nafar shaxmatchilar bilan bir xil ochko to‘plab 4-7 o‘rinlarga joylashadi.
Musobaqa davomida Ivanov Britaniya va Niderlandiyaning birinchi raqamli shaxmatchilari Entoni Mayls hamda Yan Timmanni yengadi. Biroq grossmeysterlik talabini bajarishi uchun unga yarim ochko yetmay qoladi. Ungacha u 1981 yilda xalqaro darajadagi sport ustasi unvonini qo‘lga kiritgandi.
Biroz o‘tib, Ivanov Kanada terma jamoasining birinchi raqamli shaxmatchisiga aylanadi. U 1982 va 1988-yillarda o‘tkazilgan shaxmat olimpiadasida Kanada bayrog‘i ostida dona suradi.
Igor Ivanov / Foto: Fanler.com
Bundan tashqari, Ivanov Kanada va AQSHda o‘tkazilgan ko‘plab tijoriy turnirlarda qatnashadi. 1990-yillar boshida u Kanada fuqaroligidan voz kechmagan holda doimiy yashash uchun AQSHga ko‘chib o‘tadi. 1997 yilgacha Ivanov to‘qqiz marta AQSH shaxmat federatsiyasi tomonidan o‘tkazilgan Gran-pri musobaqasida g‘olib chiqadi.
Keyinchalik Ivanov shaxmat murabbiyi bo‘lib ishlaydi. U 1970-yillar oxirida G‘arbga qochib ketgan taniqli shaxmatchi Viktor Korchnoyga bir necha musobaqalarda sekundantlik qiladi. Shu bilan birga AQSHdagi musobaqalarda ham qatnashadi.
Anatoliy Karpov va Viktor Korchnoy musobaqada / Foto: www.infobae.com
2005 yilda unda saraton aniqlanadi. Ivanov bir necha marta muolaja oladi va Arizonada o‘tkazilgan shtat ochiq chempionatida qatnashib, g‘alaba qozonadi. Oradan uch hafta o‘tib, 58 yoshida vafot etadi. Vafotidan biroz avval esa unga nihoyat grossmeyster unvonini berishadi.
SSSRdan qochgan shaxmatchilar
Igor Ivanovgacha SSSRni bir qancha sportchilar tark etgan va ular orasida shaxmatchilar ham bor. Jumladan, taniqli rus shaxmatchisi, to‘rtinchi jahon chempioni Aleksandr Alyoxin 1921 yilda avval Germaniyaga, so‘ng Fransiyaga ko‘chib o‘tib, SSSR fuqaroligidan voz kechadi. Keyinchalik u Fransiya fuqaroligini oladi va shu davlat bayrog‘i ostida musobaqalarda qatnashadi.
Aleksandr Alyoxin / Foto: onedio.com
Yana bir taniqli sovet shaxmatchisi ko‘p marotaba SSSR chempioni bo‘lgan Viktor Korchnoyning taqdiri ham Ivanovnikiga o‘xshab ketadi. U 1976 yilda Amsterdam shahrida o‘tkazilgan xalqaro musobaqa tugagach SSSRga qaytmasligini e’lon qiladi.
Korchnoy Shveysariyaga ko‘chib o‘tib, shu mamlakat bayrog‘i ostida musobaqalarda qatnashadi. Ungacha u bir necha marta SSSR chempioni va o‘tgan asrning 60-yillarida jahon chempionligiga nomzod bo‘lgandi.
1989 yilda yana bir shaxmatchi Gata Kamskiy AQSHdagi musobaqaga boradi va u yerdan qaytmaydi. O‘shanda u 14 yoshda bo‘lgan va AQSHda qolish qarorini Nyu-Yorkdagi musobaqaga birga borgan otasi qabul qilgandi.
«O‘shanda hali 15 ga ham to‘lmagandim. AQSHda yashash rejasi otamda avvaldan bo‘lgandi. 1988 yilda men AQSHda bo‘lib o‘tgan o‘smirlar chempionatida qatnashdim. O‘shandayoq otam G‘arbga qochish rejasini tuzgandi», deb eslagandi keyinchalik asl ismi Gataulla Sobirov bo‘lgan shaxmatchi.
Gata Kamskiy / Foto: tt.wikipedia.org
O‘zbekistondan chiqib ketgan shaxmatchilar
O‘zbekiston mustaqil bo‘lgach ham shaxmatchilar xorij davlatlari bayrog‘i ostida musobaqalarda qatnashish davom etayapti. Mustaqillikdan keyin o‘zbekistonlik shaxmatchining vatanni tark etishi bilan bog‘liq ilk voqea 1998 yilda sodir bo‘ladi. O‘shanda 16 yoshgacha o‘smirlar o‘rtasida jahon chempioni bo‘lgan samarqandlik xalqaro grossmeyster Ibrohim Hamroqulov musobaqalarda Ispaniya bayrog‘i ostida qatnashishini e’lon qiladi.
FIDЕ sahifasidagi Ibrohim Hamroqulov haqida ma’lumotlar
Keyinroq, toshkentlik Temur Gareyev AQSHga ko‘chib ketadi va shu davlat bayrog‘i ostida musobaqalarda qatnashadi.
Temur Gareyev / Foto: media.kpfu.ru
2020 yilda o‘zbekistonlik yana bir taniqli shaxmatchi Gulruxbegim Tohirjonova musobaqalarda AQSH nomidan qatnasha boshladi. Shuningdek, uning ikki singlisi ham O‘zbekiston terma jamoasi safidan chiqarilgan. Yaqinda Gulruxbegim Tohirjonova faoliyatini AQSHda davom ettirishiga Shaxmat federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Husan Turdialiyev sabab bo‘lganini ma’lum qildi.
Gulruxbegim Tohirjonova, Nafisa Mo‘minova, Hulkar Tohirjonova
Shuningdek, yana bir o‘zbekistonlik grossmeyster Sergey Qayumov hozirgi kunda BAAda faoliyat yuritmoqda. U ham ijtimoiy tarmoqlar orqali qilgan murojaatida «Husan Turdialiyevning oxirgi 20 yildagi diktaturasi» haqida gapirgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, shaxmatchilarni qo‘llab-quvvatlashga ajratilgan pullar «manziliga yetib bormagan». “Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Boku shahriga bordi
O‘zbekistonlik MMAchilar jahon chempionatida birinchi o‘rinni egallashdi
Olimpiada g‘oliblarini tayyorlagan toshkentlik o‘qituvchi 1 milliard so‘m mukofot puli oldi
AQSH Registon maydoni arxitekturasini saqlab qolish uchun 500 ming dollar ajratdi
Turkiya klubi sobiq prezidenti hakamga hujum qilgani uchun qamoq jazosiga hukm qilindi