22:10 / 22.03.2022
1 495

Legionerlarimiz terma jamoa yig‘iniga qay holatda yetib keldi?

Legionerlarimiz terma jamoa yig‘iniga qay holatda yetib keldi?
Xabaringiz bor, navbatdagi FIFA kunlarida O‘zbekiston terma jamoasi ""Navruz Cup" turnirida ishtirok etadi. Srechko Katanes mazkur yig‘in uchun 25 nafar futbolchini terma jamoaga chaqirdi. Ulardan 7 nafari xorij chempionatlarida to‘p tepmoqda. Legionerlarimiz mazkur turnirga qanday kayfiyatda yetib keldi?

Eldor Shomurodov
Joze Mourino boshchiligidagi "bo‘rilar" chempionatning 30-turi doirasida derbida "Latsio" ustidan yirik 3:0 hisobida g‘alaba qozondi. "Roma" birinchi bo‘limning o‘zida 3ta gol urishga erishdi. "Special One" bu safar asosan zaxiradan o‘yinga qo‘shiladigan legionerimiz xizmatidan foydalanmadi. Balki, Qirg‘iziston, Tojikiston va Uganda termalariga qarshi o‘yinlar oldidan Shomurodovga dam berishni istagandir...

Jaloliddin Masharipov
Uzoq kutilgan gol. "Al-Nassr" chempionatning 25-turida "Al-Feyha"ni qabul qildi. Asosiy tarkibdagi o‘rnini sekin-asta qaytarib olayotgan Masharipov o‘zining Saudiya chempionatidagi debyut golini urishga erishdi. Bu gol riyodliklarga muhim 3 ochkoni taqdim etdi. Jaloliddinning kayfiyati a’lo. Aynan u "Navruz Cup"da porlashi kutilmoqda.

Igor Sergeyev
Qozog‘iston chempionatining yangi mavsumi start oldi. Dastlabki turda "Tobol" o‘z maydonida "Akjayik"ni qabul qilib, Sergeyevning goli evaziga 3 ochkoni qo‘lga kiritdi. Igor termamizning oxirgi Dubaydagi yig‘inini o‘tkazib yuborgan edi. Raqiblarning darajasini hisobga olsak, Sergeyevda ham gollar urishga imkon bo‘ladi.

Doston Hamdamov
Missiya bajarildi. Hamdamov harakat qilayotgan Qatarning "Al-Sayliya" jamoasi chempionatda qolish vazifasini uddaladi. O‘tish o‘yinida "Al-Sayliya" hamda "Al-Hor" jamoalari o‘zaro kuch sinashdi. Dastlab, uchrashuvda mehmonlar 2:0 hisobida oldinga o‘tib oldi. Biroq hamyurtimiz to‘p tepayotgan jamoa iroda ko‘rsatib, yakunda 3:2 hisobida g‘alaba qozondi.

Legionerimiz Dostonbek mazkur uchrashuvning 62-daqiqasida zaxiradan o‘yinga tushdi.

Otabek Shukurov
Bilasiz, terma jamoamizning yana bir yetakchisi Otabek Shukurov BAAning "Sharja" klubida harakat qiladi. FIFA kunlari oldidan "Sharja" OCHL saralash bosqichida Iroqing "Al-Zavra" jamoasini qabul qilib, penaltilar seriyasida g‘alaba qozondi va guruh bosqichiga yo‘l oldi. Shukurov boshlang‘ich tarkibda maydonga tushdi va to‘liq o‘yin o‘tkazdi.

Azizbek Amanov - Sherzod Temirov
Eronda to‘p tepadigan ushbu ikki hamyurtimiz o‘zaro bahs olib bordi. "Persepolis" - "Istiqlol" uchrashuvida jamoalar 1:1 hisobidagi durangga imzo chekdi. "Persepolis" vakili Sherzod Temirov uchrashuvda 82 daqiqa harakat qildi. Shuningdek, u bahsning 16-daqiqasida sariq kartochka oldi.

"Istiqlol" a’zosi Azizbek Amonov mazkur o‘yinda 25 daqiqa to‘p tepdi. Bu ikki futbolchimizdan muxlislar ko‘p narsa kutmoqda. Umid qilamizki, ular bu ishonchni ortig‘i bilan oqlaydi.

Jaloliddin Qobiljonov tayyorladi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Legionerlarimiz terma jamoa yig‘iniga qay holatda yetib keldi?