date
views 2 449

Endi Shomurodovga yanada qiyin bo‘ladi

Endi Shomurodovga yanada qiyin bo‘ladi
Yozda “Roma”ning barcha chiziqlari yangilanadi. Mourino oldingi chiziq vakillaridan faqatgina Temmi Abraxamni olib qolmoqchi. Angliyalik hujumchiga “Arsenal”, “Manchester Yunayted” va “Chelsi”ning qiziqayotganini inobatga olgan rimliklar uning transferini 120 million yevroga baholab, xaridorlarni qochirishga harakat qilmoqda.

Hujum chizig‘ining qolgan vakillari – Nikolo Dzanologa xaridor ko‘p, Karles Peres Bundesliga vakillaridan taklif olgan, Stefan El-Shaaravining agentlari ham o‘z mijoziga yangi ish joyi qidirish bilan band.

Eldor Shomurodov borasida jim-jitlik. Hamyurtimiz Joze Mourino unga ko‘proq o‘yin amaliyoti berishini kutmoqda.

Rim klubi mutasaddilari Joze Mourino talabi bilan “Valensiya”dan portugaliyalik hujumsi Gonsalu Gedeshni transfer qilish bo‘yicha ish boshladi. Markaz va har ikki qanot hujumchisi sifatida o‘ynay oladigan 25 yoshli futbolchi joriy mavsumda 33 ta uchrashuvda 13 ta gol va beshta assist muallifi bo‘ldi.

Uning amaldagi bitimi kelasi yili yakunlanadi. Agar Mourno vakillari uni “Valensiya” bilan yangi shartnoma tuzmaslikka ko‘ndira olsa, ispan klubi uni yozda sotib yuborishiga to‘g‘ri keladi. Gedeshning manfaatlarini Mourinoning agenti Jorje Mendesh himoya qilishini inobatga olsak, bu uddalasa bo‘ladigan transferlar qatoriga kiradi.

Qolaversa, “Roma” uchun yana bir variant paydo bo‘ldi. “Yuventus” argentinalik yulduz Paulo Dibala bilan shartnma tuzmalikka qaror qildi. Turinliklar jamoada asosan yosh italiyalik ijrochilarni to‘plamoqchi. Asosiy nishonlardan biri Nikolo Dzanolo. “Roma” bu futbolchini 50-70 million yevro atrofida baholamoqda.

“Yuventus” bu summani pasaytirish maqsadida amerikalik legineri Ueston Makkennini Rimga jo‘natmoqchi. Turinliklar bosh murabbiyi uning o‘rniga Arturni berishni taklif qildi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, “Roma” Dibalaning kelishini istayapti.

Paulo Dibala “Yuventus”dagi yetti yillik faoliyati davomida jami 12 ta sovrinni qo‘lga kiritdi. Rimliklarga g‘oliblik ruhini o‘ziga singdirgan chempion o‘yinchi suv va havodek zarurligi aytilmoqda. “Roma” hujumida Abraxam va Dibala tandemi to‘p tepsa, raqiblar ancha qiynalib qolishi tayin.

“Roma” har qanday hujumchini olishi Eldor Shomurodovning asosiy tarkibga kirishini yanada qiyinlashtirib yuborishi turgan gap. Eldorning muntazam o‘ynash uchun salohiyati ham, mahorati ham, iste’dodi ham yetarli, faqat Joze Mourino hamyurtimizga nisbatan tushunarsiz munosabatini o‘zgartirsa va to‘liq ishonch bildirsa bo‘lgani.

“Roma” futbolchisini “Inter”ga taklif qilishdi

“Roma” yarim himoyachisi Jordan Veretuning agentlari faol tarzda o‘z mijoziga yangi jamoa qidirmoqda.
Ma’lumotlarga qaraganda, ular fransiyalik futbolchining xizmatlarini “Inter”ga taklif qilgani ma’lum bo‘ldi.

Yaqinda Joze Mourino kelasi mavsumda bir necha o‘yinchilarga ishonch bildirmasligini ma’lum qildi. Ular orasida Veretu ham bor. Aslida portugaliyalik mutaxassis maydon markazi vakillaridan faqatgina Lorenso Pellegrini uning talablariga javob bera olishini aytgan.

29 yoshli yarim himoyachi faoliyati davomida “Nant”, “Aston Villa”, “Sent-Eten”, “Fiorentina” kabi klublarda o‘ynab, 2019 yili Rimga kelgan. Amaldagi shartnomasi yana ikki yil davom etadigan o‘yinchining transfer summasi 20 million yevro atrofida baholanmoqda.

“Roma” Braziliyadan futbolchi chaqirdi

Rim klubi kelajak uchun yosh o‘yinchilarni ham transfer qilishni unutayotgani yo‘q. Rim klubi skautlari nazari braziliyalik Abner Vinisius da Silva Santosga tushdi.

Abner birdaniga uch klub – “Gremio Barueri”, “Moji-Mirin” va “Ponte-Preta” klublari tarbiyalanuvchisi hisoblanadi.

Iste’dodli himoyachi 2019 yilning yozida “Atletiko Paranaense” safiga ko‘chib o‘tdi va bu klub bilan besh yillik shartnoma imzoladi. U 2019 yili klubining mamlakat kubogini qo‘lga kiritishiga katta hissa qo‘shani va Braziliya terma jamoasi safida 2020 yilgi Olimpiya o‘yinlarida g‘olib chiqqanidan keyin Yevropa klublari e’tiboriga tushdi.

Mutaxassislar 21 yoshli futbolchining transfer summasini 10 million yevroga baholamoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Endi Shomurodovga yanada qiyin bo‘ladi