993
Ispanlashgan "Surxon", Bayramona "Nasaf" va "Quvnoq daydi kemasi"! Superliga startini kim qanday o‘tkazdi?
Joriy mavsum avvalida ichki birinchiligimizdagi jamoalarning deyarli barchasi mavsumoldi o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlarini xorijda o‘tkazdi. Doimgidek, ular safida ko‘plab yangi nomlar paydo bo‘ldi. E’tiborlisi, avvalgilaridan farqli o‘laroq, bu safar kuchlilar qatoriga qo‘shilishni maqsad qilgan jamoalar soni ko‘p edi.
Xo‘sh, startdan xulosa qiladigan bo‘lsak, kim kutilgan o‘yinni namoyish etmoqda? Qaysi klub syurpriz? Chempionlik uchun kurash olib borayotganlar safi kengayadimi? Shu va shunga o‘xshash boshqa savollarga bugun javob berishga urinib ko‘ramiz.
2-qism
AGMK - Kechroq yo‘lga chiqqan yo‘lovchi
Kutilmaganda, mavsumni omadsiz boshlagan Qosimov shogirdlari tanqidlar ostida qolayotgani aniq. Olmaliqliklar ikkita mag‘lubiyat fonida chempionlikka da’vogardek ko‘rinmasligi mumkin. Ammo ularni hisobdan chiqarishga erta. E’tiborlisi shundaki, Qosimov o‘z uslubiga sodiq qolgan holda, tarkibni yaxshi saviyadagi legionerlar bilan kuchaytirgan. Bundan tashqari, “konchilar“ ko‘rsatayotgan tempdagi futbol kuchni tejash imkonini beradi. “Ekonom rejim“dagi AGMK mavsum o‘rtasiga kelib boshqa jamoalardan “svejiy"roq ko‘rinishi, yakunda esa eng jismonan baquvvat jamoaga aylanishi katta ehtimol. Shunday ekan, poyganing startidagi “qoqilish“ amaldagi bronza medallari egasini xavotirga solmayapti.
“Surxon“ - Ispanlashayotgan futbol
“Uchar tulporlar“ ayrim muammolar sababli o‘z o‘yinlarini boshqa viloyatda o‘tkazmoqda. Bu asosan uy bahslarida ochko olishga ko‘nikkan klub uchun katta yo‘qotish. Boz ustiga, rahbariyat ispancha jamoa tuzish ilinjida katta o‘zgarishlarga qo‘l urgan. Tarkibda katta nomlar yo‘qligiga qaramay, Anxel Lopes kuchli jamoaviy o‘yin qurishga harakat qilmoqda. Klubni endigina qabul qilganiga qaramay, “Surxon“ o‘yinida uning imzosi ko‘rinish bera boshladi. Albatta, bu quvonarli holat. O‘zimizni navbatchi murabbiylardan voz kechib, yangicha ishlashga urinayotgani uchun “Surxon“ rahbariyatiga "respekt!" Asosiysi, bardavom bo‘lsin. Bu loyiha balki bugun meva bermas, biroq yaqin kelajakda “Surxon“ning g‘alabalariga poydevor bo‘lishi aniq.
“Olimpik“ - Kapadzening erkatoy bolalari!
Parijni nishonga olgan yigitlardan iborat jamoa 3 o‘yinning ikkitasida durangga imzo chekdi. “Qo‘qon-1912“ esa Siddiqovning yagona goli evaziga Kapadze shogirdlaridan ustun keldi. Mayli, natijalar o‘z yo‘liga. Asosiysi, bu o‘zbek futbolidagi "ekpremental" jamoa! Uning Olimpiya saralashidagi ishtiroki bu mehnatlarni samarasiga baho beradi. Agar imkoniyatlar haqida so‘z borsa, “Olimpik“ moliyalashtirilishda davom etsa, yakunda elitada jon saqlab qolish uchun yetarli resursga ega.
“Nasaf“ - Bayram fonida sezilmagan start
“Baniyas“ bilan o‘yindagi g‘alaba shu qadar yorqin bo‘ldi-ki, hatto biz singari “ajdarlar“ muxlislari ham bir fursatga Superligani unutib yubordi. Agar narvondan bir pog‘ona pastga tushib, atrofga razm solsak, Berdiyev jamoasi 2 imkoniyatdan ikki ochko jamg‘arishga muvaffaq bo‘lgani ko‘rinadi. E’tibor bering, barchasi qaysi tomondan qarashingizga ham bog‘liq! Qarshiliklar katta ehtimol bilan chempionlik uchun kurashadi. Lekin asosiy urg‘u OCHLga bo‘lishi turgan gap. Jamoaning xalqaro arenadagi ijobiy yoki salbiy ishtiroki uning moliyaviy tomonida aks etishi aniq. Bu o‘z-o‘zidan futbolchilarning Superliga o‘yinlaridagi ruhiy holatiga ta’sir qiladi. Gapni qisqa qilaman: “Nasaf“ avvalgi mavsumlardagidan ko‘proq moliyalashtirilsa, bemalol chempionlik poygasiga kirishga qodir kuchga aylanib bo‘ldi!
“Qo‘qon-1912“ - “Quvnoq daydi kemasi“
Yoshligimizda shunday nomli multserial bo‘lardi. Barcha qismda muammolar yuzaga kelishiga qaramay, yakunda hammasi ijobiy yakun topadi. Qo‘qonliklar bilan ham shunday. Jamoa mana bir necha mavsumlardan beri 5-10-o‘rinlar o‘rtasida yuribdi. Tarkib kuchayib ham, kuchsizlashib ham qolmaydi. Balans boru, maqsad yo‘qdek. Baxtiyor Ashurmatov allaqachon jamoadagi barcha narsani o‘zi uchun qulay ahvolga olib keldi. OCHLdagi kvotalarimiz 2+2 ko‘rinishiga kelgan bir paytda “Qo‘qon-1912“ o‘z bo‘yidan baland sakrashga urinib ko‘rishi kerak. Ask holda, ular Superliga “oltin o‘rtaligi"dagi bemaqsad jamoaga aylanib qoladi.
“Bunyodkor“ - “Yaralangan qush hamon uchmoqda!“
Abramov ketganida bir qanotida jarohatlangan “Bunyodkor“ mavsum oldidan yetakchilarini qo‘yib yuborib, ikkinchi qanotini ham shikastlab oldi. Shunga qaramay, "qaldirg‘ochlar" parvoz qilishdan bosh tortmayapti. Kichik budjet, to‘liq yoshartirilgan tarkib, kamroq maosh evaziga to‘p tepayotgan ulkan maqsadli yigitlar - bu hozirgi "Bunyodkor". Shuhrat Maqsudov esa kema kapitani singari kuchli intizom evaziga konsentratsiyani ushlab turibdi. Mayli, muxlislar bugungi “Bunyodkor“dan xafa emas. Asosiysi, yangi Shomurodov, yangi Rashidovlar paydo bo‘laversin. “Qaldirg‘ochlar“ Maqsudov bilan birgalikda chempionlik uchun kurashmasligi aniq. Lekin ilk 3 turdan so‘ng ularni Superligadagi hech qaysi klubga osonlikcha ochko bermaydi, deb aytishimiz mumkin.
“Metallurg“ - Ernandes intrigasi
Xuddi “Surxon“ singari “Metallurg“ ham harakat yo‘nalishini o‘zgartirishga urinayotgani yoqimli holat. Sababi, jamoadagi sharoitlar Superliganing deyarli 70 foiz jamoasi orzu qiladigan darajada. Janob Ernandes janob Lopesdan farqli o‘laroq, o‘z imzosini 3-turga kelib ancha yorqin namoyish etdi. Boz ustiga, imkoniyatlar va tarkib borasida ham u vatandoshidan yaxshiroq pozitsiyada. Bugungi “Metallurg“ o‘sishdan to‘xtab qolmasa, kelasi mavsumda kuchli to‘rtlikka kirish uchun asosiy da’vogarlardan biriga aylanadi.
Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jayev
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
22 noyabr kuni Cobalt avtomobiliga shartnoma ochilishi e’lon qilindi
Kim Chen In harbiylarni jangovar holatda turishga chaqirdi
Global ochlik va qashshoqlikka qarshi kurash alyansiga 82 mamlakat a’zo bo‘ldi
Dunyoning mashhur ayollari kunni qanday boshlaydi?
Borrel: AQSH Rossiyaga 300 kilometrgacha ichkariga zarba berishga ruxsat berdi
Ta’sirchanlik, bezovtalik, horg‘inlik... nevrologik kasallik alomatimi?
Lukashenko 21 nafar sobiq kuchishlatar tizimlar vakillarini unvonidan mahrum qildi
Google pochtani spamlardan himoya qiluvchi yangi funksiyani ishga tushiradi