18:43 / 02.04.2022
1 564

Oston O‘runovga "shapaloq"!

Oston O‘runovga "shapaloq"!
Metaratings.ru sayti “Ufa” rahbariyati mavsum yakunlanganidan keyin “Spartak” jamoasiga tegishli bo‘lgan Oston O‘runovning transferini sotib olmasligi mumkinligi haqida xabar tarqatdi.

Manbaning ma’lum qilishicha, “Spartak”dan bir mavsum ijaraga olingan o‘zbekistonlik yarim himoyachining harakatlari “Ufa” bosh murabbiyi Aleksey Stukalovni qoniqtirmagan.

“Spartak” va “Ufa” o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra, Oston O‘runov ufaliklar safida ma’lum miqdorda maydonga tushsa, hozirgi jamoasi uning transferini sotib olish huquqiga ega bo‘ladi. Bu transfer uchun ufaliklar poytaxt klubiga bir million yevro to‘lashi belgilab qo‘yilgan.

Oston O‘runovning “Ufa”ga uchinchi marta kelishi ham uning faoliyatida ijobiy burilish yasay olmadi. 21 yoshli hujumkor futbolchi joriy mavsumda Rossiya premer-ligasida o‘n marta maydonga tushib, jami 457 daqiqa o‘ynadi va birorta samarali natija qayd eta olmadi. Aksincha, ikki marta ogohlantirildi.

Ta’kidlash joizki, joriy mavsumda nafaqat O‘runov, balki “Ufa”ning ham ishlari umuman yurishmayapti. Boshqirdiston jamoasi bu mavsum premer-ligadagi joyini boy berishi katta ehtimol. Oxirgi o‘rindagi ufaliklarning o‘yinida ijobiy o‘zgarishlar kuzatilayotgani yo‘q.

Demak, bu klub Oston O‘runov transferidan voz kecha, “Spartak” bilan 2025 yilning yozigacha shartnomaga ega bo‘lgan hamyurtimiz yana Moskvaga qaytib boradi. Tabiiyki, “Spartak” uni asosiy tarkibga kiritmaydi. O‘runov oldida yo o‘ziga boshqa jamoa topish, yoki Milliy futbol ligasida “Spartak-2” tarkibiga qo‘shilish imkoniyati bo‘ladi, xolos.

Murabbiy Umarovni kechirmadimi?

BATE bosh murabbiyi Aleksandr Mixaylov jurnalistlar bilan uchrashuvda o‘zi bilan mojarolashib qolgan o‘zbekistonlik legioner Shahboz Umarov haqidagi savolga batafsil javob berishdan o‘zini olib qochdi.

- Nixaychik, Skavish va Yablonskiy kabi tajribali o‘yinchilar bo‘lmagan hozirgi tarkib bilan ishlash qanday kechmoqda?
- Hammasi joyida. Men qo‘l ostimdagi yigitlarga ishonaman. Muammo yo‘q. Natijalarimiz yaxshi. Shogirdlarim talablarimni ilg‘ab olayotganidan mamnunman. Har bir o‘yinda tuzatilishi kerak bo‘lgan jihatlar ko‘zga tashlanmoqda. Hozircha, hammasi joyida.

- Haligacha Shahboz Umarov maydonda ko‘rinmayapti. Tarbiya jarayoni qanday ketyapti?
- Hech narsa deya olmayman. U asosiy jamoa bilan shug‘ullanyapti.

Igor Sergeyev bir pog‘ona pastladi

Qozog‘iston premer-ligasida eng qimmat o‘yinchi o‘zgardi. “Astana” jamoasi yaqinda Turkiyaning “Xatayspor” klubidan ijaraga olingan liberiyalik hujumkor futbolchi Muhammad Kamarani musobaqa qaydnomasiga kiritdi.

24 yoshli futbolchining transfer summasi 2,4 million yevroga baholanmoqda va u joriy mavsumda premer-liganing eng qimmat o‘yinchisi bo‘ladi.

Muhammad Kamari futbolchilik faoliyatini AQSHda boshlagan. Keyinchalik Germaniyada ham to‘p tepgan.

Kamara kelgunga qadar, Qozog‘iston chempionatining eng qimmat o‘yinchisi nomini “Qayrat”ning polshalik legioneri Yatsek Guralski o‘zida saqlab turgandi.Yevropalik yarim himoyachi 1 million 800 ming yevroga baholangan. U endi ikkinchi pog‘onaga tushdi.

Undan keyingi o‘rinda qayd etilgan “Tobol”ning o‘zbekistonlik hujumchisi Igor Sergevv ham tabiiy ravishda uchinchi o‘ringa pastladi. “Paxtakor” tarbiyalanuvchining ayni paytdagi transfer narxi bir million 700 ming yevroni tashkil qilyapti.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Oston O‘runovga "shapaloq"!