Shahram G‘iyosovga kim raqib bo‘lishi ma’lum bo‘ldi

Shahram G‘iyosovga kim raqib bo‘lishi ma’lum bo‘ldi
Foto: Instagram/@worldofboxingpromotions
Professional boksning super yengil vazn toifasida harakat qilayotgan o‘zbekistonlik Shahram G‘iyosov (12-0, 9 KO) 7 may kuni Las-Vegasda (AQSH) professional ringda o‘zining navbatdagi jangini o‘tkazadi.

Shahramning raqibi meksikalik Kristian Gomes (22-2-1, 20 KO) bo‘ladi, deya xabar beradi «Sports.uz». Qayd etilishicha, bu jang bitta yuqori vaznda (-66,6 kg) mintaqaviy chempionlik kamari uchun o‘tkaziladi.

Mazkur boks kechasining asosiy jangida super o‘rta vazn toifasi mutlaq chempioni Saul Alvares (57-1-2, 39 KO) rossiyalik yengilmas charm qo‘lqop ustasi Dmitriy Bivolga (19-0, 11 KO) qarshi jang qiladi. Jang yarim og‘ir vazn toifasida o‘tkaziladi.

Shuningdek, Elnur Abduraimov (8-0, 7 KO) ham ushbu boks oqshomida o‘z jangini o‘tkazishi xabar qilingandi.

Professional boksda mag‘lubiyatsiz odimlayotgan G‘iyosov WBA International kamariga egalik qiladi. Shahram WBA reytingida yettinchi, IBF reytingida esa 11-pog‘onani egallab turibdi. U so‘nggi jangini 2021 yilning dekabr oyida Toshkentda o‘tkazib, Kristian Koria ustidan g‘alabaga erishgandi.

Kristian Gomes so‘nggi jangini 2021 yil 26 noyabrda Xavier Frankoga qarshi o‘tkazib, g‘alaba qozongan.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar