22:56 / 21.04.2022
1 563

Mourino Shomurodovdan voz kechdi(mi)?!

Mourino Shomurodovdan voz kechdi(mi)?!
Rim klubi sport direktori Tyagu Pinto bosh murabbiy Joze Mourino topshirig‘iga ko‘ra, kelasim avsum hujum chizig‘ida Temmi Abraxam bilan birga o‘ynaydigan forvard qidirishda davom etmoqda.

Italiya futbolini yoritishga ixtisoslashgan footballnews24.it sayti jurnalisti Luiji Falkining yozishicha, Joze Mourino “Real” tarbiyalanuvchisi va o‘tgan yilgi to‘purar Borxa Mayoralga bu mavsum imkon bermaganidek, kelasi chempionatda ham Eldor Shomurodovga tayanib qolmoqchi emas.

Mourino Abraxam yonida katta klublar havosini olgan tajribali hujumchi bo‘lishini istayapti. Shu bois, Tyagu Pinto “Arsenal”dan ketishga tayyor turgan Aleksandr Lyakazettni Rimga olib kelish bo‘yicha ish boshlagan.

30 yoshli futbolchi “Lion” klubi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. U 2017 yildan beri “Arsenal”da to‘p tepmoqda. “Kanonirlar” bosh murabbiyi fransiyalik hujumchi bilan xayrlashishga tayyor. Lyakazettning bu mavsumdagi samaradorligi ham ko‘nildagidek bo‘lmadi. U barcha turnirlarda 32 ta uchrashuv o‘tkazib, raqiblar darvozasini olti marta ishg‘ol qildi va sakkizta golli pas berdi.

30 iyunda erkin agentga aylanadigan Aleksandr Lyakazettga qadrdon klubi “Lion” ham da’vogarlik qilmoqda.

Shu o‘rinda, Italiya matbuoti Eldor Shomurodov ham poytaxtni tark etishi mumkinligi va unga A Seriyaning o‘zidan tashqari, Bundesliga klublaridan chorlov bo‘layotgani haqida ma’lumot tarqatgan.

Matich kelishni istasa maoshini pasaytirsin!

“Manchester Yunayted” yarim himoyachisi Nemanya Matich mavsum yakunlanishi bilan jamoani tark etishi haqida klub rahbariyatini ogohlantirdi.

33 yoshli serbiyalik futbolchiga asosiy da’vogarlardan biri sifatida “Roma” ham tilga olinmoqda. Chunki rimliklar bosh murabbiyi Joze Mourino “Chelsi” va “Manchester Yunayted”ni boshqargan davrda Matichning o‘zining eng sadoqatli o‘yinchilaridan biri sifatida qadrlardi.

Ayni paytda tajribali yarim himoyachi kelasi mavsum qaysi jamoada to‘p tepishi haqida bir qarorga kelib olishi kerak. Tabiiyki, uning darajasidagi o‘yinchiga chorlovlar ko‘p. Angliyaning o‘zidan bir necha klub unga “Manchester Yunayted” bermagan o‘yin amaliyotini taqdim etishga tayyorligini bildirgan.

Nemanya Matich Angliya premer-ligasidan ketadigan bo‘lsa, maoshini pasayishiga rozi bo‘lishga majbur. Ayni paytda u bir mavsum uchun 7 million yevro olmoqda.

Matich Mourino bilan uchinchi bor hamkorlik qilishni tanlagan taqdirda ham “Roma” unga bu qadar katta maosh to‘lay olmaydi. Chunki poytaxt klubida jamoa yetakchisiga aylangan Temmi Abraxamga ham bu qadar ko‘p xizmat haqi ajratilmagan.

Umuman olganda, Italiya va Germaniya klublari o‘yinchilarga kamtarroq maosh taklif qilishi bilan nom chiqargan.

Qolaversa, Matichning amaldagi shartnomasi kelasi yil yozgacha tuzilgani tufayli uni oladigan jamoa “Manchester Yunayted” mutasaddilari bilan ham badal puli bo‘yicha kelishuvga erishishi kerak bo‘ladi.

“Roma” narxni tushirmoqchi

“Roma” rahbariyati yanvarda “Portu”dan ijaraga olingan Seriju Oliveyraning transfer huquqini sotib olishga qaror qildi.
Portugaliyalik yarim himoyachining o‘zi ham Rimda qolmoqchi. Buning uchun Serjiu bonuslardan voz kechib, klubga yengilik berishga tayyor.

Biroq, Tyagu Pinto hamyurtlarini o‘yinchining transfer badalini pasaytirishga ko‘ndirmoqchi bo‘lib yuribdi. Amaldagi keltishuvga ko‘ra, rimliklar “Portu”ga Oliveyrani to‘liq olib qolish uchun 13 million yevro o‘tkazib berishi kerak.

Pinto ularga bu masalani 10 million yevro bilan hal etishni taklif qilyapti.

Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, yanvarda ijaraga olingan ikkinchi o‘yinchi – Eynsli Meytlend-Naylzning harakatlari Joze Mourinoga ham, murabbiylar shtabining qolgan vakillariga ham ma’qul kelmadi. Shuning uchun “bo‘rilar” mavsum yakunlanishi bilan Eynslini “Arsenal”ga qaytarib beradi va uni xarid qilish huquqidan foydalanmaydi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Mourino Shomurodovdan voz kechdi(mi)?!