23:39 / 21.08.2022
1 341

O‘zbekistonda kriptovalyutalar bilan savdo qilish qoidalari tasdiqlandi

O‘zbekistonda kriptovalyutalar bilan savdo qilish qoidalari tasdiqlandi
Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining buyrug‘i bilan Kripto-birjada kripto-aktivlar savdolarini amalga oshirish qoidalari tasdiqlandi, deb xabar bermoqda Norma.

Qoidalar prezidentning 27 iyuldagi «O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan.

Nizomda quyidagilar belgilangan:
  • mijozlar bilan munosabatlarni o‘rnatish tartibi;
  • kripto-aktivlar savdolarini tashkil etish tartibi;
  • mijozlar bilan vositachilik munosabatlari asosida bitimlar tuzish tartibi;
  • kripto-birjada hisob-kitob-kliring operatsiyalarini o‘tkazish tartibi;
  • kliring xizmati ko‘rsatishni to‘xtatish.

Kripto-birja mijozlarining pul mablag‘lari va kripto-aktivlari kripto-birjaning pul mablag‘lari va kripto-aktivlaridan alohida hisobga olinadi va saqlanadi. Savdolar ishtirokchilari majburiy identifikatsiyadan o‘tkazilganidan so‘ng ularga kripto-birja elektron platformasi orqali operatsiyalarni amalga oshirishga ruxsat beriladi.

Kripto-birja kripto-aktivlar savdolari bilan bog‘liq bitimlar ustidan doimiy nazoratni amalga oshiradi. Kripto-birja tomonidan qonunchilik hujjatlari va mazkur Qoidalarning buzilganligi aniqlanganda, ularni to‘xtatish hamda kelgusida qaytarilmasligi bo‘yicha choralar ko‘rilishi lozim.

O‘zbekiston rezidentlari kripto-birjaning elektron platformasida:
  • kripto-aktivlar bilan kripto-birjada kripto-aktivlar savdolarining barcha turlarini milliy valyutada, jumladan kripto-aktivlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdolar maydonchasida sotish va sotib olishga qaratilgan bitimlarni amalga oshirish;
  • O‘zbekiston norezidentlari bilan faqatgina kripto-aktivlarni sotishga doir operatsiyalarni xorijiy valyutada amalga oshirish huquqiga ega;
  • sotib olish ob’ekti sifatida kripto-aktivlarni tanlash huquqiga ega va bu tanlovning tegishli oqibatlari sotib oluvchining o‘z tavakkalchiligi hisoblanadi.

O‘zbekiston rezidentlari tomonidan o‘zaro o‘zgarmas tokenlarni xorijiy kripto-birjalar va platformalarda ayirboshlanganligi natijasida qabul qilingan kripto-aktivlar o‘rnatilgan tartibda O‘zbekiston hududida ro‘yxatdan o‘tgan kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlarining elektron platformalarida sotiladi.

Kripto-birjalarda barqaror tokenlarni chiqarish va chiqarishni ro‘yxatga olish, tokenlarni dastlabki taklifini joylashtirish maqsadida ta’minlanmagan tokenlarni chiqarish, chiqarishni ro‘yxatdan o‘tkazish, joylashtirish va muomalaga kiritish taqiqlanadi. Kripto-birja mijozlar bilan munosabatlarni shartnoma asosida o‘rnatadi.

Hujjat qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 15 avgustdan kuchga kirdi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Texno » O‘zbekistonda kriptovalyutalar bilan savdo qilish qoidalari tasdiqlandi