18:24 / 03.03.2025
93

Yaponiyada qariyalarga g‘amxo‘rlik qiluvchi robot yaratildi

Yaponiyada qariyalarga g‘amxo‘rlik qiluvchi robot yaratildi
Foto: AP
Yaponiyalik ishlab chiqaruvchilar keksalar uchun turli murakkablikdagi parvarish vazifalarini bajara oluvchi robotni taqdim etdi. 150 kilogrammli humanoid robot bemorlarning tagliklarni almashtirish, yotoq yarasining oldini olish uchun ularni ag‘darib turish, ularga o‘tirishga yordam berish, paypoq kiydirish, tuxum qovurish, kiyimlarni taxlash va boshqa maishiy yumushlarni bajara oladi.

Ushbu qadam Yaponiyaning keksayib borayotgan aholisi va qariyalarni parvarishlash sohasida ishchilar yetishmasligi muammosini hal qilishda muhim bosqich bo‘ldi. Mamlakat dunyodagi eng keksa davlat hisoblanadi: Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda mamlakatda yangi tug‘ilgan chaqaloqlar soni rekord darajadagi past ko‘rsatkichga yetgan — 720 988 kishi, bu avvalgi yilga nisbatan 5 foizga kam.

“Qariyalarga g‘amxo‘rlik qilish sohasi keskin kadrlar tanqisligini boshdan kechirmoqda. Hukumat ma’lumotlariga ko‘ra, dekabr oyida har 4,25 ta bo‘sh ish o‘rniga atigi bitta talabgor to‘g‘ri kelgan. Biz zo‘rg‘a suzyapmiz va 10-15 yildan keyin vaziyat yanada halokatli bo‘ladi”, — dedi Zenkoukai nomli keksalarni parvarishlash muassasalari operatori direktori Takashi Miyamoto.

Olimlarning fikricha, odamlarga g‘amxo‘rlik qilish uchun robotlarni yaratish yangi darajadagi aniqlik va intellektni talab qiladi.

“Humanoid robotlar butun dunyoda ishlab chiqilmoqda, lekin ular kamdan kam hollarda odamlar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqotga kirishadi, asosan fabrikalardagi yoki uydagi vazifalarni bajaradi. Chunki odamlar bilan o‘zaro aloqada bo‘lganda, xavfsizlik masalalari va robotning harakatlarini har bir insonning shaxsiy ehtiyojlariga moslash muammolari paydo bo‘ladi”, — dedi Vaseda universiteti professori Shigeki Sugano.

Tadqiqotchilar AIREC'ni 2030 yilgacha ishga tushirishni rejalashtirmoqda. Kamtarona hisob-kitoblarga ko‘ra, bunday qurilmaning dastlabki narxi 10 million iyenadan (taxminan 67 ming dollar) boshlanadi.

Ijtimoiy soha vakillari robotning kelajagiga ehtiyotkorona optimizm bilan qarashmoqda. Mutaxassislarning fikricha, bunday murakkab ishda mashinalar hali odamlarning o‘rnini to‘liq bosa olmaydi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Texno