
Foto: Videodan kadr
OpenAI asoschisi Sem Altman hamda uning Tools for Humanity startapi yangi texnologiyani amaliyotga joriy qilmoqda — bu gal kriptovalyuta maydonida. Ular AQSHda World (WLD) nomli kriptovalyuta savdosini boshlab yubordi.
Eng qizig‘i — bu kriptovalyutani pulga emas, balki ko‘z gavharini skanerlatish orqali olish mumkin. Ya’ni siz maxsus Orb qurilmasi yordamida o‘z ko‘zingizni skan qildirsangiz, noyob hash-kod orqali inson ekanligingiz tasdiqlanadi. Bu kod World ID profilida saqlanadi va sizning sun’iy intellekt emas, aynan real inson ekanligingizni isbotlaydi.
Bu tashabbusning ilk nomi — Worldcoin edi. Loyiha tashabbuskorlarining aytishicha, ularning maqsadi juda oddiy va shu bilan birga zamonaviy muammoga to‘g‘ri javob: internet olamida inson bilan algoritmni farqlash tobora mushkullashib borayotgan bir paytda, ishonchli autentifikatsiya tizimi zarur.
World loyihasi mualliflari bu tizimning kelajagiga ishonadi. Ular buni nafaqat shaxsni aniqlash, balki mobil to‘lovlar, identifikatsiya, xavfsizlik va turli onlayn platformalarda foydalanish imkonini beruvchi vosita sifatida ko‘rishmoqda. Yaqin kunlarda Visa debet kartasi orqali WLD kriptovalyutasini an’anaviy pulga aylantirish imkoniyati yaratilishi kutilmoqda.
Bugungi kunda Telegram, Discord, Shopify va boshqa yirik onlayn maydonlar ham World ID orqali tasdiqlash imkonini bermoqda. Bu esa aynan sun’iy intellektdan insonni ajratish kerak bo‘lgan holatlarda juda muhim.
Ko‘z gavharini skan qilish uchun ikki xil uskuna ishlatiladi:
- Orb — ko‘pkamerali, metall korpusli maxsus qurilma;
- Orb Mini — smartfonga o‘xshash, qo‘lda tutib ishlatishga mo‘ljallangan gadjet.
Ikkalasi ham IrisCode deb nomlangan noyob identifikatorni yaratib, global ma’lumotlar bazasida saqlaydi. Bu kod sizga yagona inson sifatida kibermakonda o‘zingizni tanishtirishga yordam beradi.
Ta’kidlanishicha, bu g‘oya bahsli qarashlarga sabab bo‘lgan. Ammo lohaga allaqachon 26 milliondan ortiq kishi ro‘yxatdan o‘tgan, shundan 12 millioni o‘z shaxsini tasdiqlagan.
World loyihasi asosan rivojlanayotgan davlatlarga yo‘naltirilgan. Texnologiya ham aynan shu bozorlarda sinab ko‘rilgan va u yerda jamoalarning qiziqishi yuqori ekani aytilmoqda.
Qiziq, siz ko‘zingizni skan qildirib kripto olishga tayyormisiz?
Sem AltmanWorldcoinKriptovalyutaSun’iy IntellektMobil To‘lovlarIdentifikatsiya O'zbekiston yangiliklari Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar