
AQSHdagi Nucleus startapi so‘nggi kunlarda butun jamiyat e’tiborini o‘ziga qaratdi. Kompaniya “Embryo” deb nomlangan yangi xizmatni ishga tushirdi. Ushbu platforma EKO jarayoni orqali farzand ko‘rishni rejalashtirayotgan ota-onalarga genetik jihatdan eng muvofiq embrionni tanlash imkonini beradi.
Bunday tanlov faqat salomatlik bilan bog‘liq emas. Xizmat bolaning kelajakdagi tashqi ko‘rinishi, bo‘yi, ko‘z va soch rangi, hatto intellektual qobiliyati va shaxsiy xislatlarga moyillik kabi 1000 dan ortiq parametrni hisobga oladi. Shu orqali ota-onalar kelajak avlodning irsiy kasalliklar, ruhiy holatlar, diabet yoki onkologiyaga moyilligini kamaytirishga harakat qilishadi.
E’tiborli tomoni, mazkur texnologiya hech qanday genlarni tahrirlamaydi. Ya’ni, DNKda o‘zgartish kiritish emas, balki mavjud embrionlar orasida analitik tanlovni amalga oshiradi. Platforma turli embrionlarni taqqoslab, ehtimolan eng yaxshi natija beradigan variantlarni tavsiya etadi.
“Embryo” xizmatining narxi 6 ming dollar etib belgilangan. Kompaniya mutasaddilari shuni alohida ta’kidlashmoqdaki, natijaga to‘liq kafolat berilmaydi — texnologiya faqatgina ehtimolni oshiradi, xolos. Oddiy bir EKO siklda odatda uch yoki olti embrion ko‘chirish uchun mos keladi, va tanlov shu guruhda amalga oshiriladi.
Shubhasiz, bunday xizmat keng jamoatchilikda tortishuvlarga sabab bo‘ldi. Ayrim mutaxassislar bunday yondashuvning axloqiy oqibatlari bo‘lishi mumkinligini qayd etsa, boshqalar esa kelajak avlod salomatligi uchun ongli tanlovni qo‘llab-quvvatlamoqda.
Nucleus vakillari ta’kidlashicha, ular gen muhandisligi bilan shug‘ullanmaydi va barcha jarayon AQSHdagi amaldagi qonunchilik doirasida amalga oshiriladi. Bu esa, ularning fikricha, xizmatni xavfsiz va etik nuqtayi nazardan maqbul deb hisoblash imkonini beradi.
Sizchi, kelajakda farzandni “tanlash” axloqan qabul qilinadigan amaliyotga aylanishi mumkinmi? “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar