
Texnologiya giganti Microsoft 2025-yil davomida ketma-ket amalga oshirayotgan ishdan bo‘shatishlarning navbatdagisida yana 9,000 nafargacha xodimni qisqartirishini rasman tasdiqladi. Kompaniya bu chorani sun’iy intellekt (SI) bo‘yicha olib borilayotgan yirik investitsion loyihalar doirasida zarur deb hisoblamoqda.
Microsoft tomonidan berilgan bayonotda shunday deyiladi:
"Kompaniyamizni doimiy o‘zgarib borayotgan bozor talablariga mos tarzda shakllantirish uchun zarur bo‘lgan tashkiliy o‘zgarishlarni amalga oshirishda davom etamiz."
Ushbu qisqartishlar Microsoft’ning global miqyosdagi 228,000 kishilik ishchi kuchining taxminan 4 foizini tashkil etadi. Kompaniya aynan qaysi bo‘limlar bu qarordan eng ko‘p zarar ko‘rishini ochiqlamagan bo‘lsa-da, media xabarlariga ko‘ra, Xbox o‘yin bo‘limi ham keskin ta’sirga uchrashi mumkin.
Ichki elektron maktublarga ko‘ra, Microsoft o‘zining Perfect Dark birinchi shaxs ko‘rinishidagi otishma o‘yini va Everwild kabi istiqbolli o‘yin loyihalarini bekor qilgan. Ushbu loyihalarni ishlab chiqayotgan The Initiative studiyasi ham yopiladi. Bundan tashqari, Turn 10 (Forza Motorsport) va ZeniMax Online Studios (Elder Scrolls Online) kabi taniqli o‘yin ishlab chiqaruvchilar ham qisqartirishlardan zarar ko‘rdi.
ZeniMax’ning uzoq yillik rahbari Matt Firor iyul oyida iste’foga chiqishini e’lon qildi va jamoadoshlariga minnatdorlik bildirib, o‘yinni foydalanuvchi sifatida qo‘llab-quvvatlashda davom etishini ma’lum qildi.
Mustaqil Irlandiyalik Romero Games studiyasi ham Microsoft tomonidan qo‘llab-quvvatlangan loyihasidan moliyaviy mablag‘lar to‘xtatilganidan so‘ng, xodimlarini qisqartirishga majbur bo‘ldi. Studiyaning hammuassisi Jon Romero bu xabarni shaxsiy ijtimoiy tarmoq sahifasida tasdiqladi.
Microsoft so‘nggi yillarda sun’iy intellektni o‘zining asosiy yo‘nalishlaridan biriga aylantirgan. Kompaniya AI’ni rivojlantirish maqsadida 80 milliard AQSh dollari miqdorida data markazlar va maxsus chiplar qurilishiga sarmoya kiritmoqda.
2024-yilda Microsoft britaniyalik taniqli AI tadqiqotchisi Mustafa Suleymanni o‘zining yangi Microsoft AI bo‘linmasini boshqarishga taklif qilgan edi. Kompaniyaning yuqori lavozimli rahbarlaridan biri yaqinda BBC’ga bergan intervyusida quyidagi fikrni bildirgan:
"Keyingi 50 yil insoniyat mehnati va o‘zaro muloqotlarida sun’iy intellekt asosiy omil bo‘ladi."
Shuningdek, Microsoft OpenAI kompaniyasining yirik sarmoyadori sifatida uning mashhur ChatGPT mahsulotini keng joriy qilishga harakat qilmoqda. Biroq so‘nggi xabarlarga ko‘ra, Microsoft’ning o‘z AI yordamchisi — Copilot — korporativ mijozlar orasida kutilgan darajada ommalashmayapti, chunki ko‘pchilik ishchilarning ChatGPT’ga ustunlik berayotgani aytilmoqda.
Microsoft’dagi ishdan bo‘shatishlar fonida Meta (Facebook va Instagram egasi) kabi raqobatchi kompaniyalar eng iqtidorli AI mutaxassislarini yollashga faol kirishgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Meta AI laboratoriyasiga eng yaxshi mutaxassislarni jalb etish uchun 100 million dollarlik imzo bonuslarini taklif qilmoqda. OpenAI rahbari Sem Altman bu raqobatni rasman tasdiqlagan.
Amazon rahbari Endi Jassi esa, yaqinda bergan bayonotida, AI texnologiyalarining o‘zi boshqarayotgan kompaniyadagi ayrim inson mehnatini to‘liq almashtirishini kutayotganini bildirgan edi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar