date

O‘zbekistonda futbol raqamli bosqichga chiqadi – yangi platforma yaratiladi

O‘zbekistonda futbol raqamli bosqichga chiqadi – yangi platforma yaratiladi

O‘zbekistonda futbol sohasini tubdan isloh qilish va uni zamon talablariga mos holda raqamlashtirishga qaratilgan muhim qaror qabul qilindi. Adliya vazirligi tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, endi mamlakatda “Milliy futbol elektron platformasi” yaratiladi.

Qarorda asosiy maqsadlar aniq belgilangan: moddiy-texnik bazani xalqaro standartlarga yetkazish, yangi futbol maydonlarini qurish, sport bilan muntazam shug‘ullanuvchilar sonini oshirish va eng muhimi, iqtidorli yoshlarni saralab, ularni professional futbolchi sifatida tayyorlash tizimini to‘liq raqamlashtirish.

Yangi platforma orqali futbol sohasiga tubdan yangicha yondashuv joriy etiladi. Xususan, 2026 yil 1 yanvardan boshlab futbol akademiyalari va maktablaridagi mashg‘ulotlarni onlayn kuzatish imkoniyati yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, futbolchilarning tibbiy ko‘rsatkichlari, jismoniy holati va seleksiya jarayonlari elektron tarzda nazorat qilinadi. Bu esa iqtidorlarni erta aniqlash va ularning rivojlanishini doimiy monitoring qilish imkonini yaratadi.

Shu bilan birga, 2026 yil 1 martdan boshlab futbol o‘yinlariga chiptalarni xarid qilish tartibi ham tubdan o‘zgaradi. Yangi axborot tizimi orqali chipta olish shaxsni identifikatsiya qilish va QR-kod texnologiyalaridan foydalangan holda amalga oshiriladi. Mutasaddilarning ta’kidlashicha, bu tizim nafaqat shaffoflik va xavfsizlikni ta’minlaydi, balki muxlislar uchun qulaylik ham yaratadi.

Mutaxassislar fikricha, “Milliy futbol elektron platformasi” futbolda zamonaviy boshqaruvni shakllantirib, o‘zbek futbolini yangi bosqichga olib chiqishi mumkin. Chunki endilikda har bir futbolchi va jamoa faoliyati shaffof kuzatiladi, statistik ma’lumotlar real vaqtda jamlanadi va tahlil qilinadi.

Shubhasiz, ushbu tashabbus mamlakat futbolida yangi davrni boshlab berishi kutilmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Texno » O‘zbekistonda futbol raqamli bosqichga chiqadi – yangi platforma yaratiladi