TechCrunch xabariga ko‘ra, Figma kompaniyasi Google bilan hamkorlikda o‘z platformasiga Gemini sun’iy intellekt modellarini joriy qilmoqda. Bu hamkorlik Figma’ning ilgari ishlab chiqilgan AI funksiyalarini kengaytirib, dizaynerlar va ularning jamoalari ehtiyojlariga yanada moslashishni maqsad qilgan.
Integratsiya doirasida Gemini 2.5 Flash, Gemini 2.0 va Imagen 4 modellari Figma’ning AI vositalari qatoriga kiritiladi. Shu bilan birga, kompaniya Google Cloud bilan hamkorlikni davom ettiradi.
Gemini 2.5 Flash Figma’dagi tasvir tahrirlash va generatsiya qilish jarayonlariga qo‘shiladi. Endi 13 million faol foydalanuvchi matnli so‘rov orqali tasvir yaratib, ularni real vaqt rejimida tahrirlay oladi. Testlar shuni ko‘rsatdiki, yangi tizim bilan tasvir yaratish tezligi 50% ga oshgan.
Google bu loyihani ish samaradorligini oshirish va raqamli jarayonlarni avtomatlashtirish yo‘lidagi muhim qadam sifatida e’tirof etdi. Kompaniya shuningdek, Gemini Enterprise deb nomlangan yangi AI platformasini taqdim etdi — u korxonalarga o‘z ma’lumotlari va dasturlari bilan bevosita “muloqot qilish” imkonini beradi.
Google ma’lumotlariga ko‘ra, Google Cloud foydalanuvchilarining 65% hozirda AI xizmatlaridan foydalanmoqda.
Bundan tashqari, Google GAP, Mercedes, Klarna, Macquarie Bank, Virgin Voyages va boshqa yirik kompaniyalar bilan ham AI hamkorliklarini e’lon qildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!