Xiaomi HyperOS 3.0 tizimidagi dasturiy xatolarni tuzatdi

"Xiaomi" kompaniyasi "HyperOS 3.0" operatsion tizimining barqarorligi bo'yicha navbatdagi haftalik hisobotini e'lon qildi. Mazkur yangilanish doirasida smartfon va planshetlarda kuzatilgan bir qator dasturiy xatoliklar tuzatildi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
O'zgarishlar birinchi navbatda flagman hisoblangan "Xiaomi 17" turkumi, shuningdek, "Xiaomi 15", "Xiaomi 15S Pro" va "Redmi K" seriyasidagi qurilmalarga taalluqlidir.
Asosiy tuzatishlar qatorida "Xiaomi 17 Ultra" modelidagi galereya ilovasining qotib qolishi va "Xiaomi 17 Pro Max" qurilmasida tarmoqlararo o'tish paytida ovoz tizimidagi nosozliklar bartaraf etildi. Shuningdek, "Redmi K Pad" planshetida "Rampage Engine" unumdorlik rejimining noto'g'ri ishlashi bilan bog'liq muammolar hal qilindi.
"Xiaomi 15S Pro" modelida esa tizimni keraksiz fayllardan tozalash vaqtidagi sekinlashuvlar bartaraf etilgan.
Kompaniya mutaxassislari budilnikning noto'g'ri ko'rinishi va qurilma qayta yoqilgandan so'ng klaviaturadagi nosozliklar kabi kichik xatolarni ham to'g'irlashdi. "Xiaomi" vakillarining ta'kidlashicha, "HyperOS 3.0" tizimi muntazam ravishda chiqariladigan kichik paketlar orqali rivojlantirilmoqda.
Bunday yondashuv butun ekotizim barqarorligini ta'minlash va turli qurilmalar o'rtasidagi o'zaro aloqani yaxshilashga xizmat qiladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!