Apple App Store ustidan sud jarayonida yana mag'lub bo'ldi

AQShning To'qqizinchi okrug apellyatsiya sudi Apple kompaniyasining App Store do'konidagi to'lov tizimiga oid o'zgarishlarni to'xtatib turish haqidagi iltimosini rad etdi. Ushbu qaror Epic Games va Apple o'rtasidagi uzoq davom etayotgan huquqiy kurashning navbatdagi bosqichi bo'ldi. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Endilikda iPhone ishlab chiqaruvchisi dasturchilarga ilovalar ichida tashqi to'lov tizimlariga havolalar joylashtirishga ruxsat berishi shart. Avvalroq sud Apple kompaniyasiga Oliy sud ko'rigini kutish vaqtida ushbu o'zgarishlarni vaqtincha kechiktirish huquqini bergan edi.

Epic Games vakillari Apple harakatlarini «navbatdagi paysalga solish taktikasi» deb atadi va sudni qarorni qayta ko'rib chiqishga ko'ndirdi. Sud hay'ati Apple o'zgarishlar kuchda qolishi natijasida tuzatib bo'lmaydigan zarar ko'rishini isbotlay olmaganini ta'kidladi.
Mazkur qaror dasturchilar uchun katta g'alaba sifatida baholanmoqda, chunki u Apple kompaniyasining AQShdagi App Store'dan tashqarida amalga oshirilgan xaridlar uchun komissiya undirish imkoniyatini cheklaydi. Yakuniy xulosa AQSh Oliy sudi tomonidan chiqarilishi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!