XKSdagi havo sizib chiqishi to'xtatildi, biroq nosozlik sababi haligacha noma'lumligicha qolmoqda

Xalqaro kosmik stansiyaning Rossiya segmentida bir necha yildan beri muhandislarni tashvishga solayotgan havo sizib chiqishi to'xtatildi. Biroq yoriqlar paydo bo'lish sababi hamon noma'lumligicha qolmoqda. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Muammo "Zvezda" modulidagi o'tish bo'lmasida kuzatilgan edi. Rossiyalik kosmonavtlar tomonidan germetik modda surtilgach, havo yo'qotilishi to'xtadi.
NASA va "Roskosmos" mutaxassislari yoriqlar xavfi borasida turli qarashlarga ega. Asosiy versiyalar qatorida nasoslar tebranishi oqibatida materialning toliqishi va korroziya ko'rib chiqilmoqda.
NASA vakili Djoel Montalbano stansiya konstruksiyasi holatidan hamon xavotirda ekanini ta'kidladi. Xavfsizlik maqsadida ekipaj ishlayotgan vaqtda bo'lmalar orasidagi lyuk yopib qo'yilmoqda.
Stansiya taqdiri bo'yicha yakuniy qaror 2026 yil oxirigacha qabul qilinishi kerak. NASA stansiyadan foydalanishni 2030-yilda yakunlashni rejalashtirgan, biroq muddatni 2032-yilgacha uzaytirish imkoniyati ham o'rganilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!