SNAPPY neytrino detektori koinotga muvaffaqiyatli uchirildi

SpaceX raketasi yordamida koinotdagi ilk neytrino detektori bo‘lgan SNAPPY orbitaga chiqarildi. CAS500-2 missiyasi doirasida amalga oshirilgan ushbu loyiha fundamental astrofizika sohasida katta burilish yasashi kutilmoqda, chunki bungacha bunday tajribalar faqat Yer sharoitida o‘tkazilgan. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Neytrino zarralari koinotdagi eng «tutqich bermas» zarralar hisoblanadi. Ular moddalar bilan deyarli ta’sirlashmaydi va sayyoralar hamda yulduzlar ichidan izsiz o‘tib ketadi. SNAPPY loyihasi Kongsberg NanoAvionics kompaniyasining ixcham CubeSat platformasi asosida yaratilgan bo‘lib, NASA ilmiy markazlari bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.
Missiya doirasida yana ikkita muhim apparat orbitaga chiqarildi. QUBE II sun’iy yo‘ldoshi kvant kalitlarini taqsimlash texnologiyasini sinovdan o‘tkazsa, Eycore-1 radari ob-havo sharoitidan qat’i nazar Yer yuzasini yuqori aniqlikda suratga olish imkonini beradi.
Kongsberg NanoAvionics kompaniyasi o‘zining 60-dan ortiq sun’iy yo‘ldoshini muvaffaqiyatli uchirib, kosmik sanoatdagi yetakchi o‘rnini mustahkamladi. Agar SNAPPY tajribasi o‘zini oqlasa, olimlar Quyosh tubidagi jarayonlarni bevosita kuzatish va neytrino astronomiyasida yangi davrni boshlash imkoniga ega bo‘ladilar.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!