MacBook Neo muvaffaqiyati: Apple ishlab chiqarish hajmini ikki baravarga oshirdi

Jurnalist Tim Culpan xabariga koʻra, Apple kompaniyasi MacBook Neo noutbuklariga boʻlgan yuqori talab tufayli ularni ishlab chiqarish hajmini ikki baravarga oshirishga qaror qildi. Dastlabki rejalarga koʻra, 5-6 million dona qurilma chiqarilishi koʻzda tutilgan boʻlsa, endilikda bu koʻrsatkich 10 million donaga yetkazildi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Ushbu natija hatto koʻplab tahlilchilarning prognozlaridan ham yuqori boʻlib chiqdi. Avvalroq TrendForce mutaxassislari 5 million dona MacBook Neo sotilishi orqali ushbu model 600-800 dollarlik noutbuklar bozorining 10 foizini egallashini bashorat qilgan edi. Appleʼning yangi rejasi amalga oshsa, kompaniya mazkur segmentning 20 foiziga egalik qilishi mumkin.
MacBook Neoʼning bozordagi muvaffaqiyatini inkor etib boʻlmaydi. Shu bilan birga, raqobatchilar ham boʻsh kelmayapti. Xususan, Microsoft kompaniyasi Signal65 agentligiga maxsus hisobot tayyorlatdi. Unda Windows 11 operatsion tizimida ishlaydigan arzon noutbuklar ayrim jihatlari bilan MacBook Neoʼdan ustunroq boʻlishi mumkinligi taʼkidlangan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!