Ruppur AESining birinchi energobloki Rossiya avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimi bilan jihozlandi

Rosatom kompaniyasi tomonidan qurilayotgan Bangladeshdagi Ruppur atom elektr stansiyasining birinchi energobloki Rossiyaning avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlari bilan taʼminlandi. Rosatom tarkibidagi RASU (Avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlari) korxonasi stansiyaga texnologik jarayonlar va radiatsion nazoratni amalga oshiruvchi 22 ta quyi tizimni oʻrnatdi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Ushbu tizimlar energoblokdagi uskunalar ishini, elektr energiyasini tarmoqqa uzatishni hamda texnologik jarayonlarning barqarorligini nazorat qiladi. RASU boshqaruvchi direktori Gleb Murashovning taʼkidlashicha, barcha tizimlar sozlanib, foydalanishga tayyor holga keltirilgan. Loyiha doirasida radiatsion nazorat tizimlari ilk bor ixcham stend koʻrinishida ishlab chiqilgan.
Oʻtgan hafta Ruppur AESida muhim bosqich — birinchi energoblok reaktoriga yadro yoqilgʻisi yuklandi va fizik ishga tushirish jarayoni amalga oshirildi. Dakka shahridan 160 km uzoqlikda joylashgan stansiya umumiy quvvati 2400 MVt boʻlgan ikkita VVER-1200 reaktoridan iborat.
2015-yilda imzolangan kelishuv asosida qurilayotgan ushbu obyekt Bangladesh tarixidagi ilk atom elektr stansiyasi boʻladi. Ayni damda Rossiya texnologiyalari asosida Misr, Vengriya, Turkiya va Xitoyda ham AES qurilish ishlari davom etmoqda, Qozogʻistonda esa loyiha boʻyicha izlanishlar olib borilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!