Rossiyaning MS-21 samolyoti 2027-yilda sertifikatsiyadan o‘tadi

Rossiyaning "Rostex" davlat korporatsiyasi MS-21 o‘rta masofali yo‘lovchi samolyotini sertifikatsiyalash jarayonini 2027-yilning birinchi choragida yakunlashni rejalashtirmoqda. Korporatsiya rahbari Sergey Chemezovning so‘zlariga ko‘ra, ushbu bosqichdan so‘ng laynerning seriyali ishlab chiqarilishi boshlanadi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Ishlab chiqarish rejalariga ko‘ra, 2030-yilga borib har yili 36 ta MS-21, 20 ta Superjet va 12 ta Il-114 samolyotlarini ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan. Bu orqali Rossiya fuqarolik aviatsiyasi dasturlari doirasida ishlab chiqarish sur’atlarini bosqichma-bosqich oshirish maqsad qilingan.
MS-21 yangi avlod samolyoti bo‘lib, u asosan Boeing 737 va Airbus A320 kabi xorijiy laynerlar hamda eskirgan mahalliy modellar o‘rnini bosish uchun mo‘ljallangan. "Yakovlev" kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan ushbu samolyotning bazaviy versiyasi 211 nafar yo‘lovchini sig‘dira oladi.
Samolyot konstruksiyasining 40 foizi kompozit materiallardan iborat bo‘lib, u Rossiyada ishlab chiqarilgan PD-14 dvigatellari bilan jihozlangan. Mutaxassislarning fikricha, ushbu loyiha Rossiya aviatsiya sanoatining texnologik mustaqilligini ta’minlashda muhim qadam hisoblanadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!