Kitobxonlar uchun mo‘ljallangan Tome ilovasi o‘z faoliyatini to‘xtatmoqda
Kitobxonlar hamjamiyati va kitoblarni kuzatib borish uchun mo‘ljallangan Tome ilovasi o‘z faoliyatini yakunlayotganini e’lon qildi. TikTok’dagi BookTok hamjamiyati negizida shakllangan ushbu platforma foydalanuvchilarga o‘qilgan asarlarni baholash, tavsiyalar olish va sevimli iqtiboslar bilan bo‘lishish imkonini berar edi. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Tome o‘zining 100 mingdan ortiq foydalanuvchilar bazasiga ega bo‘lishiga qaramay, raqobatbardosh bozorda o‘z o‘rnini saqlab qola olmadi. Kompaniya vakillarining ta’kidlashicha, memlar, GIF-fayllar va videolarni qo‘llab-quvvatlaydigan ijtimoiy tarmoqni yuritish xarajatlari yuqoriligi sababli loyiha moliyaviy jihatdan samarasiz bo‘lib qolgan.
Hozirgi kunda kitobxonlar uchun mo‘ljallangan Fable, StoryGraph va Bookly kabi ko‘plab muqobil ilovalar mavjudligi hamda Goodreads platformasining ustunligi Tome kabi startaplar uchun qiyinchilik tug‘dirdi. Ayniqsa, Gen Z avlodi orasida kitobxonlik madaniyati ommalashgani sari bunday ilovalar o‘rtasidagi raqobat yanada kuchaydi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Tome ilovasi va uning veb-sayti 29-may kuni butunlay o‘chiriladi. Kompaniya foydalanuvchilarga o‘z ma’lumotlarini, jumladan, yuklangan suratlar va o‘qilgan kitoblar ro‘yxatini eksport qilib olishni tavsiya qildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!