Robinhood AI agentlarga aksiyalar bilan savdo qilish imkonini berdi

Texnologiya sanoati sunʼiy intellekt agentlari atrofida birlashayotgan bir paytda, Robinhood kompaniyasi foydalanuvchilar nomidan toʻlovlarni amalga oshiradigan va aksiyalar savdosi bilan shugʻullanadigan yangi funksiyalarni taqdim etdi. Chorshanba kuni kompaniya AI agentlar orqali savdo qilishni qoʻllab-quvvatlashini hamda yangi agentik kredit kartasini ishga tushirganini eʼlon qildi. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Robinhood foydalanuvchilari endilikda oʻz AI agentlari uchun alohida hisob yaratishlari va ularni maxsus hamyonga ulashlari mumkin. Ushbu agentlar foydalanuvchi portfelini tahlil qilib, investitsiya strategiyalarini taklif qilsa-da, ular faqat hamyondagi oldindan yuklangan mablagʻ doirasidagina buyurtma bera oladi. Foydalanuvchilar barcha tranzaksiyalar haqida bildirishnomalar oladi va jarayonni ilova ichida kuzatib borish imkoniyatiga ega boʻladi.
Kompaniya xavfsizlik masalalariga ham alohida eʼtibor qaratgan. Firibgarlikni aniqlash tizimi shubhali savdolarni koʻrib chiqadi, baʼzi operatsiyalar esa foydalanuvchi tomonidan tasdiqlanishi talab etiladi. Hozircha beta-versiyada faqat aksiyalar savdosi mavjud, biroq kelajakda opsionlar, kriptovalyuta va fyucherslar kabi yoʻnalishlar qoʻshilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, Robinhood Gold Card egalari uchun AI agentlar foydalanishi mumkin boʻlgan yangi virtual kredit karta debyut qildi. Ushbu karta orqali agentlar toʻlovlarni amalga oshirishi mumkin, foydalanuvchilar esa oylik limitlar oʻrnatish va har bir toʻlov uchun ruxsat soʻrash funksiyasini yoqish imkoniga ega. Kompaniya 2024-yilda Pluto platformasini sotib olganidan soʻng oʻzining sunʼiy intellekt ekotizimini jadal rivojlantirmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!