Visa kompaniyasi Replit platformasiga sarmoya kiritdi

Visa toʻlov giganti sunʼiy intellektga asoslangan Replit kodlash platformasiga sarmoya kiritganini eʼlon qildi. Tomonlar Visa toʻlov mahsulotlarini Replit tizimiga integratsiya qilish imkoniyatlarini oʻrganmoqda. Bu orqali dasturchilar va ular yaratgan sunʼiy intellekt agentlari platformadan chiqmagan holda mijozlardan toʻlovlarni qabul qilishlari mumkin boʻladi. Maʼlum qilinishicha, hozirda Visaʻning 1000 dan ortiq xodimi prototiplash va dasturiy taʼminot yaratishda Replit xizmatidan foydalanmoqda. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Hamkorlik doirasida Replit foydalanuvchilari Visa Intelligent Commerce va Visa Trusted Agent Protocol tizimlaridan foydalanishlari kutilmoqda. Ushbu texnologiyalar sunʼiy intellekt agentlariga oʻz shaxsini xavfsiz tasdiqlash va tranzaksiyalarni ishonchli amalga oshirish imkonini beradi. Hozirda loyihalar tadqiqot bosqichida boʻlib, hali rasmiy qoʻshma mahsulotlar taqdim etilmagan. Bu qadam AI agentlari foydalanuvchilar nomidan xaridlar amalga oshiradigan "agentik toʻlovlar" infratuzilmasini yaratish poygasining bir qismidir.
Replit asoschisi va bosh direktori Amjad Masadning taʼkidlashicha, Visa bilan hamkorlik kodlashni barcha uchun xavfsiz va qulay qilish missiyasini mustahkamlaydi. Shuningdek, platforma yirik korxonalar uchun oʻz-oʻziga xizmat koʻrsatish (self-serve) funksiyasini ishga tushirdi. Endilikda kompaniyalar savdo vakillari bilan bogʻlanmasdan, 200 000 dollargacha boʻlgan shartnomalarni onlayn imzolashlari mumkin. Ushbu paket SSO (yagona kirish tizimi) va kengaytirilgan audit jurnallari kabi korporativ xavfsizlik vositalarini oʻz ichiga oladi.
Soʻnggi vaqtlarda Replit, Cursor va Lovable kabi platformalarga talab ortishi bilan ularning bozor qiymati ham keskin koʻtarildi. Oʻtgan yilning sentyabrida 3 milliard dollarga baholangan Replit, joriy yilning mart oyida Georgian Partners boshchiligidagi investitsiya raundidan soʻng oʻz qiymatini 9 milliard dollarga yetkazdi. Masadning soʻzlariga koʻra, mijozlarning platformada qolish koʻrsatkichi (retention) juda yuqori boʻlib, baʼzi holatlarda 300 foizni tashkil etmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!