Xiaomi Mijia Giant Power Saver 2026: Arzon va aqlli konditsioner taqdim etildi

Xiaomi kompaniyasi oʻzining yangi Xiaomi Mijia Giant Power Saver 2026 konditsionerini rasman sotuvga chiqardi. Qurilma Xitoy bozorida kutilganidan ham arzonroq narxda — davlat subsidiyalari bilan hisoblaganda bor-yoʻgʻi 225 dollar atrofida taklif etilmoqda. Dastlabki eʼlon qilingan narx 280 dollar boʻlishi kutilgan edi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Ishlab chiqaruvchining maʼlumotlariga koʻra, yangi model ikki qatorli bugʻlatgich, diametri 108 mm boʻlgan koʻndalang oqimli ventilyator va 9,8 kub sm hajmli yuqori samarali kompressor bilan jihozlangan. Qurilmaning maksimal havo uzatish quvvati soatiga 760 kub metrni tashkil etadi, shovqin darajasi esa atigi 18 dB(A) gacha pasaytirilgan.
Xiaomi ushbu konditsioner xonani yoqilgandan soʻng atigi 3 daqiqa ichida sovutish yoki isitishga qodirligini taʼkidlamoqda. Qurilmaning asosiy xususiyatlaridan biri Mijia Lingyun energiya tejash algoritmidir. Bu texnologiya energiya sarfini 25,3 foizga kamaytirish imkonini beradi va yiliga oʻrtacha 208 kW·soat elektr energiyasini tejaydi.
Shuningdek, konditsioner 58°C haroratda ichki qismlarni yuvish va quritish imkonini beruvchi oʻz-oʻzini tozalash tizimi bilan jihozlangan. Bu mogʻor va bakteriyalar koʻpayishining oldini oladi. Qurilma tashqaridagi -35°C dan +60°C gacha boʻlgan ekstremal haroratlarda ham barqaror ishlashga moʻljallangan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!