TikTok qanday qilib “super ilova”ga aylanmoqda

TikTok bugungi kunda shunchaki ijtimoiy tarmoq giganti boʻlishdan toʻxtab, keng qamrovli ekotizimga aylanib bormoqda. Video platforma oʻz ichiga TikTok Shop, mahalliy qidiruv xaritalari, oʻyinlar va boshqa koʻplab funksiyalarni qoʻshib kelayotgan edi. Endilikda kompaniya mehmonxonalarni band qilish xizmatini yoʻlga qoʻydi va fintech litsenziyasini olishga kirishdi. Bu qadamlar TikTok’ning Xitoydagi WeChat kabi barcha raqamli ehtiyojlarni bir joyda jamlovchi “super ilova”ga aylanish strategiyasini anglatadi. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Yaqinda AQSHda ishga tushirilgan TikTok GO xizmati foydalanuvchilarga mehmonxonalar va turistik maskanlarni bevosita ilova ichida topish hamda band qilish imkonini beradi. Ilgari foydalanuvchilar qiziqarli joylarni koʻrib, boshqa saytlarga oʻtishga majbur boʻlgan boʻlsa, endi TikTok barcha jarayonni oʻzida jamlamoqda. Bu esa platformani nafaqat ijtimoiy tarmoq, balki Google Search va Google Maps kabi xizmatlarning jiddiy raqobatchisiga aylantirmoqda.
Bundan tashqari, TikTok moliya bozoriga ham faol kirib bormoqda. Reuters xabariga koʻra, kompaniya Braziliya markaziy bankiga toʻlov xizmatlari va kreditlash faoliyati bilan shugʻullanuvchi texnologik kompaniya sifatida ishlash uchun ariza topshirgan. Kutilayotgan litsenziyalar foydalanuvchilarga pul saqlash, oʻtkazmalarni amalga oshirish va hatto kredit olish imkoniyatini taqdim etadi.
TikTok’ning ushbu transformatsiyasi foydalanuvchilarning ilova ichida oʻtkazadigan vaqtini koʻpaytirish va yangi daromad manbalarini yaratishga qaratilgan. Kompaniya shunchaki koʻngilochar kontent platformasi boʻlishdan chiqib, elektron tijorat, turizm va moliya sohalarini birlashtirgan yagona raqamli manzilga aylanishni maqsad qilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!