Xiaomi rekord darajadagi 100 dan ortiq smartfon modeli uchun batareya almashtirish dasturini eʻlon qildi

Xiaomi kompaniyasi smartfonlarning xizmat muddatini uzaytirish maqsadida eskirgan akkumulyatorlarni yangilash dasturini kengaytirishda davom etmoqda. Hozirgi vaqtda ushbu dastur Xiaomi va Redmi brendlarining 101 ta modelini qamrab oldi, bu esa bunday loyihalar tarixidagi eng yirik koʻrsatkichdir. Xitoyda original batareyalar narxi taxminan 7 dollardan boshlanmoqda. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Dastur Xiaomi va Redmi smartfonlarining keng koʻlamli klassik modellarini, jumladan Xiaomi 10, Xiaomi 11, Xiaomi 12, Xiaomi 13, Xiaomi 15 seriyalarini, shuningdek, Redmi K30 dan Redmi K80 gacha boʻlgan barcha ommabop seriyalarni oʻz ichiga oladi. Asosiy takliflardan biri sifatida foydalanuvchilarga akkumulyatorni almashtirish uchun 20 foizlik chegirma taqdim etilmoqda.
Smartfonlardan tashqari, kompaniya noutbuklarni tozalash xizmati uchun 50 foiz chegirma hamda maishiy texnikalar — konditsionerlar, kir yuvish mashinalari va oshxona havo soʻrgichlariga xizmat koʻrsatish uchun qatʻiy belgilangan narxlarni taklif qilmoqda. Xiaomi vakillarining taʻkidlashicha, quvvat sigʻimining pasayishi normal jarayon boʻlib, qurilmaning barqaror ishlashi uchun batareyani oʻz vaqtida almashtirish tavsiya etiladi.
Qizigʻi shundaki, yangi akkumulyatorlar baʻzi modellarda sigʻimning oshishiga ham xizmat qiladi. Masalan, Xiaomi 13, Xiaomi 13 Pro va Xiaomi 13 Ultra modellarida batareya almashtirilgandan soʻng, ularning sigʻimi mos ravishda 4850, 5361 va 5500 mA/soatgacha koʻtarilishi maʻlum qilingan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!