date

Janubiy Koreyaning Unastella startapi raketa loyihalari uchun 24 mln dollar jalb qildi

Janubiy Koreyaning Unastella startapi raketa loyihalari uchun 24 mln dollar jalb qildi

SpaceX tarixdagi eng yirik IPOga tayyorgarlik koʻrayotgan bir paytda, yangi avlod raketa tashuvchilarini yaratish poygasi yanada qizgʻin tus olmoqda. Avstraliya, Hindiston, Yaponiya va Janubiy Koreya startaplari uzoq vaqt davomida AQSH va Xitoy hukmronlik qilgan ushbu bozorda oʻz oʻrnini egallashga intilmoqda. Toʻrt yillik tarixga ega Janubiy Koreyaning Unastella startapi B seriyasidagi investitsiya raundida 24 million dollar jalb qildi va umumiy moliyalashtirish miqdorini 44 million dollarga yetkazdi. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.

Seulda joylashgan ushbu kompaniya oʻzining raketa tashuvchilari va dvigatellarini ishlab chiqmoqda. Unastella asoschisi va bosh direktori Jae Park TechCrunch nashriga bergan intervyusida, kompaniyaning asosiy maqsadi kichik sunʼiy yoʻldoshlarni uchirish xizmatlarini yoʻlga qoʻyish ekanini taʼkidladi. Kompaniya 2025-yil may oyida Janubiy Koreya hududidan oʻzining Una Express-I raketasini muvaffaqiyatli uchirgan edi.

Unastella kerosin va suyuq kislorodli yonilgʻi tizimidan foydalanadi — bu SpaceX kompaniyasining Falcon seriyasida qoʻllaniladigan eng ishonchli usullardan biridir. Shuningdek, kompaniya anʼanaviy turbo nasos oʻrniga elektr motorli nasosdan foydalanmoqda. Bu texnologiya Rocket Lab tomonidan sinovdan oʻtkazilgan boʻlib, u arzonroq va soddaroqdir. Garchi elektr nasoslar ogʻirroq boʻlib, foydali yuk hajmini kamaytirsa-da, Jae Park bu qarorni bozorga tezroq chiqish strategiyasi bilan izohladi.

Kompaniya rahbari Jae Park oʻz faoliyatini Koreya aerokosmik tadqiqotlar instituti (KARI) tomonidan ishlab chiqilgan Nuri raketasi ustida ishlashdan boshlagan. Keyinchalik u Germaniya aerokosmik markazida Yevropa raketalari dvigatellari ustida tajriba orttirgan. Hozirda Unastella dizayn, ishlab chiqarish va parvoz maʼlumotlarini tahlil qilish kabi barcha jarayonlarni oʻz ichida amalga oshirmoqda.

Hozircha startap daromad keltirmayotgan boʻlsa-da, Altos Ventures, Korea Development Bank va boshqa investorlar uning kelajagiga ishonch bildirmoqda. Joriy yil oxiriga rejalashtirilgan UNA EXPRESS-II raketasining 100 kilometrlik balandlikka koʻtarilishi kompaniya uchun yangi hamkorlik eshiklarini ochishi kutilmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Texno » Janubiy Koreyaning Unastella startapi raketa loyihalari uchun 24 mln dollar jalb qildi