AQSH startapi tunda Quyosh nurini sotishni rejalashtirmoqda

AQSHning Reflect Orbital startapi tungi paytda Quyosh nurini Yerga yo‘naltirish imkonini beruvchi noodatiy loyihani amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Metro nashri xabariga ko‘ra, kompaniya joriy yilning o‘zidayoq orbitaga ulkan ko‘zguni olib chiqishni maqsad qilgan.
Ma’lum qilinishicha, loyiha AQSH hukumati tomonidan ma’qullangan. Rejaga ko‘ra, yaqin 10 yil ichida orbitaga o‘lchami 18×18 metr bo‘lgan 50 mingta maxsus ko‘zgu chiqariladi. Ushbu ko‘zgular Quyosh nurlarini tunda ham Yer yuzidagi belgilangan hududlarga aks ettirish imkonini beradi.
Loyihaning asosiy maqsadi — quyosh elektr stansiyalarining sutkaning 24 soati davomida energiya ishlab chiqarishini ta’minlash. Mutaxassislar bu texnologiya qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan samaraliroq foydalanishga yordam berishini ta’kidlashmoqda.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, bunday "kosmik yoritish" xizmatining narxi soatiga 5 ming AQSH dollarini tashkil etadi. Agar loyiha muvaffaqiyatli amalga oshsa, u energetika sohasida yangi bosqichni boshlab berishi va kelajakda boshqa yo‘nalishlarda ham qo‘llanilishi mumkin.






























Izohlar 0
…