Pacific Fusion termoyadroviy energetikada yangi rekord oʻrnatdi

Pacific Fusion kompaniyasi oʻzining yangi pulser moduli prototipini namoyish etdi. Ushbu qurilma bor-yoʻgʻi 80 nanosekund ichida 440 gigavatt quvvat hosil qilishga qodir. Mazkur muvaffaqiyat kompaniyaga oʻzining ilk namoyish termoyadroviy elektr stansiyasi qurilishini boshlash imkonini beradi. Qurilish ishlari joriy yilning yoz faslida start olishi kutilmoqda. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Kompaniya vakillarining TechCrunch nashriga maʻlum qilishicha, yuk konteyneri hajmidagi ushbu prototipning muvaffaqiyatli sinovlari 1 milliard dollardan ortiq boʻlgan Series A investitsiya raundining navbatdagi qismini faollashtirdi. Pacific Fusion hozirda dunyodagi eng koʻp moliyalashtirilgan termoyadroviy startaplardan biri hisoblanadi. Bunday moliyaviy model kompaniya rahbariyatiga doimiy sarmoya qidirishdan koʻra, butun eʻtiborni texnik yutuqlarga qaratish imkonini bermoqda.
Pacific Fusion inersial termoyadroviy sintez usulidan foydalanmoqda. Reaktor tarkibidagi 156 ta pulser moduli oʻta kuchli elektr energiyasini kichik yoqilgʻi nishoniga yoʻnaltiradi. Bu jarayon oʻchirgich oʻlchamidagi yoqilgʻi kapsulasi atrofida kuchli magnit maydonini hosil qilib, uni atomlar birlashguncha va ulkan energiya ajralib chiqquncha siqadi.
Hozirgi kunda inersial sintez — sarflanganidan koʻra koʻproq energiya olish imkonini bergan yagona usuldir. Avvalroq bunday natijaga faqat Lawrence Livermore National Laboratory qoshidagi NIF laboratoriyasida erishilgan edi. Biroq, NIF qimmatbaho lazerlardan foydalangan boʻlsa, Pacific Fusion arzonroq elektr kalitlari va kondensatorlar yordamida xarajatlarni kamaytirishni maqsad qilgan.
Kompaniyaning navbatdagi asosiy vazifasi — prototipni toʻliq hajmdagi pulser moduligacha kengaytirishdir. Pacific Fusion asoschilarining soʻzlariga koʻra, yangi stansiya oʻz faoliyati uchun sarflanadigan energiyadan koʻproq elektr ishlab chiqarishi kerak. Bu natija hali hech bir xususiy kompaniya tomonidan qayd etilmagan tarixiy yutuq boʻladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!