Yandex divanda oʻtirgan odamni ham aniqlaydigan aqlli datchikni taqdim etdi

Yandex kompaniyasi aqlli uy ekotizimini kengaytirib, yangi turdagi ishtirok datchigini (presence sensor) namoyish etdi. Kompaniya vakillarining tushuntirishicha, standart harakat datchiklaridan farqli oʻlaroq, ushbu qurilma nafaqat faollikni, balki xonadagi odamlarning aniq joylashuvini ham aniqlay oladi. Bu esa avtomatlashtirishning yanada murakkab va moslashuvchan ssenariylarini yaratish imkonini beradi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Qurilmaning ishlash asosi millimetrli diapazondagi radar sensoriga tayanadi. U toʻlqinlarning qaytishini tahlil qilish orqali boʻshliqni skanerlaydi, natijada inson harakatsiz holatda boʻlsa ham — masalan, kitob oʻqiyotgan yoki televizor koʻrayotgan boʻlsa ham — uning borligini qayd eta oladi. Datchik bir xonaning oʻzida uchta turli zonani kuzatish qobiliyatiga ega.
Mazkur funksiya yorugʻlik va iqlim nazoratini xonaning turli qismlari uchun alohida sozlash imkonini beradi. Masalan, chiroq faqat ish stoli atrofida odam boʻlgandagina yonishi yoki yotoqxonada inson karvotta yotganida harorat avtomatik ravishda pasayishi mumkin. Deteksiya zonalarini boshqarish «Дом с Алисой» ilovasi orqali amalga oshiriladi.
Datchikni shunday sozlash mumkinki, uyda hech kim boʻlmasligi kerak boʻlgan vaqtda begona shaxs aniqlansa, tizim smartfonga bildirishnoma yuboradi, qoʻngʻiroq qiladi yoki SMS yozadi. Yangi qurilma Matter over Wi-Fi standartini qoʻllab-quvvatlaydi, bu esa aqlli uyning lokal ssenariylarini internetsiz ham ishlashini taʼminlaydi.
Qurilmani devorga, shiftga yoki stol ustiga oʻrnatish mumkin. Uning koʻrish burchagi 120 darajani, taʼsir doirasi esa 8 metrgacha boʻlgan masofani tashkil etadi. Ushbu texnologiya aqlli uy tizimlarini yangi bosqichga olib chiqishi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!